Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

“Biroz sabr qilinglar, men bilan Havzi Kavsar oldida ko‘rishasizlar”

10.06.2019   3830   3 min.
“Biroz sabr qilinglar, men bilan Havzi Kavsar oldida ko‘rishasizlar”

Hunayn g‘azotida ba’zi ansorlar bir-birlari bilan ko‘rishib, “Alloh taolo Rasulini mag‘firat  qilsin! Odamlarga o‘ljadan berib, bizni tark etdilar. Vaholanki, qilichlarimizdan qon tomchilab turibdi” deya pichirlashdilar. Bu gap Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib keldi. Ansorlarning barchasini bir joyga to‘pladilar. Makka ahlidan uzoqroq joyga. Ansorlarga xitob qildilar. His-tuyg‘ular qorishgan, muloyimlik qorishgan, nafislik, noziklik qorishgan gaplarni aytdilar. Istardimki, har bir musulmon u zot alayhissalom aytgan ushbu gaplarni yodlab olsa. Allohga hamdu sano aytdilar. Keyin:

“Ey ansorlar jamoasi, sizlar tarafdan menga yetib kelgan gap, qanday gap?! Oldingizga kelganimda zalolatda edingiz, Alloh sizlarni men sababli hidoyat qilmadimi?! Tarqoq edingiz, Alloh men sababli sizlarni bir-biringizga ulfat qilmadimi?! Faqir edingiz, Alloh men sababli sizlarni boy qilmadimi?!” dedilar. Ular “Ha, Alloh va Rasuli marhamatli va afzaldir!” deyishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Menga javob qaytarmaysizlarmi, ey ansorlar jamoasi?” dedilar. Ular “Javob berdik, ey Rasululloh” deyishdi. “Ha, Alloh va Rasuli marhamatli va afzaldir!” deyishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Menga javob qaytarmaysizlarmi, ey ansorlar jamoasi?” derdilar. Ular “Javob berdik, ey Rasululloh” deb aytishardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, agar xohlasangiz: “Siz bizga yordamsiz holda keldingiz, biz sizga yordam berdik, yolg‘onchi qilingan holda keldingiz, biz sizni tasdiqladik, , faqir edingiz, sizga mol berib, boy qildik!” – deb aytishingiz mumkin, shunda to‘g‘ri aytgan bo‘lasizlar va sizlarni hech kim inkor etmaydi!” – dedilar.  Ansorlar bu gaplarni eshitib baland ovozda: “Yo‘q, barcha yaxshilik va marhamat Alloh tomonidan bo‘ldi!” – deb yuborishdi.

Rasululloh alayhissalom biroz to‘xtab, so‘zlarida davom etdilar: “Ey ansorlar, ey do‘stlarim! Men makkaliklarni Islomga kirsinlar, deya siylagan dunyoning arzimas matohini deb ko‘nglingiz og‘ridimi?! Sizlarga Islomingizni qoldirdim.

Ey ansorlar, u odamlar qo‘y va tuyalar bilan ketishlariga, o‘zlaringiz esa Alloh va Rasuli bilan uyga qaytishga rozi bo‘lmaysizlarmi?! Allohga qasamki, sizlar olib qaytayotgan narsa ular olib qaytayotgan narsadan yaxshiroqdir.

Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar hijrat bo‘lmaganida, men ansorlardan biri bo‘lar edim.

Odamlar ustki kiyimim bo‘lsalar, ansorlar tanamga tegib turadigan kiyimimdirlar.

Odamlar bir tomonga, ansorlar boshqa tomonga yursalar, men ansorlar tomonga yurgan bo‘lar edim.

Biroz sabr qilinglar, men bilan Havzi Kavsar oldida ko‘rishasizlar.

Allohim, ansorlarni, ansorlarning farzandlarini va farzandlarining farzandlarini ham o‘z rahmatingga olgin!”

Ansorlar bu muloyim, mehr to‘la, ajoyib so‘zlardan soqollari ho‘l bo‘lib ketguncha yig‘ladilar. Ushbu xutba va undagi gaplar har bir musulmon fahmlab, zehniga jo qilishi va tez-tez takrorlab turishi uchun qanchalar munosibdir! Chunki, bu orqali Sayyidimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning naqadar nafis va muloyimliklarini his etadi.  

 

Muhammad Sa’iyd Ramazon Butiy rahimahullohning mav’izasidan

Nozimjon Hoshimjon tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

13.06.2025   7360   2 min.
Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.

Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimis­tonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!

Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!

Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin  u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.

Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.

Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].

Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.

 Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy va Imom  Abu Dovud rivoyati.
[2]  Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).