Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan Xalqaro press klubning navbatdagi yig‘ilishi "O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi: islohotlarning yangi bosqichi, muammolarning chuqur tahlili va tezkor yechimlar" mavzusiga bag‘ishlangan edi. Ushbu yig‘ilishda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va talabalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati a’zosi, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov ta’lim tizimiga bog‘liq bo‘lgan muammolar haqida munosabat bildirib quyidagi fikrlarni bildirdi: «Bu katta savolni berishdan avval, siz globalroq javob kutdingiz. Vaqtida Termiz shahri Termiziylar va ularning ilm-fani bilan dunyoni lol qoldirgan, dunyoga bo‘y cho‘zgan. Xuddi shunday Kesh, sohibqiron Amir Temur, u tuzgan davlat, davlatchilik, olimlarning faoliyati haqida gapirdingiz...
Masalaga bir misol bilan yondashsak, yaqinda universitet xalqaro bo‘limi boshlig‘i xabar berib qoldi, Termiz shahriga Pokiston va Hindistondan 70 nafarga yaqin allomalar kelishgan. Ular Termizning ulug‘ shahar ekani, bu yerliklar muqaddas zaminda yashashini aytishdi. Biroq ulamolar xalqning yuziga, ko‘ziga boqqanida qalbda ilm sustligini ko‘rishganini aytishgan. Biz maqbarani chiroyli qilib qo‘ydik, qani al-Hakim at-Termiziy? Qani "Sunani Termiziy"ning keyingi tomlari? Aksariyat hollarda insonlar ko‘r-ko‘rona ziyoratini yo‘lga qo‘ydik. Yozav-chizuvning ko‘pligi, g‘iybat, g‘urbat hamda korrupsiya holatlari ko‘p bo‘lgan. Ustoz-shogirdlar va jamoa o‘rtasidagi xasad ilmiy salohiyatning tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Bunday ma’naviy hastaliklarning ko‘pligiga sabab nima? Men bitta sabab keltiraman.
Biz yuz yil davomida Oliy ta’limdan Islomni sug‘urib oldik. Halol bilan haromni sug‘urib oldik. Biz Hyoteni o‘rgatdik, lekin janoi Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislaridan keltirishga cho‘chidik» deya fikrini davom ettirdi Rektor.
"Biz Islom ma’rifatini faqat imomlar gapirsin dedik, dunyoviy ilm olganlar bu haqda gapirsa unga boshqacha qaradik".
Firklarning to‘liq shakli bilan videolavha orqali tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.