Bugun, 18 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodaning taklifiga binoan Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun jo‘nab ketdilar.
Ushbu yirik anjuman Kavkaz musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Avstriyaning Federal hukumati hamkorligida tashkil etilgan. Unda Islom birdamligi va dinlararo muloqot mavzulari muhokama qilinadi. Ko‘plab davlat va din arboblari, taniqli ulamolar qatnashadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’lim sohasini yanada yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, o‘quv-me’yoriy va uslubiy jihatdan takomillashtirish, mavjud fanlarni, xususan ijtimoiy-gumanitar va fanlarni o‘qitish sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, o‘qituvchilar metodologiyasini mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Majlis davomida ta’lim muassasalari misolida amalga oshirilish lozim bo‘lgan masalalar o‘rtaga tashlanib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.