Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich kuyovlari

14.06.2019   9178   11 min.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich kuyovlari

Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich kuyovlari

Abul Os ibn Robi’

“Abul Os menga faqat rost gapirdi. Va’da berib, va’dasiga vafo qildi.”

(Rosululloh sollallohu alayhi vasallam)

     Abul Os ibn Robi’ Abshamiy[1] Qurayshiy barchaga birday manzur bo‘ladigan, juda ko‘rkam va navqiron yigit edi. Taqdir uni barcha na’matlar, shu jumladan oliy nasl nasab bilan ham siylagan edi. Shuning uchun u viqor, salobat, mardlik, vafo va ota bobolar merosini e’zozlashda arab yoshlariga namunaga aylandi.

     Abul Os tijoratga muhabbatni ikki safar, ya’ni qishki va yozgi rihlat sohiblari bo‘lgan Qurayshdan meros qilib oldi. Uning ulovlari Makkadan Shomga tinimsiz borib kelardi. Karvonida yuzta tuya ikki yuzta odam bor edi. Mahorati, rostgo‘yligi va omonatdorligidan yaxshi xabardor bo‘lganligi uchun odamlar mollarini o‘zinikiga qo‘shib tijorat qilishi uchun unga olib kelib berar edi.

     Xolasi, Muhammad ibn Abdullohning ayoli, Xadicha binti Huvaylid uni o‘z bolasidek yaxshi ko‘rar edi. Uni shunchalar yaxshi ko‘rganidan nafaqat qalbining to‘ridan, balki uyidan ham u uchun ma’lum joy ajratgan edi. Muhammad ibn Abdullohning ham Abul Osga muhabbati Xadicha binti Huvaylidnikidan kam emasdi.

     Muhammad ibn Abdullohning xonadonida kunlar juda tez o‘tib, katta qizlari Zaynab balog‘atga yetdi va muattar bo‘yli atirgul kabi go‘zal bo‘lib voyaga yetdi. Quraysh ulug‘laridan ko‘pchiligining o‘g‘li unga sovchi qo‘ydi. Aksi ham bo‘lishi mumkinmi ?!. Axir u Quraysh qizlarining nasl-nasab va odob-axloq jihatidan eng peshqadami edi. Ammo ularga yo‘l qayda ?! Ular bilan Zaynabning o‘rtasini Makkaning eng zabardast yigitlaridan biri Abul Os ibn Robi’ to‘sib turardi.

     Zayna binti Muhammad Abul Osga turmushga chiqqanidan sanoqli yillar o‘tib, Makka vodiylari ilohiy nur bilan munavvar bo‘ldi. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni hidoyat va haq din bilan  Payg‘ambar qilib jo‘natdi va yaqin qarindoshlarini ogohlantirishni amr etdi. Ayollardan u zotga birinchi iymon keltirganlar, ayoli Xadicha, qizlari Zaynab, Ruqayya, Ummu Gulsum va Fotima edi. Garchi o‘sha paylari Fotima onamiz hali juda yosh bo‘lsalarda. Lekin kuyovlari Abul Os qizlari Zaynabni juda yaxshi ko‘rib, e’zozlasada, ota-bobolarining dinidan voz kechishni hohlamadi.

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Quraysh o‘rtasida nizo kuchayib ketgach, ba’zisi ba’zisiga:  “Sho‘ringiz qurisin, qizlarini o‘g‘lingizga olib berish bilan Muhammadning tashvishini yengillatib qo‘ydingiz. Agar qizlarini qaytarib yuborsangiz, ular bilan mashg‘ul bo‘lib, sizni unitadi” dedi. Ular: Bu qanday ham yaxshi fikr deyishdi va Abul Osning oldiga borib: Ey Abul Os xotining bilan ajrashib, uyiga qaytarib yubor. Quraysh  ayollaridan hohlaganingni senga nikohlab beramiz deyishdi. U: Allohga qasamki, uning evaziga dunyoning barcha ayollarini taklif qilsangiz ham ayolimdan ajralmayman dedi. Biroq qizlari Ruqayya va Ummu Gulsum javobi berilib, uylariga olib kelib tashlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bundan xursand bo‘ldilar. Hatta Abul Os ham boshqa kuyovlari kabi ish tutishiin hohladilar. Ammo u ayolidan kechishga o‘zida kuch topa olmadi. Hali u payt muslima ayollarning mushriklarga nikohlanishi harom qilinmagan edi.

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilib, u yerda musulmonlar soni orta boshlagach, Quraysh u zot bilan urishish uchun Badrda saf tortdi. Abul Os ham majburan ular bilan chiqdi. Chunki uni musulmonlar bilan urishishga hohishi ham, ularga yomonlik qilish niyati ham yo‘q edi. Lekin qavmi orasidagi mavqe’i uni ular bilan safarga chiqishga undadi. Badr Qurayshning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Bir qismi o‘ldirildi, bir qismi asirga tushdi va yana bir qismi qochib qutildi. Asirga tushganlar orasida Zaynab binti Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eri Abul Os ham bor edi.

     Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam asirlarga o‘zlarini ozod etishlari uchun tovon puli belgiladilar. Uni asirning qavmi orasidagi mavqe’i va boyligidan kelib chiqib, ming dirhamdan to‘rt ming dirhamgacha qilib tayinladilar. Elchilar asirlarni ozod etish uchun Makka bilan Madinani orasida qatnay boshlashdi. Zaynab ham elchisini eri Abul Osni ozod qilish uchun tavon puli berib Madinaga jo‘natdi. Yuborgan mollari orasiga Abul Osga turmushga chiqayotganda onasi, Xadicha binti Xuvaylid sovg‘a qilgan taqinchoqni ham soldi. Tiqinchoqni ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlarini chuqur qayg‘udan bo‘lgan shaffof parda qopladi. Qizlariga juda achindilar va sahobalariga qarata: “Zaynab Abul Osni tavoniga mana bu molni jo‘natibdi. Agar asirini qo‘yib yuborib, molini qaytarib berishni hohlasangiz, shunday qiling” dedilar. Sahobalar: Ha, ey Allohning Rosuli, siz uchun shunday qilamiz deyishdi.

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abul Osni qo‘yib yuborishdan oldin, qizlari Zaynabni darhol Madinaga jo‘natib yuborishni shart qilib qo‘ydilar. Abul Os Makkaga yetib borishi bilan va’dasiga vafo  qilishga shoshildi. Xotiniga safarga tayorlanishni buyurib, otasining elchilari Makkadan uzoq bo‘lmagan joyda kutib turganini aytdi. Ayoli uchun ozuqa va ulovini tayyorlab, ukasi Amr Robi’ga uni birga olib borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning elchilarini qo‘liga topshirishni tayinladi. Amr bin Robi’ kamonini yelkasiga osib, o‘qdonini qo‘liga oldi va Zaynabni havdajga[2] o‘tqazib, kuppa-kunduzi, ochiqchasiga, Qurayshning ko‘z o‘ngida Makkadan chiqib keta boshadi. Buni ko‘rgan qavmni jahli chiqib ketdi va uzoqqa ketmasidan ularga yetib olib, Zaynabni qattiq qo‘rqitishdi. Shunda Amr kamonini tortib, o‘qdonini oldaga qo‘ydi va: Allohga qasamki, kim unga yaqinlashsa, ko‘ksiga o‘q joylayman dedi. U birorta o‘qi noto‘g‘ri ketmaydigan mergan edi. Shunda Abu Sufyon ibn Harb uning yoniga kelib: Ey birodarimning o‘g‘li, gaplashib olgunimizcha kamoningni tushirib tur, dedi. U kamonini tushirdi. Abu Sufyon: “Sen to‘g‘ri ish qilmayapsan... Zaynabni  ochiqchasiga, hammaning ko‘z o‘ngada olib chiqding. Hammaning ko‘zi sizda. Badrda mag‘lubiyatga uchraganimiz va otasi Muhammad bizga qanday zarar yetkezganini arablarning barchasi bilib bo‘ldi. Agar uning qizini hozirgiga o‘xshab, ochiqchasiga olib chiqib katsang, boshqa qabilalar bizni qo‘rqoqlikda ayblashadi va bizni obro‘siz, xor deb bilishadi. Uni olib ortingga qayt va bir necha kun erining uyida qoldir. Odamlar Quraysh uni qaytarganini gapira boshlagach, oramizdan yashirincha olib chiqib, otasiga jo‘natasan. Uni ushlab turishga hech qanday ehtiyojimiz yo‘q.” Dedi. Amr rozi bo‘ldi va Zaynabni olib Makkaga qaytdi. Oradan sanoqli kunlar o‘tib, uni Makkadan olib chiqdi akasi aytganday va otasining elchilarini qo‘liga topshirdi.

     Abul Os ayolidan ajraganidan keyin Makkada ancha vaqt turdi. Makka fathidan ozgini oldin Shomga tijorat bilan chiqdi. Yuzta tuya, bir yuz yetmishta odami bilan Makkaga qaytayotganida Madinaga yaqin joyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘shinlaridan biri unga ro‘para kelib, karvonini odamlari bilan asirga oldi. Abul Os esa qochib ketdi. Tun tushgach, Abul Os zulumat qo‘ynida Madinaga yashirincha kirib oldi va Zaynabni oldiga borib undan boshpana so‘radi. Zaynab unga omonlik berdi.

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namoziga chiqdilar. Mehrobda turib endi takbiri tahrimani aytgan edilar, Zaynab ayollarning sufasiga chiqib, baland ovozda: “Ey insonlar, men Zaynab binti Muhammadman. Abul Osga omonlik berdim. Siz ham unga omonlik bering” dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam namozdan salom bergach, odamlarga qayrilib qaradilar va: Men eshitgan narsani sizlar ham eshitdingizmi ?! dedilar. Ular: Ha, ey Allohning Rasuli deyishdi. U zot: “Nafsim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, sizlar eshitgan narsani eshitmagunimcha bu gaplarning birortasidan ham bexabar edim. Musulmonlarning eng kichigi ham omonlik beradi” dedilar. So‘ngra uylariga kirdilar va qizlariga: Abul Osni hurmatini joyiga qo‘y. Ammo bilib qo‘y, sen unga halol bo‘lmaysan, dedilar. So‘ngra karvonni egallab, odamlarini asirga olgan qo‘shin odamlarni chaqirib ularga: Bu kishini bizga kim ekanini yaxshi bilasiz. Agar unga yaxshilik qilib, molini qaytarib bersangiz, bizni xursand qilgan bo‘lasiz. Ular: Moliin qaytarib beramiz ey Allohning Rosuli deyishdi. U molini olish uchun kelganida ular: “Ey Abul Os, albatta sen Qurayshning obro‘li odamisan. Shu bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakisining o‘g‘li va kuyovi bo‘lasan. Musulmon bo‘lmaysanmi, biz senga bu molning hammasini qaytarib beramiz. Makka ahlining mollarini olib qolib huzur-halovatda, biz bilan Madinada yashaysan deyishdi. U: meni naqadar yomon ishga, yangi dinimni xiyonat bilan boshlashga chaqirayapsiz!.” dedi.

     Abul Os karvon va undagi mollarni olib Makkaga qaytdi va barcha haqdorlarga haqqini ado qilib bo‘lgach: “Ey Quraysh jamoasi, orangizda mendan molini olmagan biror kishi qoldimi ?” deb so‘radi. Ular: Yo‘q, Alloh seni yaxshilik bilan mukofotlasin. Seni vafodor, ulug‘ kishi ekaningga yana bir bor amin bo‘ldik deyishdi. U: “Haqlaringizni ado qilib bo‘ldim. Mana endi, Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad Allohning Rasuli deb guvohlik beraman... Allohga qasamki, Madinada Muhammadning huzurida musulmon bo‘lishimdan, mollarimizni yeb ketishni iroda qilgan deb o‘ylashingiz to‘sgan edi. Mollaringizni qaytarib, zimmamdagi mas’uliyatdan qutilganimdan so‘ng musulmon bo‘ldim” dedi. So‘ngra chiqib Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jo‘nadi. U zot Abul Os ibn Robi’ni ehtirom bilan kutib oldilar va jufti haloli Zaynabni qaytarib berdilar va u haqida ko‘pincha: “Abul Os menga faqat rost gapirdi. Va’da berib, va’dasiga vafo qildi.” Der edilar.[3]

 

 

Manbalar asosida

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,

“Islom nuri” jome masjidi imom xatibi  A. Sobirov.

 

[1] Abdushshams qabilasiga mansub.

[2] Tuya ustiga o‘rnatilgan ayollar taxtiravoni. O Yusupov. An-na’im 872-bet.

[3] Doktor Abdurrohman Ra’fat. Suvarun min hayatis sahaba 388-395-betlar.

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Samarqand shayxul islomi

9.01.2025   3383   9 min.
Samarqand shayxul islomi

Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Samarqandda tavallud topgandir. Samarqand o‘zining ko‘p olimlari bilan mashhur bo‘lgan hamda Samarqand ahli ilmni yaxshi ko‘rgan. Bu ma’lumotlar Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyni “Al qand fiy ulamai Samarqand” asarida keltirilgan.

Abu Lays Samarqandiy boshlang‘ich ta’limni Samarqandda olgan. So‘ng ulamolarining ko‘pligi bilan mashhur bo‘lgan Balxga ketadi. Ilmni mustahkamlab Samarqandga qaytadi. Abu Lays nafaqat Samarqand va Balx ulamolari orasida ilmiy mavqega ega, balki Hanafiy ulamolarining orasida ham o‘z mavqega egadir. Bunga bir qancha misollar dalolat qiladi:

  1. Abu Lays Samarqandiyning kitoblari ustida ko‘plab ulamolar mashg‘ulotlar, darslar va imlolar olib borgan. Masalan birgina “Uyunil masoil” kitobiga ko‘plab ulamolar sharhlar bitgan. Jumladan, Muhammad ibn Abdul Hamid as-Samarqandiy al-’ala ul-Olam, Muhammad ibn Umar ibn Arabiy al-Joriy. “Al-Muqaddimatu fis-solati” asariga Jabroil ibn Hasan ibn Usman al-Janjaviy 752-hijriy sanada, Mustafo ibn Zakariyo al-Qirmoniy 809-hijriy sanada, Hasan ibn Husayn at-Tuluniy 909-hijriy sanada, Lutfulloh an-Nasafiy al-Kaydoniy 750-hijriy sanada va boshqa ulamolar sharhlar bitgan.[1]
  2. Musannafotlar sohiblarining mashhurligi va ularning ko‘pligi.
  3. Mazhab fuqaholaridan qilgan rivoyatlariga va qavllariga ko‘pchilik as'habul mutunlarning suyanishlari.
  4. Ba’zi muhim kitoblar bilan shug‘ullanishi. Misol uchun, Abu Hanifaning “al-Fiqhul-akbar” va Muhammad ibn al-Hasanning “al-Jomi’us-sag‘ir asarlariga sharhlar bitgan.
  5. Ta’lif qilgan ilmiy yo‘nalishlarini fiqh, tafsir, aqoid va mav’izalar bo‘yicha tartibga soldi.
  6. Mazhabda tarjih as'hobidan bo‘lishligi.
  7. Tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, xutbalar, zuhd bo‘yicha ko‘plab asarlar yaratgan buyuk alloma Samarqand shayxulislomi bo‘lganligi.

 U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod etgan alloma samarali meros qoldirgan. Uning “Bahr al-ulum” (“Ilmlar ummoni”), “Uyun al-masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”), “Tanbehul-g‘ofilin” (G‘ofillarga tanbehlar”), “Bo‘ston al-orifin” (“Oriflar bo‘stoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashrlar etilgan.

Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310 yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatadilar. Olimning kunyasi Abu Lays, ya’ni “Laysning otasi”. “Lays” lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. Kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilar edi, masalan: "Faqih Abu Lays aytdi" kabi. Laqablaridan biri “al-Faqih” bo‘lib, shu laqab bilan mashhur bo‘lgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi.  Faqih so‘zining
oldida arab tilidagi “al” artikli qo‘shilib, uni “al-Faqih” deb atalishi ham shunga ishoratdir.

Abu Laysning o‘zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko‘rar edi. Chunki, rivoyatlarga qaraganda, “Tanbehul g‘ofilin” kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo Faqih! Kitobingni ol!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih” degan nomni yaxshi ko‘rdi va u tufayli ko‘p barokatlarga noil bo‘ladi. Ikkinchi unvoni “Imomul-huda”. Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.

Abu Laysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining “Tabaqot al-Mufassirin” kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. “Javohir al-mo‘zi’a” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az-zunun” asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy vafot etgan deyilgan.

Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan. Abu Lays Samarqandiy Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko‘tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o‘z  davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko‘ra o‘z tadqiqotida allomani madrasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug‘aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin.  Abu Lays Samarqandiy ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo‘lgan shaharlar olimlarining ta’lim-tarbiyalari sezilarli bo‘lgan. Abu Lays Samarqandiy Balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o‘rganish orqali ularni o‘zining ustozi deb hisoblagan.

Abu Lays Samarqandiy shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy  mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida Abu Lays Samarqandiyning ikki yoki uch ustozi zikr etiladi xolos. Bunga sabab balki olimga ko‘proq tahsil bergan ustozini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan. Tadqiqot doirasida Abu Lays Samarqandiyning 24 ustozi aniqlandi. Tafsirida 20 ustozi, “Tanbih-l-g‘ofilin”da 4 ustozi zikr etilgan. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiliklarining silsilasi Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning ba’zilari haqidagi ma’lumotlar tarojum asarlarida zikr etilgan. Muhammad ibn Fazl Buxoro va Samarqandga kelgani va Samarqandda vafot etgani, Xalil ibn Ahmad Farg‘ona qozisi bo‘lgani va shu yerda yoki Samarqandda vafot etgani, Abu Ja’farning Buxoro va Samarqandga kelgani va Buxoroda vafot etgani haqidagi ma’lumotlar ularning Samarqand ilmiy muhiti bilan bog‘likligini ko‘rsatadi. Ular o‘z zamonlarining yetuk olimlari bo‘lib, Abu Lays Samarqandiyga ustozlik  qilganlar Abu Lays Samarqandiy tafsirining O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag‘ida shunday ma’lumot mavjud: “Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Hasiyriy “Hodiy Hasiyriy” asarining oxirgi qism ikkinchi – “Fatvo berishda ehtiyot qilish” nomli faslida  shunday yozadi: 258/872 sanada vafot  etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim. Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan.

“Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki’, Muhammad ibn Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko‘plab asarlari bor”.

Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma’lumotda Abul-Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn Fath haqidagi ma’lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko‘rsatilgan vafot yili ham hofiz Abul-Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi.  Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda  uchraydi.

Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko‘rsatilgan o‘rinlar ham mavjud. Faqih Abu Lays Samarqandiyning Muhammad Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o‘z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Vaki’, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko‘p keltirganligi sababli bu ma’lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o‘zining tafsirida Muhammad ibn Hasan “As-Siyar al-Kabir” asaridan ma’lumot keltiradi.

Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. “Bahr al-ulum” tafsirining kirish qismida u shahar haqida bunday deyiladi: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Bir shoir  bu yer haqida shunday degan edi:

Insonlar uchun oxiratda jannat bordur,
Bu dunyoning jannati Samarqanddur.

Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi, chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.

TII talabasi Mirzaqosim Saidmirzayev

[1] Tarixi at-turas al-arabiy. 1-jild, 3-juz, 107 va undan keyingi sahifalar.