Bugun, 19 iyun kuni Avstriya davlatining poytaxti Vena shahrida Kavkaz musulmonlari idorasi, Germaniyadagi Ozarbayjon Respublikasi elchixonasi, Podshoh Abdulaziz nomidagi Madaniyat va dinlararo muloqot xalqaro markazi, Jenevaning inson xuquqlari va xalqaro muloqot markazi hamda Ozarbayjon sivilizatsiyalar va dinlararo yordam xalqaro markazi tomonidan tashkil etilgan “Dinlar va sivilizatsiyalararo hamkorlikdan umumbashariy birdamlik sari” nomli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
Anjumanda dunyoning barcha mamlakatlaridan kelgan taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, yetuk ekspertlar, davlat va din arboblari hamda turli konfessiya yetakchilari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov ham anjumani ishida faol qatnashmoqda. So‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor qator ezgu tashabbuslar ilgari surilganini alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, butun dunyo xalqlari turli muammolarga duch kelayotgan hozirgi murakkab sharoitda ilohiy dinlar peshvolari bir joyga jamlanib, yagona maqsad – yo‘lida hamkorlik qilishlari har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur anjumanda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan delegatsiya vakillari bir majlisda jam bo‘lib, muhim masalalarni mashvarat qilishlari, albatta, o‘zining ijobiy natijalarini beradi, insha Alloh.
Ushbu nufuzli anjumanda so‘zga chiqqan notiqlar turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro birdamlik, hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro ahillikka erishish, turli ixtilof va firqachilikka barham berish hamda umumbashariy birdamlikni ta’minlash kerakligi borasida so‘z qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi