Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

05.07.2019 y. Folbinga borish – og‘ir gunoh

02.07.2019   6688   12 min.
05.07.2019 y. Folbinga borish – og‘ir gunoh

Folbinga borish – og‘ir gunoh

الحَمْدُ للهِ الَّذِي حَرَّمَ السِّحْرَ وَأَذَلَّ السَّاحِرِين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي حَذَّرَ أُمَّتَهُ مِنَ الكَهَانَةِ وَالعَرَّافَةِ بِشَرَائِعِ هَذَا الدِّين وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْن، وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْن.

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda o‘zlarini turli xil jozibador nomlar bilan atab, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirish bilan shug‘ullanayotganlar hamda ularning nayrangiga uchayotganlar, afsuski, kundan-kunga ortib bormoqda. Bu imtihon dunyoda hayotning past-balandlariga bardosh qilmaydigan ba’zi imoni zaif kishilar turli xil vajlar bilan folbinlarga murojaat qilib, ularning bozorini rivojlanishiga sababchi bo‘lmoqdalar.  

Shuning uchun ham “folbinlik”, “sehr-jodu” tushunchalari, shariatimizning unga bo‘lgan munosabatini o‘rganib chiqishimiz maqsadga muvofiqdir.

Ulamolardan Imom Bag‘aviy: “Folbin – turli ishlarning sabablarini bilishini, yo‘qolgan narsaning qayerda turganini, o‘g‘irlangan narsani kim o‘g‘irlagani kabi narsalarni bilishini da’vo qiluvchi shaxsdir”, – deydilar. Vaholanki, taqdirni bilish va kelajakda bo‘ladigan ishlarni yoki ularni o‘zgartirish faqatgina Allohning qo‘lida bo‘lib, hech bir zot Allohning yozgan taqdirini o‘zgartirishga qodir emas. Kelajakni ham, insonlar taqdirini ham faqat Alloh taolo bilishi, g‘ayb sirlaridan hech kim, farishtalar, jinlar, hatto do‘stlarini (valiylarni) ham xabardor etmagani haqida Qur’oni karimda ko‘p bora takrorlangan:

قُلْ لَا يَعْلَمُ مَنْ فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ الْغَيْبَ إِلَّا اللَّهُ

(سورة النمل/65)

ya’ni: “Ayting: “Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g‘aybni bilmas” (Naml surasi, 65-oyat).  

وَعِنْدَهُ مَفَاتِحُ الْغَيْبِ لَا يَعْلَمُهَا إِلَّا هُوَ وَيَعْلَمُ مَا فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَمَا تَسْقُطُ مِنْ وَرَقَةٍ إِلَّا يَعْلَمُهَا وَلَا حَبَّةٍ فِي ظُلُمَاتِ الْأَرْضِ وَلَا رَطْبٍ وَلَا يَابِسٍ إِلَّا فِي كِتَابٍ مُبِينٍ

(سورة الأنعام/59)

ya’ni: “G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir” (An’om surasi 59-oyati).

Boshqa bir oyatda Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomga shunday deyishlarini buyuradi:

قُلْ لَا أَمْلِكُ لِنَفْسِي نَفْعًا وَلَا ضَرًّا إِلَّا مَا شَاءَ اللَّهُ وَلَوْ كُنْتُ أَعْلَمُ الْغَيْبَ لَاسْتَكْثَرْتُ مِنَ الْخَيْرِ وَمَا مَسَّنِيَ السُّوءُ إِنْ أَنَا إِلَّا نَذِيرٌ وَبَشِيرٌ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ

 (سورة الأعراف/188)

ya’ni: “Ayting (ey, Muhammad!): Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi” (A’rof surasi, 188-oyat).

Demak, bu dunyoda biror kimga zarar yoki foyda keltirishga, ya’ni kelayotgan baloni qaytarish yoki kimnidir baxtli qilishga ular qodir bo‘lmaydilar. Oyatda Payg‘ambar alayhissalom ham oddiy bashar ekanlari, o‘zlari va boshqalarga foyda keltira olmasliklari, g‘ayb ilmini bilmasliklari ta’kidlanmoqda.

Folbinlarning ba’zi toifalari oyat va duolarni betahorat holda, xatolar bilan o‘qiydilar. Namozni ham betahorat o‘qish mumkin emasligini bila turib, namozni haqorat qilish maqsadida nopok o‘qiydilar. Chunki ular qanchalik ashaddiy fojirning amalini qilsa, shayton va jinlar ham ularga ko‘proq xizmatda bo‘lib, yanada tezroq uning buyurganlarini bajaradi.

Alloh taolo Qur’oni karimda:

هَلْ أُنَبِّئُكُمْ عَلَى مَنْ تَنَزَّلُ الشَّيَاطِينُ  تَنَزَّلُ عَلَى كُلِّ أَفَّاكٍ أَثِيمٍ  يُلْقُونَ السَّمْعَ وَأَكْثَرُهُمْ كَاذِبُونَ

(سورة الشعراء/221-223)

ya’ni: “(Ey, Muhammad! Ayting): «Men sizlarga shaytonlar (jinlar) kimlarga tushishi haqida xabar beraymi? Ular barcha bo‘htonchi, gunohga botgan (folchi-romchi, kohin)larga tushurlar. Eshitib olganlarini ularga tashlarlar. (Lekin) Ularning ko‘plari yolg‘onchilardir” (Shuaro, 221-223-oyat).

Folbinlarning qilayotgan ishlari yolg‘on va firibgarlikdan boshqa narsa emas. Bu haqida Oisha raziyallohu anho rivoyat qilib aytadilar:  

سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَنِ الْكُهَّانِ؟ فَقَالَ: لَيْسُوا بِشَيْءٍ فَقَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّهُمْ يُحَدِّثُونَ أَحْيَاناً بِالشَّيْءِ يَكُونُ حَقًّا؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: تِلْكَ الْكَلِمَةُ مِنَ الْحَقِّ يَخْطَفُهَا الْجِنِّيُّ فَيُقِرُّهَا فِي أُذُنِ وَلِيِّهِ، فَيُخْلِطُونَ فِيْهَا أَكْثَرَ مِنْ مِائَةِ كَذِبَةٍ

  (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها)

ya’ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so‘rashdi. Shunda U zot: “Ular hech kim emas”, – dedilar. Yo Rasululloh! Ularning aytgan gaplari gohida to‘g‘ri chiqadi? – deyishdi. Rasululloh: “Jinlar rost gapni o‘g‘irlab olib, folbinlarning qulog‘iga quyadi. Folbin esa, unga yuzta yolg‘onni qo‘shib gapiradi”, –  deb javob berdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Aytish joizki, bugungi kunda folbinlar va ularning yolg‘on kirdikorlariga aldanib qolayotganlar orasida ko‘pchilikni ayollar tashkil qiladi. Ular o‘zlarini “Ota-bobolarimiz: “Folga ishonma, folsiz yurma” degan”, deb aldashga urinadilar. Vaholanki, butun Islom olamiga dars bergan ajdodlarimizning birorta ham asarlarida bu kabi asossiz gaplar uchramaydi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ularga ergashish, ulardan najot kutish mo‘minlarning e’tiqodiga putur yetkazadi. Bu haqida Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar:

"لَيْسَ مِنَّا مَنْ تَطَيَّرَ ، أَوْ تُطِيَّرَ لَهُ أَوْ تَكَهَّنَ ، أَوْ تُكِهِّنَ لَهُ أَوْ سَحَرَ ، أَوْ سُحِرَ لَهُ ، وَمَنْ أَتَى كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صلى الله عليه وسلم"

(رَوَاهُ الإِمَامُ البَزَّارُ عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim qush bilan fol ochsa yoki qush bilan fol ochtirsa, kim kohinlik qilsa yoki kohinga murojaat qilsa, kim sehr kilsa yoki sehr qildirsa, u bizdan emas. Kim folbinga borib, uning aytganiga ishonsa, Muhammad sallalloxu alayhi vasallamga nozil qilingan narsaga kufr keltirgan bo‘ladi” (Imom Bazzor rivoyat qilgan).

