Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvosiga asosan Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Bahouddin Naqshband” ziyoratgohidan eski daraxt bo‘laklarini olib boshqa joyga qo‘yilganiga nisbatan turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
2019 yil 7 may kunidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xatida keltirilgan “Daraxt va tosh kabilarni muqaddas deb bilishning shirkligi to‘g‘risida”gi fatvosiga asosan ushbu qurigan daraxt qoldiqlari ziyoratgoh hududidan olib qo‘yildi. Ba’zi insonlarning bilimsizligi sabab, ulkan gunoh ishga sabab bo‘layotgan eski, qurigan daraxt boshqa joyga olib qo‘yilganiga juda ko‘p ijobiy munosabatlar bildirildi. Lekin ayrim toifa kishilar to‘g‘ri maqsadda qilingan bu ishni noto‘g‘ri, deb yoyishga intilmoqdalar.
“Bahouddin Naqshband” ziyoratgohidagi qurigan daraxtni ayrim kishilar muqaddas sanab, tavof, duo va ibodat markaziga aylantirib, undan hojatlarini so‘rash kabi shirk amallar avj olgani sababli Diniy idora uni majmua maydonidan boshqa joyga olish haqida fatvo bergan. Zero, xalqimizda “Qurigan daraxt xosiyat keltirmaydi!”, dergan o‘lmas naql ham bor.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim manbalar iddao qilayotganidek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyati vakilligiga yuborilgan xatda eski daraxt qoldiqlarini yoqib yuborish kabi keskin harakatlarga undalmagan. Balki uni odamlar gavjum bo‘ladigan masjid yaqinidan, ziyoratgoh hududidan olib tashlash qayd etilgan. Shuningdek, ayrim noxolis manbalarda bo‘rttirib ko‘rsatilayotgandek, “ushbu tut daraxtining olib qo‘yilishi boshqa din vakillarining osori-atiqalarini ham yo‘q qilishga yetaklaydi”, degan mazmundagi gij-gijlovchi gaplar mutlaqo asossizdir. Islom doimo diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi, o‘zga din vakillariga hurmatda bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat, yurtimizda ziyorat turizmi rivojlanishi natijasida, musulmon mamlakatlaridan ham tashrif buyuruvchilar ko‘paydi. Ayniqsa, Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga Hindiston, Pokiston, Turkiya, Malayziya va Indoneziya kabi davlatlardan bir necha minglab tariqat namoyondalari ham kelmoqda. Ushbu ziyoratgohdagi daraxtning atrofini aylanib, undan madad so‘rayotgan fuqarolarimizni chet-ellik mehmonlar kuzatib, qattiq taajjubga tushishmoqda. Bunday holat musulmon sayyohlarda diyorimiz haqida bid’at-xurofotlar avj olgan joylar ekan, degan noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Xorijlik ziyoli sayyohlarning “Nahotki Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug‘ allomalarning vorislari mana shunday gunoh ishlarga qo‘l ursa?”, degan mazmundagi fikrlarga ham guvoh bo‘lingan.
Qayd etish lozimki, yaxshi va to‘g‘ri maqsadda qilingan xayrli ishlarga ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy tus berib, davlat va din munosabatlariga salbiy ta’sir etishga urinish yomon niyatli kimsalarning dushmanlik ishidir. Diniy idora O‘zbekiston Respublikasi huquqiy-demokratik davlat ekanini to‘la anglagan holda, ayrim noxolis manbalarning vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilish yo‘lidagi xatti-harakatlarini mutlaqo asossiz, jamiyatda diniy omil sababidan fitna chiqarish va yurt tinchligiga rahna solish ekanini ta’kidlaydi.
Shuning barobarida ijtimoiy tarmoq yurituvchilariga Alloh taboraka va taolodan rushdu hidoyat tilab, har qanday savobli ishda yaqindan hamkorlik qilishdan mamnun ekanimizni bildiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan