O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Namangan viloyati, Pop tumani "Mulla O'ktam" jome masjidi imom-xatibi Mo'minjon domla Vahobovning padari buzrukvorlari Hamidjon hoji otaning vafotlari munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumni O'z mag'firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumning ahli oila, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Savol: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maqomi mahmudning egasi bo‘lsalar, unda nega azon aytilganidan keyin “Allohim, u zotni O‘zing va’da qilgan Maqomi mahmudga yetkazgin”, deb duo qilamiz? Bundan go‘yoki (Alloh saqlasin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Maqomi mahmud berilmagandek bo‘lib chiqmayaptimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bunday emas. “Maqomi mahmud” “Maqtalgan maqom” ma’nosida bo‘lib, aksariyat ulamolar nazdida “Maqomi mahmud”dan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyuk shafoatlari iroda qilingan. Bu izzat va karomatning eng oliy maqomi bo‘lib, u Odam avlodidan faqatgina ul muborak zotgagina nasib etgan, xolos.
Shuningdek, azon so‘ngida o‘qiladigan duoda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bizga Alloh taolodan u zot uchun “Maqomi mahmud”ni so‘rashni o‘rgatganlar. Bu maqomni Alloh taolo u zotga va’da qilgan.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom mazkur duoni qilish orqali u zotning shafoatlariga noil bo‘lishimizning xushxabarini ham berganlar. Albatta, U zot alayhissalomga “Maqomi mahmud” so‘rashimiz, bu maqom u zotga berilmaganligini anglatmaydi, chunki Alloh taoloning va’dasi amalga oshgan ish kabidir.
Shunday ekan, bizning azon duosida “Maqomi mahmud”ni Allohdan so‘rashimizning ma’nosi nima degan savolga ulamolar u zot bizning duoyimiz tufayli Maqomi mahmudga erishmaydilar, balki Alloh taolo u zotga bu maqomni aniq qilib qo‘ygan.
Biz bu duoni u zotning shafoatlariga noil bo‘lish uchun qilamiz. Bundan tashqari bunday duo qilishning ma’nosi yo “Maqomi mahmud”ning bardavom bo‘lishini, ya’ni u zotga berilgan maqtalgan maqomni davomli qilgin deb so‘rash ma’nosida yoki banda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlariga duo qilish orqali o‘z ehtiyojlarini Alloh taolodan so‘rashi mumkin ekanligiga ishoradir, deb javob berganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.