بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَعَزَّ الْعِلْمَ وَذَمَّ الْجَهْلَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي رَغَّبَ أُمَّتَهُ عَلَى تَحْصِيْلِ الْعِلْمِ وَاجْتِنَابِ الْجَهَالَةِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ. أَمَّا بَعْـدُ:
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT – DINIMIZ SHIORI
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, jaholat va johillikning davosi – bir qancha bo‘lib, ulardan eng asosiysi – kitob o‘qishdir. Darhaqiqat, kitob o‘qish qalb chigalliklarini yozadi, ko‘ngilga huzur bag‘ishlaydi, jaholatga barham beradi, turli-tuman vasvasalarni kishi ongidan quvib chiqaradi. Kitob –hayotning qorong‘u yo‘llarini yoritib boruvchi chiroqdir! Ko‘p kitob o‘qiydigan inson hayotda ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q! Shuningdek, jaholatdan ko‘ra zararliroq narsa ham yo‘q!
Mashhur sahoba hazrati Ali karramallohu vajhahu shunday deganlar:
أَقَلُّ اَلنَّاسِ قِيمَةً أَقَلُّهُمْ عِلْماً
ya’ni: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”.
Ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Insonlar ilm orqali Parvardigorlarini taniydilar. Dunyo va oxiratlarini ilm bilan obod qiladilar.
Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborak rahmatullohi alayhdan: “Nima uchun namoz o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng biz bilan birga o‘tirmaysiz?”, – deb so‘radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o‘tirishga ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?”, – deb, hayron bo‘lib yana so‘radik. Shunda u zot: “Kitob o‘qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman. Sizlar bilan o‘tirib nima qilaman? Sizlar bekorchilikdan odamlarni g‘iybatini qilib o‘tirasizlar”, – deb javob berdilar”.
Hasan ibn Sahl rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Ma’mun uxlaganda atrofida kitoblari turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o‘qir, uyqudan uyg‘onib ketganida ham kitob o‘qir edi. U shunday deb ko‘p nasihat qilar edi:
اِسْتَعِنْ عَلَى وَحْشَةِ الْغُرْبَةِ بِقِرَاءَةِ الْكُتُبِ، فَإِنَّهَا أَلْسُنٌ نَاطِقَةٌ وَعُيُوْنٌ رَامِقَةٌ
ya’ni: “Yolg‘izlik g‘urbatini kitob o‘qish bilan yenggin. Zero, kitoblar so‘zlaguvchi tillar va tikilib turuvchi ko‘zlardir”.
Hasan Al-Lu’luiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Qirq yildirki, turganimda ham, uxlaganimda ham ko‘ksimdan kitob tushgan emas”.
Buyuk ajdodimiz Amir Temur ham: “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”, – deganlar.
Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud As-Sijistoniy kiyim tiktirganlarida yengini keng qilib tiktirar ekanlar. Chunki unga kitob solar ekanlar. U kishi ko‘p kitob o‘qishni yaxshi ko‘rar edilar. Qayerga bormasinlar, albatta o‘zlari bilan birga kitoblarini olib yurar, bo‘sh vaqt topildi deguncha yenglaridan kitoblarini olib o‘qir ekanlar.
O‘tgan mashhur ulamolardan Abul Faraj Ibn Javziy kitob mutolaasiga bo‘lgan muhabbati haqida shunday deydi: “Men o‘z holim haqida aytadigan bo‘lsam, kitob mutolaasidan hech to‘ymaganman. Agar o‘zim o‘qib ko‘rmagan biror kitobni ko‘rib qolsam, go‘yo xazinaning ichiga tushgandek bo‘lib qolardim. Agar men: “yigirma ming mujallad kitob o‘qib chiqqanman” desam ham, mubolag‘a qilgan bo‘lmayman, lekin kitob o‘qishda davom etyapman”.
Ulamolardan birlari: “Agar biz kitob o‘qishdan topayotgan lazzatni mulkdorlar bilsalar edi, uni bizdan tortib olishardi”, – der edi.
Donolarimiz: “Kitoblarni yoqib yuborish og‘ir jinoyat, biroq dunyoda undan-da og‘irroq jinoyat bor, u – kitob o‘qimaslik”, – deganlar.
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, dinimiz – ilm va ma’rifat dini. Ilm talab qilishni fazilati haqida ko‘plab oyat va hadislar mavjud. Jumladan:
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
"طَلَبُ العِلْمِ فَرِيْضَةٌ عَلَىْ كُلِّ مُسْلِمٍ"
(رواه الإِمَامُ ابن ماجه عن أنس بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Ilm izlash – har bir musulmonga farzdir” (Imom Ibn Moja rivoyati). Bu hadisi sharifni puxta o‘rgangan ulamolarimiz undan quyidagilarni chiqarganlar:
Ilm ikki qismga bo‘linadi: Farzi a’yn va farzi kifoya.
Farzi ayn. Har bir balog‘at yoshiga yetib, aqli raso bo‘lgan inson qaysi soha yoki kasb sohibi bo‘lsa ham, o‘z sohasining ilmini puxta o‘rganishi farzi ayndir. Shuningdek, har bir musulmon kishi zimmasiga farz bo‘lgan ibodatlarni shariatga muvofiq darajada bajarishi uchun zarur bo‘ladigan ilmlarni o‘rganishi ham farzi ayn bo‘ladi. Masalan, namoz ibodati ichida farz, vojib, sunnat, mustahab, harom va makruh amallari bor. Mana shu amallarni bir-biridan ajrata oladigan kishi namozni to‘g‘ri ado qiladi. Aks holda namoz o‘qish asnosida kamchilikka yo‘l qo‘yishi mumkin.
Shuningdek, masalan, kishi savdogar bo‘lsa, unga qachon oldi-sottisi shariatga muvofiq bo‘ladi va qachon muvofiq bo‘lmaydi kabi savdo-sotiqqa tegishli ilmlarni bilishi farz bo‘ladi. Agar kishi zimmasidagi farzi ayn bo‘lgan ilmlarni o‘rganmasa bajarayotgan ishi yoki ado etayotgan ibodati to‘g‘ri bo‘lmay, xatoga yo‘l qo‘yadi. Natijada gunohkor bo‘ladi.
Farzi kifoya. Musulmonlar jamiyatining ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan ilm – farzi kifoyadir. Musulmonlarning bir qismi uni o‘rganishi bilan boshqalarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Agar hech kim o‘rganmasa, hamma birdek gunohkor bo‘ladi.
Ulamolarning fikrlaricha, jamiyatda qaysi sohaga ehtiyoj sezilsa, o‘sha sohaga bo‘lgan ehtiyojni qondiradigan darajada ilmlarni o‘rganish farzi kifoya hisoblanadi. Agar jamiyatda bir sohada yoki biror fan bo‘yicha mutaxassis olim yetishmasa va bunga harakat qilinmasa, shu jamiyat odamlarining barchasi gunohkor bo‘ladilar. Sababi – har bir sohada mutaxassislar bo‘lishi shart.
Kishi jaholatdan qutilish maqsadida ilm talab qilishi uchun albatta yosh bo‘lishi shart emas, balki qaysi yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar, ilmli bo‘lishga harakat qilish kerak. Chunki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"مَنْ جَاءَ اَجَلُهُ وَهُوَ يَطْلُبُ الْعِلْمَ لَقِيَ اللهَ تَعَالَى وَلَمْ يَكُنْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّبِيِّيْنَ اِلَّا دَرَجَةُ النُّبُوَّةِ"
(رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عن ابن عباس رضي الله عنه)
ya’ni: “Kimning ajali ilm talab qilayotgan vaqtida yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payg‘ambarlar o‘rtasini faqat payg‘ambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Muhtaram azizlar! Ilmsizlik va jaholat – jamiyatimizning eng katta dushmani, ayni paytda jamiyat uchun – katta ofatdir. Islom dini ilm-marifatga targ‘ib etib, olamni nurga to‘ldirishidan oldingi davrni bejizga johiliyat davri deb atalmagan. Yillab davom etadigan urushlar, qon to‘kishlar, boy-badavlat kishilar tomonidan faqiru muhtojlarning mudom ezilishi, sudxo‘rlik, zinokorlik, haromxo‘rlikning avjiga chiqishi, budparastlik, otashparastlikning muqaddaslashtirilishi ayni johiliyat davrining eng ko‘zga ko‘ringan jihatlari edi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ana shunday hayot kechirayotgan kishilarni ilmu ma’rifat bilan bir ota-onadan tug‘ilgan birodarlardek ahil va inoq kishilarga aylanishlariga sabab bo‘ldilar. Natijada, ilm-fan va madaniyatda butun dunyoga o‘rnak va ustoz bo‘ladigan avlodlar yetishib chiqdi. Xususan, Movarounnahrdan yetishib chiqqan ilm-fanning barcha sohasida peshqadam bo‘lgan ulug‘ allomalar hozirgi zamon avlodlari bo‘lmish – bizlarning faxru iftixorimiz sanaladilar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunimizda ham ilm-marifatni qo‘yib, jaholat yo‘lini tutgan kimsalar ham yo‘q emas. Ma’rifat dini bo‘lmish Islom dinidan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanayotgan kuchlar ilmsiz yoshlarni yo‘ldan urib, jaholat girdobiga tortayotgani sir emas. Minglab yoshlar turli oqimlarning ta’siriga tushib, ana shunday jaholat qurboniga aylangani ham barchaga ma’lum. Shuning uchun yoshlarni ilm olishga undash, kitob o‘qishga targ‘ib etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan bo‘lib qolmoqda.
Ayni paytda farzandlarimiz ta’tilda. Farzandlarni tarbiyasiga birinchi navbatda mas’ul shaxs esa – ota hisoblanadi. Shunday ekan, farzandlarimizni ham kitob o‘qishga o‘rgataylik. Ularni bo‘sh vaqtlarini kitob o‘qish, ilm-ma’rifat hosil qilish va kasb-hunar o‘rganish kabi foydali ishlar bilan mashg‘ul qilish – biz, ota-onalar, zimmamizda ekanini zinhor unutmaylik!
Alloh taolo yurtimizning tinchligi va farovonligini, xalqimizning ilm va ma’rifatini bundanda ziyoda aylasin! Barchamizni o‘qimishli va kitobsevar insonlardan bo‘lishimizni nasib etsin! Omin!
ILOVA: Giyohvandlikdan saqlanaylik
Muhtaram jamoat! Bugungi kunda dunyoda bir qancha global muammolar yuzaga chiqdi. Shulardan biri – giyohvandlikdir. Hozirda butun dunyo hamjamiyati tomonidan 26 iyun – “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” deb belgilangani ham bejiz emas. Zero, giyohvandlik – insoniyat umri zavolidir. Uni iste’mol qilish insonning diniga, aqliga, xulqiga, tabiatiga zarar bo‘ladi. Tananing faoliyati susayib, qaramlik holati yuzaga keladi. Giyohvandlik inson fikrini o‘tmaslashtiradi, xotirani susaytiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu-hayoni ketkizadi, mehr-muhabbatni yo‘qotadi. Giyohvandlikka ruju qo‘ygan odam bora-bora oilasidan ham ajraladi. Chunki uni ko‘ziga na oilasi, na ota-onasi, na farzandlari ko‘rinadi. Molini ham, uyini ham va oxirida g‘ururini ham sotadi. Giyohvand kishilar o‘zini oridan, sha’n-hurmatidan, kasb-hunaridan ayriladi. Oilasi buziladi, farzandlari tirik yetimdek bo‘lib qoladi.
To‘rt mazhab ulamolari o‘zlarining fatvolarida giyohvandlikning harom ekani, uni halol sanaydigan kishi kofir bo‘lib qolishini qayta-qayta ta’kidlaydilar. Shuningdek, giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishning barcha turlari – ichish, hidlash, surtish va igna orqali qabul qilish kabilar mutlaqo haromdir. Giyohvand moddalarni iste’mol qilish, ishlab chikarish, ularning tijorati bilan shug‘ullanish va u orqali qilingan kasb ham haromdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni butun bashariyatga O‘zi tarafidan elchi qilib yuborishining qator sabablaridan biri – sifatida toza, pok narsalarning halolligi va nopok, zararli narsalarning haromligini ummatlariga bildirish ekanini shunday bayon etadi:
... يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ ...
(سورة الآعراف/157)
ya’ni: “... U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” (A’rof surasi, 157- oyat).
Shuning uchun inson sog‘lig‘ini ketishiga yoki uning halokatiga sabab bo‘luvchi vositalardan saqlanishi lozimdir. Hadisi sharifda shunday deyiladi:
" كُلُّ مُسْكِرٍ خَمْرٌ، وَكُلُّ خَمْرٍ حَرَامٌ"
رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُد وَالْإِمَامُ أَحْمَدُ
ya’ni: “Har bir mast qiluvchi narsa – xamrdir va har qanday xamr – haromdir” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).
Giyohvandlik kishini sekin-sekin, gohida esa tezda o‘limga olib boradi. Bu narsalarni iste’mol qilish bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi. Bu esa – gunohi kabiradir! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
لَعْنُ المُؤْمِنِ كَقَتْلِهِ وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنْيَا عُذِّبَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ
(رواه الإمام الدارامي عن ثابتِ بن الضَحَّاكِ رضي الله عنه)
ya’ni: “Mo‘minni la’natlash uni o‘ldirishga o‘xshaydi. Dunyoda kim o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azoblanadi” (Imom Doramiy rivoyati).
Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sunnatlari besh narsani muhofazasini maqsad qilgan bo‘lib, ular din, nafs (jon), mol, aql va nasldir. Shariat olimlari uni “Besh zarurat” deb nomlaganlar. Giyohvand moddalari shariat ko‘zda tutgan besh zaruratga bir vaqtni o‘zida birdek zarar keltiradi. U odamni dindan chiqaradi, nafsiga (joniga) zavol bo‘ladi, molini behudaga sovuradi, aqlini zaiflashtiradi va naslini yo‘q qiladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
"لاَ ضَرَرَ وَلاَ ضِرَارَ"
(رواه الإمام إبن ماجه عن أبي سعيدِ الخُدْرِي رضي الله عنه)
ya’ni: “O‘ziga ham, boshqalarga ham zarar yetkazish – yo‘qdir” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Muhtaram azizlar! Shubhasiz, ushbu jamoatda giyohvandlik kabi ofatga mubtalo bo‘lgan shaxs yo‘q. Odatda masjidga qatnab, ibodatlarini o‘z vaqtida ado etadigan insonlardan bunday shaxslar chiqmaydi. Lekin oramizdan hech kim “mahallamizda, tumanimizda giyohvanlikka mubtalo bo‘lgan shaxs yo‘q”, – deb aytolmaydi. Jamiyatdagi munkar ishni tuzatishga har bir musulmon inson – mas’uldir. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
"مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِه
وَذَالِكَ أَضْعَفُ الْإيْمَانِ"
(رواه الإمام مسلم عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)
ya’ni: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin. Ana o‘sha – imonning eng zaifidir” (Imom Muslim rivoyati)
Demak, ushbu hadisi sharifga binoan, giyohvandlikka qarshi kurash –hammamizning burchimizdir. O‘zini, oilasini, yaqinlarini butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir mo‘min-musulmon giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo‘lishi zarur. Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma’naviy barkamollik sari yo‘naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma suhbati “ISROFDAN SAQLANAYLIK” mavzusida bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.