Yurtimizda barcha sohalar qatori diniy sohada ham ulkan islohotlar amalga oshirilib, muqaddas islom dinini o‘rganish, ajdodlar merosini qayta tiklash va ularni kelajak avlodlarga asl holicha yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash maqsadida yurtimizda diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, ularning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Hibbon, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Barokotiy, Ibrohim ibn Ma’qil Nasafiy va Abd ibn Humayd Keshiylar tomonidan katta hadis maktabiga asos solingan bo‘lib, ushbu ilmu ma’rifat va ziyo maskanlari hadis ilmi rivoji hamda dunyo ilm-fan taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan.
Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5416-son Farmoniga asosan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, tadqiq qilish orqali xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish va targ‘ib qilish maqsadida Hadis ilmi maktabini tashkil etilgan edi.
Davlat rahbarining joriy yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashriflari davomida Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etishga oid bergan topshiriqlari ijrosi maqsadida bo‘yicha bir qancha vazifalar amalga oshirildi. Jumladan, 2019 yil 23 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlis bayoni va Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Mazkur Yo‘l xaritasiga muvofiq Hadis ilmi maktabi abituriyentlarini yangi o‘quv yiliga qadar puxta tayyorlash, eng munosib abituriantlarni talabalikka kabul qilish maqsadida Toshkent islom institutida ikki haftalik tayyorlov kursi boshlandi.
Ushbu tayyorlov kursida arab tilini puxta o‘zlashtirgan hamda hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini bitirgan abituriyentlarga “Arab tili”, “Hadis istilohlari”, “Hadis sharhlari” fanlari bo‘yicha Toshkent islom institutining malakali o‘qituvchilari dars mashg‘ulotlarini olib borishadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati