Parvardigorimizga shukurki, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik hamda muqaddas dinimiz, bebaho qadriyatlarimizni asrab avaylashga bo‘lgan davlat darajasidagi e’tibor sabab, masjidlarimiz ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Binolari eskirib, nurab qolgan masjidlar o‘rnida yangi masjidlar qad rostlamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi 120-son qaroriga muvofiq hududlarda faoliyat yuritayotgan masjidlarning eski binolarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra Respublika bo‘yicha 159 ta masjid to‘liq qaytadan quriladi.
Ana shu dasturga muvofiq “Siroj solih”, “To‘qmoq ota”, “Xo‘jakent”, “Sori eshon Abdali” masjidlarining qayta qurilishiga ilk g‘isht qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.
Kuni kecha Jizzax viloyati Forish tumanidagi "Yangiqishloq" jome masjidi binosi qurilishiga ilk tamal toshi qo‘yildi. Marosimda Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari E.Ismatov, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonali domla Jabborov va boshqa mutasaddilar, masjid jamoati ishtirok etdilar. Yig‘ilganlar xayrli duo, ezgu niyatlar bilan tabarrukona birinchi g‘ishtni qo‘yib berdilar. Masjid tez orada qad ko‘tarib, hudud aholisining diniy-ma’rifiy bilimlari, axloqi, ibodatlari uchun munavvar maskan bo‘lib xizmat qilishini tiladilar.
Alohida qayd etish lozimki, mazkur masjid Jizzax-Nurota-Navoiy katta yo‘li yoqasida joylashgan bo‘lib, ziyorat turizmi hamda mahalliy yo‘lovchilarning ibodatlarini ado etib olishlari uchun qulay nuqta hisoblanadi. Shu bois, olti sotixdan ortiq maydonda qurilayotgan yangi masjid 800 kishini sig‘dira oladigan katta xonaqoh, tahoratxona, ayollar uchun namozxona, qo‘shimcha ma’muriy xonalardan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan. Ahamiyatlisi, masjid hovlisida yordamchi xo‘jalik tashkil etilib, issiqxona barpo etish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).
Boshqa oyatda bunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).
“Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuterxonalarda o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar.
Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.
Biz bilamizki, ilm Islom dinining asosi bo‘lib, bu din insoniyatni doimo ilmga targ‘ib qilib kelgan. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so‘ng, unga ismlarning barchasini ta’lim berdi.
Shu ilm bilan Alloh taolo Odamni farishtalardan ustun tarafini namoyish etdi. Qur’oni Karimning avvalgi nozil bo‘lgan oyati ham «O‘qing» degan so‘z bilan boshlangan. Ilm bilan inson yuqori martabalarga erishadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm egalarini maqtab shunday degan: «Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9-oyat).
Inson ikki narsa bilan komillikka erishadi.
1. Yuksalib boruvchi maqsad va intilish.
2. Qalb ko‘zini ochuvchi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilm.
Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala, 11-oyat).
Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu har safar shu oyatni o‘qisalar, «Ey, odamlar! Bu oyatni yaxshi anglanglar, u sizlarni ilmga targ‘ib qiladi», deb aytardilar.
Muoz ibn Jabal aytadilar: “Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish – Allohdan qo‘rqish, uni talab etish – ibodat, muzokarasi – tasbeh, uni izlash – jiddu-jahd, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish – Allohga qurbatdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istig‘for aytadi».
Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi maloikalar istig‘for aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.
Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Sulaymonga alayhissalom yo ilmni, yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».
Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».
Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin» (Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».
Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.
Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobe’inlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga bunday nasihat qilardilar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini kimdan ta’lim olayotganlarizga e’tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.
Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar’iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e’tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo‘lgan ulamolardan olinadi.
Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne’matidir”, deganlar.
Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida’t ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta’lim olgan narsasida bo‘ladi”.
Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma’rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin!
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.