Parvardigorimizga shukurki, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik hamda muqaddas dinimiz, bebaho qadriyatlarimizni asrab avaylashga bo‘lgan davlat darajasidagi e’tibor sabab, masjidlarimiz ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Binolari eskirib, nurab qolgan masjidlar o‘rnida yangi masjidlar qad rostlamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi 120-son qaroriga muvofiq hududlarda faoliyat yuritayotgan masjidlarning eski binolarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra Respublika bo‘yicha 159 ta masjid to‘liq qaytadan quriladi.
Ana shu dasturga muvofiq “Siroj solih”, “To‘qmoq ota”, “Xo‘jakent”, “Sori eshon Abdali” masjidlarining qayta qurilishiga ilk g‘isht qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.
Kuni kecha Jizzax viloyati Forish tumanidagi "Yangiqishloq" jome masjidi binosi qurilishiga ilk tamal toshi qo‘yildi. Marosimda Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari E.Ismatov, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonali domla Jabborov va boshqa mutasaddilar, masjid jamoati ishtirok etdilar. Yig‘ilganlar xayrli duo, ezgu niyatlar bilan tabarrukona birinchi g‘ishtni qo‘yib berdilar. Masjid tez orada qad ko‘tarib, hudud aholisining diniy-ma’rifiy bilimlari, axloqi, ibodatlari uchun munavvar maskan bo‘lib xizmat qilishini tiladilar.
Alohida qayd etish lozimki, mazkur masjid Jizzax-Nurota-Navoiy katta yo‘li yoqasida joylashgan bo‘lib, ziyorat turizmi hamda mahalliy yo‘lovchilarning ibodatlarini ado etib olishlari uchun qulay nuqta hisoblanadi. Shu bois, olti sotixdan ortiq maydonda qurilayotgan yangi masjid 800 kishini sig‘dira oladigan katta xonaqoh, tahoratxona, ayollar uchun namozxona, qo‘shimcha ma’muriy xonalardan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan. Ahamiyatlisi, masjid hovlisida yordamchi xo‘jalik tashkil etilib, issiqxona barpo etish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.