Ba’zi tuppa-tuzuk kishilar xam “Ishonmaymiz-u, lekin shunday bo‘lsa xam bir borib qo‘yaveraylik-chi” deb, folbinlar huzuriga boraverishadi. Bu ish ham mutlaqo noto‘g‘ri. Mo‘min kishi shariatimizda qaytarilgan ishlardan uzoqda yurishi lozim. Folga ishonmay turib, folbinning huzuriga chora izlab borish hech bir sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ أَتَى كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ بَرِئَ مِمَّا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صلى الله عليه وسلم وَمَنْ أَتَاهُ غَيْرَ مُصَدِّقٍ لَهُ

لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلاَةُ أَرْبَعِيْنَ لَيْلَةً

(رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim folbinga borib, uning gapiga ishonsa, Muxammad sallalloxu alayxi vasallamga nozil bo‘lgan narsadan ajrabdi. Kim uning xuzuriga kelsa-yu, gapiga ishonmasa, qirq kecha namozi qabul bo‘lmaydi” (Imom Tobaroniy rivoyati).

Haqiqiy mo‘min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozining qabul bo‘lmay qolishi ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so‘rashning jazosidir. Uning aytganiga ishonadimi-yo‘qmi, buning farqi yo‘q. Ammo kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, imoniga putur yetgan bo‘lar ekan. Bundan Allohning O‘zi asrasin! Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ أَتَى كاهِناً فَسَأَلَهُ عَنْ شَيْءٍ حُجِبَتْ عَنْهُ التَّوْبَةُ أَرْبَعِينَ لَيْلَةً فَإِنْ صَدَّقَهُ بِمَا قالَ كَفَرَ

(رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عَنْ وَاثِلَةَ بْنِ الأَسْقَعِ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim folbinning huzuriga borib, undan biror narsani so‘rasa, qirq kechagacha tavbasi to‘siladi. Agar folbinning gapiga ishonsa, kofir bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Hozirgi paytda fol ochishning turlari son-sanoqsiz bo‘lib ketdi. Karta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo‘lning kaftiga qarab turib, suratga qarab va hokazo... Bularning hammasi kufr ishlardir.

Sehr, folbinlik, ilgirlik kabi amaliyot bilan shug‘ullanishning har qanday turi harom hisoblanib, uni o‘rganish, o‘rgatish va shug‘ullanish qat’iyan taqiqlangan. Alloma Ibn Qudoma rahimahulloh: “Ilm ahli o‘rtasida ushbu hukm borasida xilof yo‘q”, deb ta’kidlagan. Payg‘ambar alayhissalom shunday marhamat qiladilar:

مَنْ عَقَدَ عُقْدَةً ثُمَّ نَفَثَ فِيهَا فَقَدْ سَحَرَ، وَمَنْ سَحَرَ فَقَدْ أَشْرَكَ

(رَوَاهُ الإِمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim tugun tugib, unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi” ( Imom Nasaiy rivoyati).

Hanafiy mazhabining muhaqqiq ulamolaridan biri Muhammad Amin Ibn Obidin rahimahulloh folbinlikning hukmi haqida batafsil to‘xtalib o‘tib, quyidagicha xulosa qiladi:

وَالْحَاصِلُ أَنَّ الْكَاهِنَ مَنْ يَدَّعِي مَعْرِفَةَ الْغَيْبِ بِأَسْبَابٍ وَهِيَ مُخْتَلِفَةٌ فَلِذَا انْقَسَمَ إلَى أَنْوَاعٍ مُتَعَدِّدَةٍ... وَالْكُلُّ مَذْمُومٌ شَرْعًا، مَحْكُومٌ عَلَيْهِمْ وَعَلَى مُصَدِّقِهِمْ بِالْكُفْرِ ، وَفِي الْبَزَّازِيَّةِ : يَكْفُرُ بِادِّعَاءِ عِلْمِ الْغَيْبِ وَبِإِتْيَانِ الْكَاهِنِ وَتَصْدِيقِهِ ، وَفِي التَّتَارْخَانِيَّة : يَكْفُرُ بِقَوْلِهِ أَنَا أَعْلَمُ الْمَسْرُوقَاتِ أَوْ أَنَا أُخْبِرُ عَنْ إخْبَارِ الْجِنِّ إيَّايَ اهـ 

ya’ni: “Xulosa qilib aytganda, folbin – turli vositalar bilan g‘aybni bilishini da’vo qiladigan shaxsdir. Vositalarning turlariga qarab, ular ham har xil bo‘ladi... Shariatda ularning barchasi qoralangan. Folbinlar va ularni tasdiqlaganlarga “kofir” deya hukm qilingandir. “Bazzoziyya”da: “Kishi – g‘ayb ilmini da’vo qilishi bilan va folbinning oldiga borib, so‘zini tasdiqlashi bilan kofir bo‘ladi”, – deyilgan. “Tatarxoniyya”da: “Folbin “O‘g‘irlangan narsalarni bilaman” deyishi, “Jinlarning menga aytgan xabarlarini sizlarga yetkazaman” deyishi bilan kofir bo‘ladi”, – deyilgan” (“Raddul-muhtor”, 16-juz, 310-bet).

Bugungi kunimizda ham aynan sehr va folbinlik kabi illatlar tufayli odamlar orasida fitna paydo bo‘lib, er-xotin, aka-uka, opa-singil, qo‘ni-qo‘shni, ovsinlar o‘rtasida shubha, gumon aralashib, oqibatda qarindosh-urug‘, qo‘shnichilik rishtalariga putur yetmoqda.

Muhtaram jamoat! Hozirgi kunda munajjimlar bashoratiga qarab ish rejalashtiradigan, ularning bashoratlariga ishonib, o‘z hayot tarzini olib boradigan kishilarning borligi achinarli hol, albatta. Bu borada Ibn Abbos raziyallohu anhumodan shunday rivoyat qilinadi:

" مَنِ اقْتَبَسَ عِلْمًا مِنَ النُّجُومِ اقْتَبَسَ شُعْبَةً مِنَ السِّحْرِ زَادَ مَا زَادَ "

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُد وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَةْ وَالإِمَامُ أَحْمَدُ)

ya’niKim yulduzlar ilmining bir bo‘lagini o‘rgansa, u sehr ilmining bir bo‘lagini o‘rgangan bo‘ladi. Qancha (yulduzlar ilmini) ko‘p o‘rgansa, shuncha (sehr ilmini) ko‘p o‘rgangan bo‘ladi(Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Borliqda yuz berayotgan hodisalar, inson hayotidagi o‘zgarishlar yulduzlar almashuvi sababli emas, balki Allohning bandalariga bo‘lgan ilmi, hikmatiga ko‘ra bo‘ladi. Jurnal va gazetalarda chop etilayotgan munajjimlar bashoratiga murojaat qilib, unga ishonish kishining imoniga putur yetkazib qo‘yishi mumkin.

Alloh taolo O‘ziga bo‘lgan imonimizni mustahkam qilsin! Barchamizni turli fitna va ofatlardan O‘z panohida asrasin! O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarga tavfiq bersin!

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “Haj va umra – muborak ibodat” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fatvo berishga kim haqli

13.06.2025   4803   6 min.
Fatvo berishga kim haqli

Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.

Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.

Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.

Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.

Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.

Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.

Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.

Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.

Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.

Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.

Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.

Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.

Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.

Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!

Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.

Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!


Manba: "Ahli sunna" telegram kanali

MAQOLA