Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Ezgulik va ma'rifat kurashchisi

14.08.2023   914   26 min.
Ezgulik va ma'rifat kurashchisi

Joriy yil 27 iyun – Qurbon hayitining Arafa kunida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz ma'naviy-ma'rifiy muhiti uchun g'oyat muhim ahamiyatga molik farmonlarni imzoladi. Ularning birida O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf; ikkinchisida O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani to'g'risidagi xushxabar Islom olami ahli qalbida minnatdorlik tuyg'ularini uyg'otdi.

Muxtasar tarjimai holi. Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 1908 yili Toshkent shahrida, islom allomasi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon xonadonida tug'ilgan. 12 yoshida hofizi Qur'on bo'lib, Ko'kaldosh madrasasida hadis va fiqh ilmini  o'rgangan. 1943 yilda O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi tashkil etilgach, otasi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon rais, o'zi esa mas'ul kotib va O'zbekiston qozisi etib saylangan. 1947-1948 yillarda Qohiradagi Al-Azhar dorilfununida, so'ngra Makka va Madina shaharlarida tahsil olgan. 1948 yili mintaqa musulmonlari diniy boshqarmasi noibi, 1957 yilda otasining vafotidan so'ng  rais, muftiy etib saylanadi va umrining oxiriga qadar bu vazifada samarali mehnat qiladi. Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning rahbarligi davrida Qur'oni karim va boshqa diniy kitob-darsliklar chop etildi. Toshkent Islom ma'hadi ochildi, musulmonlar uchun jurnal, taqvim nashr etila boshladi. U sho'ro hukumatining “Hurmat belgisi”, “Halqlar do'stligi” ordenlaridan tashqari ikki marta birinchi darajali “Iordaniya yulduzi” ordeni, “Iordaniya yulduzi” ko'krak nishoni, birinchi darajali “Livan qoraqovuqi”ordeni, Marokkoning oliy darajali “Ulug' donishmand” ordeni, “Livan yulduzi” ordeni bilan taqdirlangan edi. 1982 yili vafot etgan, qabri Toshkentning Hasti Imom mavzesida.

Bu muhim hujjatlar ilmu ma'rifat bilan ziynatlanganda inson shaxsiyati mangulikka daxldor ekani misolidir. Alloh subhanahu va taolo Baqara surasining 30-oyatida marhamat qilganidek, “Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: “Men (odamni) er yuzida xalifa qilmoqchiman”. Mavlono Jaloliddin Rumiy esa Inson mavqei ilohiyligini ta'kidlagan. “Ayo, siz, jon chekib har lahza izlarsiz ilohiyni, Ani izlashga hojat yo'q, ilohiy – siz, ilohiy – siz”. Muqaddas Islom tug'ini baland ko'tarib, xalq ma'naviyati va ma'rifati yuksalishiga beqiyos ulush qo'shgan ikki ulug' o'zbek ulamosi hayoti va faoliyati beixtiyor Qur'oni Karim oyati, undan kelib chiqqan holda bitilgan Mavlononing beqiyos satrlarini eslatadi.

Yopiq mamlakat musulmonlarining dunyo bilan bog'lanib turishida g'oyat zakiy va nigohi olisni ilg'agan Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon olib borgan faoliyat, qalovini topsang qor yonadi deganlaridek,  musulmonlar boshini qovushtirgan edi. Uni tahlil va tadqiq etish, baholash, xalqimizni ulamo ulashgan nurdan bahramand etish uchun hali ko'plab ishlar qilinishi zarurligiga Prezident farmoni debocha sifatida keng yo'l ochib berdi. Islom ma'naviyati va ma'rifati shunday muhtasham hodisaki, har qanday ezgu g'oya va qarashlar, tinchlik-osoyishtalik, vatan ravnaqi, xalq farovonligi, ta'lim-tarbiya yo'lida qilinayotgan sa'y-harakatlarga ilohiy sifat ato etib, ruhiy jihatdan ozuqa, kuch-quvvat beradi. Farmondagi Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning  “g'oyat murakkab tarixiy sharoitda faoliyat ko'rsatib, mamlakatimiz va mintaqamizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g'oyalarini el-yurtimizga bezavol etkazish, buyuk ulamo va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini turli millatlar va elatlar orasida keng targ'ib etish borasidagi ko'p yillik ibratli faoliyati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo'lga qo'yish, o'zaro do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash ishlariga qo'shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan etuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ezgulik va ma'rifat, ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo'lidagi yuksak xizmatlari uchun” degan so'zlar ulamoning ziddiyatlarga to'liq murakkab hayot yo'lini, keng qamrovli faoliyatidan dalolat etadi.

Murakkab tarixiy sharoitda

Har bir kishini o'ylashga, mulohaza qilishga, taqqoslashga undaydi –  “g'oyat murakkab tarixiy sharoitda faoliyat ko'rsatib, mamlakatimiz va mintaqamizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish...” degan so'zlar. Haqiqatan ham, har bir shaxsga baho berishda u yashagan muhitdan kelib chiqish adolat mezonini belgilaydi. Aks holda, “yov qochgach, botir ko'payar” qabilida biryoqlama xulosalar ko'payadi. Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxonning sho'roviy mafkura hukmronligi paytidagi faoliyati olovga burkangan jang maydonidan o'tib orayotgan jangchini eslatadi. Kutilmagan tahdidlar, xavotirlar, chetdagidan ham ko'ra nishonni aniq olish imkoniga egaligini qo'ldan bermagan ichkaridagilar, ya'ni, o'zingnikilar. Tahdidli olovli maydondan boshini, jonini omon-eson olib o'tish jangchi qismatini belgilaydi. Ammo...payg'ambarlar, nabiylar, valiylar, yurt og'alari, ulamolar, olimlar, avliyolar qarshisida yanada kattaroq xavflar tahdid solib turadi. Ular Haq maydonidan so'zu amal birligi bilan imonlarini salomat olib o'tishlari lozim. Ikkisi ham kurash. Hayot uchun kurash. Elu yurt uchun kurash. Vatan uchun kurash. Ammo Haq yo'lidagi a'mollar hammavaqt ham qurol bilan amalga oshavermaydi.  Din vositasidagi ruhu ongini yuksaltirish, qalbini tozalash kurashi insoniyat kamolotini belgilaydi. Jaloliddin Rumiy lutf etganidek, komil insonda g'aflat bo'lmaydi – g'aflati zehn ilmini ato etadi; johilda hikmat bo'lmaydi – ilmi ham jaholatini fosh etadi. Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon komillik yo'lida mas'uliyatni zimmasiga olib, elu yurt qismati uchun kamarbasta bo'la olgan zot edi – bu kamarbastalik fursat chegaralarini tan olmaydi – bugungi kun, kelajak uchun ham barobardir.

Ayniqsa, mamlakatimizning yirik shaharlari nari tursin,  eng olis go'shalaridagi tuman markazlarida ham jome masjidlari faoliyat yuritayotgani, qishloq va aholi turarjoylarida bu borada etarlicha shart-sharoitlar yaratilgani va yaratilayotgan bugungi kunda u murakkab tarixiy sharoitning butun manzarasini tasavvur etmoq ibrat sifatida ahamiyat kasb etadi. Endilikdagi yurtimiz masjidlaridagi tartib-intizom, ozodalik, shinamlik, qulaylik boshqa ahli musulmonlar uchun ham namuna bo'lmoqda.  Haj va Umra ziyoratlari uchun davlat ahamiyati darajasida shu qadar katta ahamiyat qaratilyaptiki, bu amallarni bajarish uchun yo'l olayotgan  hamyurtlarimiz nufuzi oshib borayotganini ilgarilariga taqqoslab ham bo'lmaydi. Makka-yu mukarramadagi Ka'baga kiraverishda butun dunyo sarvari, payg'ambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassalom va u kishining amakilari Abu Lahabga tegishli hovli-joy hozirgacha saqlanib qolganini hoji hamyurtlarimiz yaxshi bilishadi. Ziyoratchilar payg'ambarimizning uy-joylari o'rnida kutubxona, Abu Lahabning uy-joyi hojatxona-tahoratxona ekanini; buning bejiz bo'lmaganini; Qur'oni Karimning “Masad” surasida keltirilgan Abu Lahabning qo'llari qurisin (halok bo'lsin)! Halok bo'ldi ham. Mol-mulki va topgan-tutgani (boyliklari) unga asqotmadi” oyatlarida payg'ambarimizga amakisi jabr o'tkazib qanday holga tushgani ifoda etiladi.

O'sha zamonlardan boshlangan bunday sinovli kurash keyin ham davom etavergan va hamisha Islom haq bo'lib chiqqan. Ayniqsa, o'tgan asrda jamiyatda dinsizlik hukmron bo'lganini takrorlashga hojat yo'q. 1943 yilda tashkil etilgan O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi faoliyat boshlaganida jamiyatda Abu Lahablar qabohati hukm surib kelar edi. Machit, madrasalar omborxona, ulamolar quvg'inda – ba'zilari zamon zayli bilan talabalar ateizmdan saboq berishi hollari ham uchrab turardi.  Dunyosi va obro'sidan ajralib qolishdan qo'rqqan, ularni saqlab qolish maqsadida dinga e'tiqod qilishdan bosh tortgan, qancha-qancha musulmonlarga  aziyat etkazgan Abu Lahab singari o'tkinchi tuzumning soxta butparstlarining qabohatlari – o'tgan asrning o'ttizinchi yillari qatag'onlari, doimiy tazyiqlarga qarshi o'z e'tiqodida mustahkam qoya kabi tura olgan  O'zbekistonning birinchi muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon yonida o'g'li Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon qozi rutbasida ish boshlab, kurashlarda toblana boshladi. Otasi farzandlari uning ishini davom ettirishini, Islom voizi bo'lib etishishi Allohdan tilardi. Bolalik chog'laridayoq otasi bergan Qur'on o'qish darslarida muqaddas oyatlarni yod olgan, Islom va uning Muqaddas Kitobiga muhabbati shakllangan Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon ota istagidagidagidan ham ziyoda ulamo bo'lib xalqqa tanildi. U minbarga chiqib va'z aytganida Qur'onu Karim va Hadisi sharifdan o'z o'rnida misollar keltirib tinglovchilarni bu dunyoning o'tkinchiligidan ogoh etgan holda ezgulik yo'lidan yurishga undar, ziyo nurini taratar, qalbidagi samimiyat ovoziga ko'char, shu tufayli har qanday odamni  o'ziga jalb eta olardi. “Musibatlarga sabr qilishlikning fazilatlari”, “Haqiqat va nohaqlik”, “Ramazoni sharif haqida”, “Makkai Mukarramaga qilingan haj safari haqida”, “Turkiyaga qilingan safar va ba'zi oyatlar tafsiri xususida”, “Mavludi sharif, Imom al-Qaffol ash-Shoshiy tarixi va “Fil” xususida”, “Fil” yili va uning Payg'ambarimizning tavalludlari bilan bog'liqligi xususida” kabi o'nlab va'zlarning har biri kengqamrovligi bilan katta bir asarga teng turadi. Ulamoning magnit tasmalariga saqlanib qolgan ibratli va'zlarini O'zbekiston televedeniyesi va radiosi orqali xalqimizga etkazib borilishi koni foyda hisoblanadi. Ayniqsa, zangori ekran orqali tunu kun  bir-birining takrori bo'lgan tuturiqsiz seriallar, mazmunsiz suyuq kuy-qo'shiqlar xalqimiz me'dasiga tegib, ko'nglini aynitar darajaga kelgan shu kunlarda bu juda muhimdir. Zero, o'zbek xalqining milliy ma'naviyati yuksak, tarixi takrorlanmasdir. Har jihatdan yangilanib borayotgan ijtimoiy hayot muhiti  chanqoqligi ma'naviy jihatdan shu zayilda qondirib borilsagina, ko'zda tutilgan rejalarning amalga oshishi yanayam shiddatli tus oladi – zero, nihol ham tomiri ko'zi kungay tomonga o'nglanib, toza erga ekiladiki, tezroq hosilidan bahramand etsin deb!

