Navoiy viloyatidagi “Alisher Navoiy” masjidi hududida joylashgan O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi binosida ajrim yoqasiga kelib qolgan va oxirgi chora sifatida sud hukmiga havola qilingan oilalarni yarashtirish maqsadida “Yarashtiruv xonasi“ tashkil etildi. Bu yerda Yarashtiruv guruhi tashkil qilingan bo‘lib, bilimli, hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, muomala va murosoa qila oladigan imomlar va otinoyilar muammoga duch kelgan oilalar bilan suhbatlashadilar. Dinimiz ko‘rsatmasi, shariat yo‘rig‘ini tushuntiradilar. Isloh qilishga, sabrli bo‘lishga chaqirib, nasihat qiladilar.
“Yarashtiruv xonasi“ nima uchun aynan masjid hududida tanlangani haqida viloyat bosh otinoyisi Umida Xolova shunday deydi: “Allohning kalomi yangrayotgan bu muborak maskanga kelgan har bir inson bu yerda omonlik va sokinlikni his qiladi, ayniqsa qalblarni larzaga keltirib yangrayotgan “Azon” sadosi xar qanday inson qalbini yumshatib ilohiy bir tuyg‘uni qalbiga soladi. Aynan mana shunday ilohiy tuyg‘u bilan qancha-qancha oilalarimiz tiklanib go‘daklarimizni qalbi yana qayta ota–ona mehriga qonish baxtiga musharraf bo‘lib bormoqda. Bir oy mobaynida murojaat qilgan 100 foiz oilalardan 70 foizini yarashtirishga erishildi”.
Er-xotin orasini isloh qilish, oilalar tinchligini saqlab qolishdek ulug‘ ajrga sabab bo‘luvchi mazkur tashabbus jamiyatimiz farovonligi yo‘lida albatta o‘z samarsini beradi, inshaalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi