Fosiqni gunohlardan qaytargan besh javob
Alloma Ibn Qudoma “Kitabut-tavvaabiyn”da yozadilar:
“Bir shaxs Hazrat Ibrohim bin Adham rahmatullohi alayhning huzurlariga kelib: “Ey, Abu Is'hoq! Men o‘zimga o‘zim juda ko‘p zulm qildim. Menga shunday gap aytingki, qalbga ta’sir qilsin va men gunohlardan voz kechayin”, dedi.
Hazrat: “Agar sen besh narsani qabul qilib olsang va ularga qodir bo‘lsang, u holda senga na biror gunoh zarar yetkaza oladi va na biror dunyoviy lazzat seni halok qila oladi”, dedilar.
U: “Ey, Abu Is'hoq! U besh narsa qaysilar?”, deb so‘radi.
Hazrat: “Agar sen Alloh taologa itoatsizlik qilmoqchi bo‘lsang, u holda Uning rizqini yema”, dedilar.
U: “Unda nima yeyayin? Yerdagi barcha narsalar aynan Uning rizqi emasmi?”, dedi.
Hazrat: “U holda sen aytchi, ham Uning rizqini yesang va ham Unga itoatsizlik qilsang, bu yaxshimi?”, dedilar.
U: “ Yo‘q, yaxshi emas”, deb javob berdi. Endi, siz ikkinchi narsani ayting.
Hazrat: “Agar sen Alloh taologa itoatsizlik qilmoqchi bo‘lsang, u holda Uning biror yerida yashama”, dedilar.
U: “Axir, bu avvalgisidan ham qiyinroq narsaku, mashriq va mag‘rib hamda ularning orasidagi barcha yer aynan Uniki bo‘lsa, u holda men qayerda yashay olaman?”, deb javob berdi.
Hazrat: “Sen, ham Uning rizqini yesang, ham aynan Uning yerida yashasang va ham Unga itoatsizlik qilsang, bu yaxshimi?”, dedilar.
U: “Uchinchi gapni ayting”, dedi.
Hazrat: “Agar Uning rizqini yeyishing va Uning yerida yashashingga qaramasdan, Unga itoatsizlik qilmoqchi bo‘lsang, u holda U ko‘rmaydigan shunday joyda qil”, dedilar.
U: “Ibrohim! Bu qanday mumkin. Axir, U barcha maxfiy va oshkor narsalarni biladi. Undan biror inson qanday yashirina oladi?”, dedi. Hazrat: “Sen, ham Uning rizqini yesang, ham Uning yerida yashasang va ham gunoh qilganingda U ko‘rib turgan bo‘lsa, bu yaxshimi?”, dedilar.
Endi, to‘rtinchi narsani ayting. Hazrat: “Qachonki, joningni olish uchun o‘lim farishtasi oldingga kelsa, sen chin tavba qilib olayin va biroz solih amal qilib olayin, menga birozgina muhlat ber desang. U senga muhlat beradimi?”, dedilar.
U: “Aslo yo‘q”, deb javob berdi.
Hazrat: “Sen o‘lim farishtasini ortga surib, tavba qilib olishga qodir bo‘lmasang va kelgan o‘limni ortga surishning iloji yo‘qligini bilsang, u holda qanday najot topish mumkin?”, dedilar.
U: “Beshinchi narsani ayting”, dedi.
Hazrat: “Qiyomat kuni do‘zax farishtalari seni do‘zaxga olib ketish uchun kelganlarida, sen ular bilan ketishni inkor qila olasanmi?”, dedilar.
U: “Yo‘q, ular meni tark qilmaydilar, mening biror uzrimni qabul qilmaydilar”, dedi.
Hazrat: “Undoq bo‘lsa, qanday qilib najot topishni umid qilasan?”, dedilar.
U: “Ibrohim! Bas, bu va’z va nasihat men uchun kifoyadir. Men Alloh taologa chin tavba qilaman va mag‘firat so‘rayman”, dedi. Keyin hazratning suhbat va hamrohliklarini ixtiyor qildi. Qolgan butun umrini hazrat bilan birga Alloh taologa ibodat va riyozatda o‘tkazdi. Faqat o‘limgina ularni ayirdi.
Toshkent shahar “Hazrati Ali” jome masjidi imom noibi
Abdulqayyum G‘ofurov tarjimasi
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.