Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Mo‘minlarning 4 axloqi

10.06.2019   3364   7 min.
Mo‘minlarning 4 axloqi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin 

Mo‘minlarning 4 axloqi

Bir oyat tafsiri

«Parvardigor “yuzini” istab, sabr qilib, namozlarini barkamol ado etgan va Biz rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilgan hamda yomonlikka yaxshilik qaytaradigan zotlar, aynan o‘shalar uchun dunyo oqibati bordir. (U) abadiylik bog‘lari bo‘lib, (ular) u joylarga ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlaridan iborat solih (banda)lar bilan birga kirurlar. So‘ngra ularning huzurlariga har (bir) eshikdan farishtalar kirib (derlar): “Sabr qilib o‘tganlaringiz sababli sizlarga tinchlik bo‘lgay. Dunyo oqibati naqadar yaxshi!”» (Ra’d surasi, 22-24 – oyatlar). 

«Parvardigor “yuzini” istab, sabr qilib...». Ibn Abbos (roziyallohu anhumo): “Allohning buyruq va toatiga sabr qiluvchilar”, degan. Ato (roziyallohu anhu): “Musibat va ofatlarga sabr qilish”, deydi. Ba’zilar, shahvatlardan tiyilishda, boshqalar, esa gunohlardan uzoq bo‘lishda sabr qilish deyishgan (Tafsir al-Bag‘aviy).

Doktor Vahba Mustafo Zuhayliy (rahimahulloh): “Toat ibodatda, baloga uchraganda, gunohlardan tiyilishda xolis Alloh taoloning “yuzi” ya’ni roziligi uchun sabr qiladilar. Allohning qazo-qadariga rozi bo‘ladilar. Albatta, sabr irodani mustahkamlaydi. Nafsni shahvat va munkar ishlarga burilishidan tutib turadi”.

Abu Sulaymon Doroniy: “Eng mushkul, shu bilan birga eng qadrli narsa sabrdir. Uning ikki turi mavjud. Birinchisi: Alloh buyurgan amalni bajarish yo‘lida sabr. Ikkinchisi: Alloh taolo man qilgan va nafs istab turgan amaldan tiyilishda sabr, degan.

Imom Rabboniy: “Inson hayoti davomida duch keladigan barcha yaxshilik ham yomonlik ham Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Biz o‘z xohish – istaklarimizni Robbimizning irodasidan ustun qo‘ymasligimiz lozim. Nimaki sodir bo‘lsa, barchasi Alloh taolodan ekaniga iqror bo‘lish bilan bandalik yuzaga chiqadi. Ha, haqiqiy qul shunday bo‘ladi. U o‘z hojasining hoxishiga e’tiroz bildirmaydi”.

Abdulqodir Jiyloniy odamlarga yuzlanib bunday dedi: “Hech holingizdan nolimang! Hamisha cabrni lozim tuting, aslo Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lmang. Zero, holis Alloh taolo uchun qilingan sabr va bardosh albatta mukofotsiz qolmaydi. Ozgina sabr qilish, uzoq yillar uning rohatini ko‘rishga sabab bo‘ladi. Kimki o‘zining qat’iyligi bilan mashhur bo‘lsa, bilki u qilgan sabri bilan mashhur bo‘lgan”. 

“namozlarini barkamol ado etgan”. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: «“...namozlarini barkamol ado etgan...” besh vaqt namozni o‘z vaqtida, xushu-xuzu bilan ado etuvchilar».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Besh mahal namozingizni o‘qinglar, (Ramazon) ro‘zasini tutinglar, mollaringizning zakotini beringlar va ish boshingizga itoat etinglar Robbingizning jannatiga kirasiz” (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati), dedilar. 

“Biz rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilgan”.

Ibodatlarning eng afzali maxfiy qilinganidir. Chunki bunday amal riyodan uzoq bo‘ldi. Ammo toatni oshkor qilishdan odamlarga yaxshilikni targ‘ib qilish, ularga namuna bo‘lish niyat qilinsa bunday amal ham afzal hisoblanadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mahfiy qilingan ish oshkora qilingan ishdan afzal, agar oshkora qilingan ish unga ergashishlari uchun qilingan bo‘lsa, u afzaldir”, dedilar (Hakim Termiziy rivoyati).

Alloh taolo boshqa oyatda bunday marhamat qiladi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).

Demak, sadaqani oshkora bersa ham, maxfiy bersa ham yaxshi. Chunki Alloh taolo banda qilayotgan barcha ishlarni ko‘rib, bilib turadi. Muhimi niyat xolis Alloh uchun bo‘lsin. Zero, ulamolar: “Odamlar uchun amalni tark qilish riyo va odamlar uchun amal qilish shirk”, deyishgan. 

“...yomonlikka yaxshilik qaytaradigan zotlar...”. Haqorat, dilsiyohliklarga nisbatan yaxshilik bilan javob qaytaradilar, johillikka qarshi hilm, aziyatlarga esa sabr bilan javob beradilar. Alloh taolo boshqa oyatda bunday axloqli mo‘minlarni o‘zining sevimli bandalari sifatida madh etadi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 63-oyat).

Alloh taolo boshqa oyatda bunday buyuradi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf qiling! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur” (Fussilat surasi, 34-oyat).

Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qayerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomon amalingga yaxshisini ergashtir. Shunda yaxshisi yomonini o‘chirib yuboradi. Odamlar bilan yaxshi xulq ila muomalada bo‘l”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo yuqoridagi oyatlarda mo‘min bandalarining axloqini vasf etib, keyingi oyatda ular uchun tayyorlab qo‘yilgan mukofotlarning bashoratini beradi: “...aynan o‘shalar uchun dunyo oqibati bordir”. Dunyo oqibatidan murod ikki dunyo saodatidir. Bu dunyodagi baxt – tinchlik-omonlik, oxiratdagisi esa – jannat.

Oyat davomida Alloh taolo oliy mukofoti – jannatning vasfini keltiradi: (U) abadiylik bog‘lari bo‘lib, (ular) u joylarga ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlaridan iborat solih (banda)lar bilan birga kirurlar”.

Mo‘minlar jannatda abadiy qoladilar. Solih bandalar jannatga yolg‘iz holda emas, balki yaqinlari, ahli oilalari bilan birga kiradilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “U kunda na mol-dunyo va na farzandlar foyda bermas, Faqat Alloh huzuriga sog‘lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)(Shuaro surasi, 88-89 – oyatlar).

Jannatga kirish darvozalari oldida farishtalar mo‘minlarni qarshi olib: “Qilgan sabringiz mukofoti sifatida ustingizga Allohning rahmati yog‘ilsin, sizga mangu omonlik diyori – jannat bo‘lsin”, deydilar.

Ibn Abu Xotim (roziyallohu anhu) Abu Amoma (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shahidlarning qabrini ziyorat qildilar. Har bir qabr yoniga borib: “Sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay. Dunyo oqibati naqadar yaxshi!” oyatini tilovat qildilar.

Alloh taolo barchamizni O‘zi vasf qilgan bandalarining xulqi bilan xulqlanishimizga va ikki dunyo baxt-saodatiga erishimizga tavfiq ato etsin.

 

Abul Barakot Nasafiyning “Madoriku at-tanzil va haqoiqu at-ta’vil”,

Imom Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilatu ahlis-sunna” asari asosida

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Islomda yurtga muhabbat

10.01.2025   407   1 min.

 

Videolavhalar