“Shayx Ziyovuddinxon  fatvo chiqarish bilan shug'ullangan yagona o'ziga xos rahbar edi. U Alloh ko'rsatmalariga muvofiq odamlarga foydali bo'lishini o'ylab ish ko'rardi”.

Doktor Muhammad al-HATIB,

Suriya Arab Respublikasi

1957 yilda otasi o'limidan so'ng Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlariga bosh bo'lib, mohir darg'a kabi ularni ezgulik manzillari tomon boshladi. Islom ma'rifati va ma'naviyatiga yuksak e'tibor qaratilayotgan bugungi kunlar uchun elka tutdi. Uning xizmati shunda. Unutilmasligi shunda.  Buni bizga eslatgan hujjatni ahli Islom, ahli ulamolar mamnunlik bilan qarshi olishgani, oqilona deb atashgani sababi ham shu. Buyuk zotlar bir burjni ko'rib qolganini echishadi. Shunday kunlar kelishini orzu qilgan ulug' ajdodlarimiz ruhlari shod bo'lishi yo'llarizni oydinlashtiradi. Imkoniyatlarimizni kengaytiradi. Ruhan baquvvat qiladi. Shunday kunlar kelishiga ishongan u zotlarning ruhlari xotirjam tortib Mangulikka evriladilar. “Olloh mo'minlarning Do'stidir. Ularni zulmatlardan nurga chiqaradi”. (“Baqara” surasidan).

Insonparvarlik mohiyati va ezgu g'oyalar

Shu tariqa, farmonning navbatdagi bandidagi “muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g'oyalarini el-yurtimizga bezavol etkazish” e'tirofi tufayli Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning samarali faoliyatining ko'zdan pana qirralariga yana bir qur nazar tashlash imkonini qo'lga kiritamiz. 

U kishini ko'rgan-bilganlarning shohidlik berishlaricha, Shayx hazratlari ma'raka-marosimlarda, to'y-hashamlarda ustlariga yopilgan sarupolarni, qo'llariga tutqazilgan tugun-dastavezlarni o'sha joyning o'zida kambag'allarga berib yuborishni odat qilgan ekanlar.

“Bir kuni men muftiy Ziyovuddinxon bilan mashhur Marokash sayyohi Ibn Battutaning Samarqand qovunlari, ularning o'ziga xos hidi, sersuvlpgi, katta hajmliligi haqidagi taassurotlari to'g'risida suhbatlashib qoldim.

 — Hozir ham shunday qovunlar navi saqlanganmi? — deb so'radim.

Isbot uchun Marokashga ketadigan kunim ul zot menga 20 kg keladngan qovun olib kelib, sumkamga soldilar.

- Mana shu qovunni Samarqand qovunlaridan in'om sifatida Ibn Battuta diyoriga olib keting, - dedilar.

Bizning sharafli do'stimiz Marokashda ko'plab yaqin do'stlar va tanishlar orttirgan ednlar, ular u kishida butun umri davomida haqiqat yo'lida og'ishmay qadam bosgan ajoyib shaxs, insonnnng namunasini yaqqol ko'rganlar. Muftiy Ziyovuddnnxon Marokash xalqi bilan qadimiy qon-qardoshlik iplarnnn bog'lab turishi haqida bir necha marta gapirganlar”.

Doktor Abdul Hodi at-TOZIY,

Marokash

Saxovat, muruvvat, oqibat, bag'rikenglik tuyg'ulari muqaddas Islom dinida hamisha ulug'lanib kelgan. Elu yurt manfaati yo'lida katta himmatlar ko'rsatgan Alisher Navoiy lutf etganidek, “Futuvvat barcha qilmakdir demak yo'q, Muruvvat barcha bermakdir emak yo'q”. O'tmishda G'arb dunyosini faxrlantirgan ritsarlik kabi, balki undan-da yuksakroq tarzda yurtimizda qadim-qadimdan javonmardlik-axiylik mavjud bo'lgani, shu tariqa  ularning katta-katta jamoalari qaror topib jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. XV asr Huroson va Movarounnahr madaniyatining rivojiga ulkan hissa qo'shgan, Qur'oni Karimni yoddan bilib unga to'rt kitobdan iborat sharh yozgan ilohiyotchi olim Husayn Voiz Koshifiyning  “Futuvvatnomai sultoniy” asarida o'zi eb, birovga ham edirganlar saxiy deb atalsa; o'zi emay birovga edirganni axiy deb atalishi aytib o'tiladi. Bunday tantilik, saxovatpeshalik har qanday jamiyatning gullab-yashnashiga yo'l ochishiga buyuk salaflari kabi Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari qat'iy amal qilgani tufayli Islom olamida katta obro'-e'tibor qozondi. U kishining “Agar xalq sizni hurmat qilishini, qilgan xatti-harakatlaringizdan Alloh rozi bo'lishini xohlasangiz, avval o'zingizni hurmat qiling, o'z qadr-qimmatingizni saqlay biling, xudojo'y bo'ling, xayrli ishlarni amalga oshiring, inson degan buyuk nomga dog' tushirmang. Noma'qul harakatlardan saqlaning. Halimlik musulmonni bezaydi”, degan so'zlariga amal qilish, ayniqsa, global ommaviy madaniyat dunyoni o'rgimchak to'ridek qamrab olayotganida biz avlodlari uchun qalqon vazifasini o'taydi.

“Men yurtimga musulmon bo'lib qaytardim”

Endi “buyuk ulamo va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini turli millatlar va elatlar orasida keng targ'ib etish borasidagi ko'p yillik ibratli faoliyati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo'lga qo'yish, o'zaro do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlash” degan so'zlarni o'qir ekanmiz, ezgu ish hech qachon zavol bilmasligi xayolimizdan o'tadi. Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon Jahon Tinchlik Kengashi a'zosi (Hel'sinki), Sovet Tinchlik Qo'mitasi hay'at a'zosi (Moskva), Osiyo va Afrika xalqlari birdamlik tashkiloti hay'at a'zosi (Moskva, Qoxira), Do'stlik va madiniy aloqalar Sovet jamiyati hay'at a'zosi (Moskva) hamda shu tashkilotlarning O'zbekistondagi bo'limlariga hay'at a'zosi etib saylangan. Masjidlar bo'yicha Oliy Kengash (Makka), Jahon Islom Kongressi (Karachi), Islom ishlari bo'yicha Jahon Oliy Kengashi (Qohira) va Islom tamaddunini o'rganish bo'yicha Iordaniya Qirollik Akademiyasi a'zosi bo'lgan. U kishi sovet davlatini jahondagi 80 ga yaqin Islom va arab mamlakatlari bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalar o'rnatilishida ahamiyatli o'rin tutgan. Chunki Islom olamida unga ishonishardi. O'z navbatida Haq yo'lidagi ulamo Islom olamining doimiy e'tiborida edi. Ateizmga asoslangan botil mafkura shakllangan sho'ro jamiyatida unga zarar-zahmat etkazib qo'yilishi mumkinligidan xavotir olishardi. Ammo Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon bu qiyin sharoitda yuksak salohiyat, bag'rikenglik, donishmandlik tufayli changalzor so'qmog'ida yo'l topgan yo'lovchi singari o'tkinchi mafkuralar maydonida muqaddas dinimiz ma'naviyati va ma'rifati uchun qo'lidan kelgan barcha harakatlarni qilar edi.

O'sha paytlarda dunyonining ikki – sotsialistik va kapitalistik qutblari orasida goh pinhoniy, goh oshkora tarzda doimiy kurash borardi. Kichik uchqundan katta alanga chiqib ketmasligi uchun jahon afkor ommasi talabidan kelib chiqib, dunyoning turli mamlakatlarida tez-tez xalqaro miqyosdagi tinchlik anjumanlari o'tkazib turilar, ularga O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari nomidan Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon faol qatnashardi. Uning nutqlari ajoyib edi – bir qaraganda oddiy, ammo mazmun-mohiyati imon-e'tiqod nurlari bilan yo'g'rilgan, qat'iyatli, o'ziga ishongan dovyurak notiqning dunyo ahliga murojaati bo'lib yangrardi. Muhokamalarda faol qatnashar, fikr-mulohazalari ko'pchilikka manzur bo'lganidan uning ishtirokisiz bunday anjumanlar fayzsiz tuyulardi.

Horijiy mamlakatlarning birida o'tkazilgan shunday anjumanlarning birida u oliy rutbadagi Patriarx bilan mehmonxonada hamxona bo'lib qoladi. Safar yakunlanishiga uch-to'rt kun qolganida Patriarx biroz betoblanib qoladi. Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon hamxonasiga shu qadar mehribonlik ko'rsatib, uni parvarishlay boshlaydiki, oyoqqa turib o'z yurtiga qaytib ketganidan so'ng Patriarx “Yana ikki-uch kun mehmonxonada shu odam bilan qolganimda, men yurtimga musulmon bo'lib qaytardim”, deya e'tirof etadi. Bunga ishonmoq kerak.

Musulmonlardan son jihatidan kamchilikni tashkil etuvchi xristianlar O'rta Osiyo va Qozog'istonda musulmonlarning mehr-muhabbatiga sazovor bo'lgani, o'zaro do'st bo'lib yashayotganliklarinn ko'rib hayratlandim. Bular haqida menga Toshkent Pravoslav Arxiyepiskopi va O'rta Osiyo Varfolameysi gapirib bergan edi, endi esa o'z ko'zim bilan ko'rdim. Bu ishlarnnng hammasini ajoyib do'stim muftpy Ziyovuddinxon amalga oshirganligi hech kimga sir emas edi”.

Mitropolit Kolomenskiy va Krutitskiy,

Rus' Pravoslav cherkovi muqaddas

Sinodi a'zosi

Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon va'zlarining birida bugungi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan shunday so'zlar bor: “Paygambarimiz (s. a.) musulmonlarning kelgusidagi avlodlariga, jumladan bizga ham murojaat qilib, janjal, adovat, nizolardan uzoq bo'ling, bu illatlar yaxshilikka olib kelmaydi. Musulmonlar — Allohning qullari — g'azablanishlari, dushmanlik qilishlari mumkin emas. Kimki bu dunyoda ko'nglida g'azab bilan yursa, bundan u faqat zarar ko'radi, gunohkor bo'ladi. Shuning uchun urush-janjal, xafagarchiliklarnn unuting. Shu bilan birga, men g'azabdor, dushmanlik qnlganlarni himoya qila olmayman. Tinchlik, xotirjamlikda, do'stlikda, hamjihatlikda yashang, bir-biringizga nisbatan kechirimli, sabr-toqatli, mehr-oqibatli bo'ling. Kimki uni xafa qilgan odamnn chin yurakdan kechira olsa, o'shanga jannatiy deb xushxabar beraman, kabi o'gitlarni ko'p marta aytganlar”.

Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat

Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxonning yopilgan masjidlarni ochish, buzilib yotganlarni ta'mirlash, diniy tadbirlarni o'tkazish, fuqarolarning haj safarlariga ruxsat olib, bo'lajak hojilarni unga tayyorlash va muqaddas qadamjolarning ziyoratini risoladagiday o'tishini ta'minlash masalalari bilan shaxsan shug'ullanganlarini unga zamondosh bo'lganlar yaxshi eslashadi va shu ma'noda farmondagi “jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash ishlariga qo'shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan etuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ezgulik va ma'rifat, ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo'lidagi yuksak xizmatlari uchun” degan so'zlar uning faoliyatiga xosligini chin dildan e'tirof etishadi.

“Biz, shayx Ziyovuddnnxonning shogirdlari ul zotning insonlarga nisbatan mehr-muhabbat, xalqlar o'rtasida do'stlik va hamkorlik o'rnatishga chorlovchi ilhombaxsh so'zlaridan bahramand bo'lganimiz bilan faxrlanamnz. Ustozimiz har birimizga inson hayotining takrorlanmas qadr-qimmatini saqlash, insonga g'amxo'rlik qilish, uning manfaatlarini himoya qilish hissini singdirganlar. Ul zot bizni yagona Islom diniga o'rgatib, dinni fojiaga olib keluvchi mazhabparastlikdan ehtiyot bo'lishga chaqirardilar. Bu keng qalbli murabbiy qo'lida bir sinfning o'zida ham sunniy talabalar, ham shia talabalari tahsil olardilar, lekin ularning hech qaysisi qanday mazhabga tegishli ekanligini xayoliga ham keltirmasdi”.

Shayxulislomi Olloshukur POShShOZODA, 

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi 

Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxonning o'quv-tarbiya masalalari e'tibori katta bo'lgan. Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” jome masjidining eski binosi uning boshchiligida barpo etilgan edi. O'sha davrlarda “Rakat” mahallasida yashovchi Mirjalil ota o'ziga tegishli bo'lgan bog'idan sakkiz sotix er ajratib, bu joyga masjid qurish uchun bergan. Shundan so'ng 1954 yil masjid tiklangan va o'z faoliyatini shu kunga qadar davom ettirib kelmoqda. Ulamoning qizi Muxlisa otasi bir kuni oq ro'molga o'ralgan g'isht olib kelib,  “Rakat” mahallasida yangi masjid qurish uchun Moskvadan ruxsat olib kelganini aytib, oq fotiha bering, deb so'raganini eslab yozadi. 97 yoshda uyda o'tirib qolgan Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon o'ng qo'lini g'isht ustiga qo'yib, “Bismillahir-rahmonir-rahim. Bunday muqaddas dargohlar yurtimizda ko'plab ochilib, musulmonlarga xizmat qilsin!”, deb yuzlariga fotiha tortgan ekan.  “Rakat” jome masjidining birinchi g'ishti o'sha ekan.

Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon Toshkentda Imom Buxoriy nomidagi Islom instituti tashkil etilishiga bevosita rahbarlik qildi.  Buxoroda Mir Arab madrasasi faoliyati qayta tiklanishi uchun jonbozlik ko'rsatdi. Muqaddas Islom an'analarini targ'ib va tashviq qilishdan tashqari ilmiy, adabiy faoliyat bilan shug'ullandi. Ibn Sinoning gigiyenaga oid kitobini o'zbek va rus tillariga o'girdi. “Diyorimizda islom va musulmonlar” asarida islom dinining tub mohiyati ochib berdi. Islom barcha zamon va xalklar uchun salohiyatli din ekanini, uning tamoyillari hamma yaxshi niyatli kishilarning orzu-umidlari bilan hamohangligini ko'rsatib berdi. Futuhiy taxallusi bilan she'rlar yozdi. U vafot etganida Salohiy, Chustiy, Habibiy kabi o'zbek shoirlari marsiyalar bitishgandi.

Sho'ro davlatida muqaddas Islom dinining qayta tiklanib, diniy kadrlar tayyorlash, xalqlar o'rtasida do'stlik aloqalarini o'rnatish yo'lida Shayx Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon katta ishlarni amalga oshirdi. Jahonda tinchlik uchun kurashdi. Uning xizmatlari bugungi kunda ardoqlanishi muqaddas Islom dinining yurtimizda yana o'z o'zaniga qaytgani shukronasidir.

Shoyim BO'TAYeV

(“Halq so'zi”).

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

ARAFA KUNGI ENG YAXSHI DUO

05.06.2025   6852   1 min.
ARAFA KUNGI ENG YAXSHI DUO

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Duoning eng yaxshisi arafa kunidagi duodir. Men va mendan oldingi Payg‘ambarlar aytgan so‘zning eng yaxshisi "Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr" deb aytishdir", deganlar.