O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan tez kunlarda yurtimizdagi qiroat ilmi olimlaridan eng mashhuri bo‘lgan Alijon qori Fayzulla Maxdum o‘g‘lining “Qur’on qalb shifosi” mavzusidagi turkum ma’rifiy suhbatlari muslim.uz saytida namoyish etiladi.
Ushbu ma’rifiy suhbatlarda qiroat va tajvid ilmining eng daqiq jihatlari, tajvid ilmining tarixi, u haqida yozilgan kitoblar, tajvid ilmida ijod qilgan ulamolar hamda yurtimizda ham bu ilmning rivoji, tajvid va qiroat ilmiga doir yozilgan kitoblar, shuningdek, bugungi kunda ushbu ilmga bo‘lgan e’tibor haqida so‘z yuritiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li 1976 yilda Jizzax viloyatida tavallud topgan. 1995 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Misr Arab Respublikasidagi Al-Azhar universitetiga o‘qishga yuborilgan. 1998 yil Al-Azhar universitetining E’dodiya (tayyorlov) bo‘limini, 2001 yilda esa Sanaviya (boshlang‘ich) bo‘limini tamomlagan.
2002–2007 yillarda Al-Azhar universitetining Shariat va Qonun kulliyotida ta’lim olgan. 2008 – 2012 yillarda Shayx Ahmad Iyso Al-Ma’soroviy nomidagi Ulumul Qur’on va qiroat ilmlariga xoslangan ilm dargohida tahsil olib, hozirda Al-Azhar universitetining 4-kurs talabasi hisoblanadi.
Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li Qur’oni karim va qiroat ilmidan tahsil olgan ustozlari professor Alloma Shayx Abbos Al-Misriy, Shayx Ali Shu’ayb Sharqoviy, Shayx Muhammad Imom Al-Shofiy, Shayx Ahmad Sayyid Qiliniy, Shayx Nabil bin Abdulqodir Al-Dog‘fali Al-Jazoiriy kabilar hisoblanadi.
Shuningdek, u tajvid ilmi matnlari bo‘yicha quyidagi ustozlardan ijozat olgan: Shayx Samiy Mahmud Shahaza Al-Fayyumi, Shayx Ahmad Sayyid Al-Qiliniy, Shayx Alloma Ali Muhammad Tavfiq Al-Nahhas kabilar.
Alijon qori dunyodagi mashhur qiroat allomalaridan Saudiya Arabistoni Jidda shahrida, hozirgi davrning Imom Jazariysi deb atalgan Alloma Shayx Ayman Rushdiy Suvayd, Madinai munavvarada Alloma Shayx Ustoz Muhammad Tamim Al-Zo‘biy, Misrning Jiza viloyatida Alloma Shayx Abdulfattah Al-Madkur va Qohira shahrida Alloma Shayx doktor Ali Muhammad Tavfiq Al-Nahhas kabi ulug‘ ustozlarga Qur’oni karimni tabarrukona o‘qib bergan.
Alijon qori bugungi kunda dunyoning ko‘plab qiroat ilmi ulamolari tomonidan e’tirof etilgan zabardast qorilardan biridir.
Alloh taboraka va taolo ushbu xayrli loyihani muvaffaqiyatli aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati