Sevikli ayollarini xotirlab, vafo tariqasida uning yaqinlariga hadyalar yuborib turardilar.
Muhabbatlarini izhor qilish uchun ayollari og‘izlarini qo‘ygan joyiga muborak og‘izlarini qo‘yib suv ichardilar, taom yerdilar.
Ayollari bilan kechalari sayr qilib gaplashib yurardilar.
Muborak sochlarini tarash sharafini ayollariga qoldirardilar.
O‘ta sabrli, o‘ta halim er edilar. Hatto bir safar pokiza juftlaridan birlari kundoshi yuborgan, ichida taomi bor laganni rashk sababli bir urib sindirganlarida ham ul zoti bobarakot indamaganlar. Aksincha, yerga to‘kilgan taomni singan laganga yig‘ib, voqeani kuzatib turgan mehmonlarga «Onangiz rashk qildi, taomdan olinglar» deya tabassum qilganlar.
Ul zot juftlarining nozu karashmalariga chidar, erkaliklarini ko‘tarar, ular bilan mutoyiba qilishar, ularga lutfiy muomala qilib, o‘ynashar edilar.
Idishdagi taomdan bir necha luqma ayollarining og‘izlariga solib qo‘yardilar.
Uyda ayollariga go‘zal muomala qilib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarar, shodliklariga shodlik qo‘shar, qalb bisotlaridagi shirin so‘zlarini ularga ilinar, uy ishlarida qarashardilar.
Ul zot nafaqat odamlarning, balki Payg‘ambarlarning eng ulug‘i, odamlarga ham, oila a’zolariga ham eng yaxshi muomala qiluvchi, ularga eng ko‘p manfaat keltiruvchi edilar.
Ul zoti bobarakot eng mehribon ota, eng go‘zal er, eng buyuk murabbiy edilar.
Alloh taoloning ul zotga ko‘plab salovot va salomlari bo‘lsin!
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.