Bugun, 22 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent shahri Shayxontahur tumani “Eshon Boboxon” jome masjidining yangidan barpo etilayotgan binosiga birinchi g‘ishtni qo‘yib berish uchun tashrif buyurdilar.
Jome masjid poydevoriga tamal toshini qo‘yish jarayonida muftiy hazratlari ushbu masjid mo‘min-musulmonlar uchun ziyo va hidoyat tarqatuvchi, yoshlar ma’rifati yuksalishida hissa qo‘shadigan dargoh bo‘lishini tilab, quyidagi so‘zlarni bayon qildilar.
– Alloh taologa beadad shukronalar bo‘lsinki, yurtimizga O‘zning juda ham ulug‘ ne’matlarini berdi. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda islohotlar, o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Yangi masjidlar soni kun sayin ortib bormoqda. O‘tgan Ramazon oyida uchta masjid bunyod etildi, muborak oy yakunlanishi bilanoq yana bir masjidni ochilish marosimida o‘tkazdik. Mana bugun esa muftiylar sulolasining avvallari bo‘lmish – Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon nomlaridagi jome masjid tubdan qayta qurilishi uchun tamal toshini qo‘yishga jam bo‘lib turibmiz.
Eshon Boboxon hazratlari eng og‘ir davrlarda O‘zbekiston xalqi, uning tinchligi, odamlarning diniy sohada to‘g‘ri yo‘ldan borishlari uchun juda katta xizmat qilganlar. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, muftiy sifatida esa beshta davlat ulamolarini bir o‘zanga solib, mo‘min-musulmonlarning hamjihatligini ta’mishlaga erishganlar.
U kishi yurtimiz mo‘min-musulmonlari tomonidan katta ehtirom bilan eslanadigan ulug‘ allomadir. Ushbu silsila haqida gap ketganda, Eshon Boboxon hazratlari va u kishining farzandu arjumandlarining uzoq yillar davomida e’tiqod musaffoligi yo‘lidagi beqiyos xizmatlarini alohida e’tirof etish kerak.
Men, bugun o‘sha og‘ir damlarni eslar ekanman, ulamolarning mashaqqatli hayotlari, og‘ir mehnat faoliyatlari, o‘z o‘rnida ibratli hayot yo‘llarini yodga olib, bu juda katta matonat ekanini alohida ta’kidlayman. Aslida, ular faoliyat yuritgan damlarni eslash og‘ir, qanchadan-qancha qiyinchiliklar, o‘sha paytdagi Ittifoq rahbarlari bilan kelishib ishlash oson bo‘lmagan. Ana shunday murakkab davrda ular Diniy idorani ta’sis etishga erishdilar.
Shunday qiyin zamonlar haqida Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deb xabar berganlar: “Hali odamlarga shunday bir zamon ham keladiki, unda dinida sabr qiluvchi kishi huddi cho‘g‘ni changallab turgan odamga o‘xshaydi”, degan hadislarida diniy faoliyat ko‘rsatish o‘ta qiyin bo‘lgan vaqtlarda dinni huddi cho‘g‘ni ushlagandek tutib, keyingi avlodlar uchun ko‘prik vazifasini bajargan, mana shunday jonkuyar ulamolarni nazarda tutgan bo‘lsalar, ajab emas.
O‘tgan kuni Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan din ulamolarining nufuzli anjumanida ham Eshon Boboxon hazratlari va u kishining xizmatlari ko‘p esga olindi. Chunki Eshon Boboxon hazratlaridan MDH davlatlari, xususan, Kavkaz musulmonlari yetakchilari doimo maslahat olib turganlar. Shuningdek, Sobiq Ittifoq davlatlarida muftiylik qilayotgan ulamolar yoki din peshvolari Buxoro yoki Toshkentdagi madrasalarda ta’lim olganlar.
Bir narsani aytishim kerakki, ushbu masjidga har safar kelganimda tor va kichik ekanini ko‘rib, ulug‘ olim nomiga munosib shaklda qayta bunyod etishni dilimga jo qilib yurardim. Allohning izni ila mana shu kunlarga ham yetib keldik. Ushbu mahalla ahlining sa’y-harakati, saxovapesha insonlarning himmati bilan mazkur masjid juda ham go‘zal shaklda qayta bunyod etish ishlari boshlandi. Insha Alloh ushbu masjid qurib bitkazilgandan keyin ham ochilish marosimida ishtirok etamiz.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi Abduhakim qori Matqulov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov muftiylar sulolasi va ushbu jome masjid to‘g‘risida so‘z yuritdilar.
“Eshon Boboxon” jome masjidi loyihasi o‘ziga xosligi, milliy hamda zamonaviy masjidlarning uslublarini o‘zida aks ettirganligi bilan ajralib turadi. Xonaqoh va pastki qism jami 3000 namozxonni sig‘dirishga mo‘ljallangan. Shuningdek, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o‘rin olishi rejalashtirilgan.
Tadbirda ulamolar, mahalla faollari, mo‘ysafid otaxonlar va keng jamoatchilik vakillari ham ishtirok etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda
Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.
Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.
Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.
Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.
Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.