Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bizga rizq beruvchi Zot Allohdir, lekin U rizqni to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘zimizga yoki quchog‘imizga tashlab qo‘ymaydi. Bizning vazifamiz — harakat qilish, Allohning ishi esa — muvaffaq qilish (tavfiq berish)dir.
«Uning (yerning) turli joylarida yuringlar va Uning rizqidan yenglar» (Mulk surasi, 15-oyat).
Hatto surunkali va og‘ir dardga chalingan Ayyub alayhissalomga ham Rabbisi shunday degan edi:
«Oyog‘ing bilan (yerni) tep! Mana bu cho‘miladigan muzdek suv va ichimlikdir» (Sod surasi, 42-oyat).
Hatto to‘lg‘oq azobida turgan Bibi Maryamga ham Alloh taolo:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit, u senga yangi pishgan xurmolarni to‘kadi», — dedi (Maryam surasi, 25-oyat).
Pok va Muqaddas Zot xurmoni uning quchog‘iga shunchaki tashlab qo‘ymadi. Balki eng qiyin lahzada — to‘lg‘oq azobida bo‘lishiga qaramay, unga:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit», — deb buyurdi.
Demak, harakat qilish va intilish — matlubdir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV