Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi. Alloh taolo esa eng g‘ayratli-rashklidir” (“Ramuz al-ahodis” 230/12, roviylar hazrati Abu Hurayra, Jobir ibn Abdulloh, Sahl ibn Sa’d, Ibn Mas’ud), deganlar.
Mo‘min kishi, insonlarning eng sharaflisi va eng a’losidir. Himmat va g‘ayrati, hamiyat va rashki ham shu nisbatda kuchlidir.
Mo‘min kishi g‘ayrat mahalida g‘ayratlidir. G‘ayrati Haqning g‘ayrat sifatiga muvofiqligi tufayli mo‘minning bu sifati Allohga va uning rahmatiga yaqinlashtirur. Bu yaqinlikka ilm (varosat) maqomi deyiladi. Bu g‘ayratga erishgan ulug‘lar orasida mazkur maqom bilan bog‘liq ko‘plab voqealar sodir bo‘lgan. Shu sababdan, erkaklarning o‘z ayollariga va mahramlariga bo‘lgan rashki, dinimizning qoidalariga muvofiqdir.
Islomning har bir amri behisob hikmatlarga asoslangan. Ushbu hikmatlarni bilmasligimiz sababli, dinimizning ko‘pgina amrlariga rioya qila olmayapmiz. Holbuki, ularning har biri, bizning foydamiz uchundir. Ko‘rmaysizmi, boshqalarning dalalariga ekin ekkanlar bilan mol egalari orasida qanday katta janjallar, to‘polonlar bo‘ladi, mahkama-qamoqqacha boradilar, bir qancha jinoyatlarga ham sabab bo‘ladilar. Iffat, albatta, bu bilan qiyoslanmaydi. Zino so¬dir etilganda ulug‘lardan biri qattiq darg‘azab bo‘lib, zinokorlarning darhol jazolanishini talab qilgan ekan. Bu g‘ayratning darajasini ko‘rsatadi. Zero, g‘ayrat din va imondandir.
Hazrati Umarul Foruq roziyallohu anhu davrlarida Iskandariya qamal qilinganida, hech g‘alaba muyassar bo‘lmadi. Natijada ahvolni hazrati Umarga arz qilishadi. Ul hazrat tekshirib, taftish qilib, lashkarning misvok ishlatmayotganini aniqlaydilar va darhol tuyalarga misvok yuklatib, ularga yuboradilar. Askarlar misvok ishlatgach, darhol hujumga o‘tishadi, misrliklar ham qarshilik ko‘rsatmay taslim bo‘lishadi. Sunnati saniyyani tark etish g‘alabani kechiktirgan bo‘lsa, sunnati saniyyaga mahkam amal qilish natijasida Islom lashkari tezda zafar qozongan. Janobi Haq butun ummati Muhammadni ilohiy amrlarga qatiy amal qiladigan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini mahkam tutadigan bandalaridan qilsin!
Shayx Muhammad Zohid Qo‘tquning
“Mo‘minning sifatlari” kitobidan
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD