Shayton insonning dushmanidir. U bandani Robbisiga ibodat qilishdan to'sadi. Buning uchun odam bolasini ertayu kech tinmasdan vasvasa qiladi. Qur'oni karimda bunday deyiladi: «U: “Sening izzating ila qasamki, men ularning barchasini ig'vo qilaman. Magar, ulardan xalos qilingan bandalaringgina (ig'voga uchmas)”, dedi» (Sod surasi, 82-83-oyatlar).
Sehrgar shaytonga bo'ysunishi va dindan chiqishi orqali sehr bilan shug'ullana oladi. Qur'oni karimda bunday deyiladi: «Ikkovlari hatto: “Biz fitna–sinov uchunmiz, kofir bo'lmagin”, demasdan oldin hech kimga o'rgatmasdilar» (Baqara surasi, 102-oyat).
Kimki dindan chiqar ekan, jahannamga tushadi. Natijada, shayton o'z maqsadiga erishadi. Chunki uning asl muddaosi – insonlarni butun olamlar Robbiga ibodat qilishdan to'sish, o'rtalariga tafriqa, fitna-fasod, ig'vo urug'larini sochish, oilalarni buzish va h.k. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ikkisidan er-xotinning o'rtasini buzadigan narsani o'rganar edilar” (Baqara surasi, 102-oyat).
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
#Sayyor_yig‘ilish
Shu yil 12 avgust kuni Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kun davomida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha masjidlar imom-xatiblari hojilar bilan birgalikda hududdagi mahallalarga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Tadbir doirasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar bilan ham yakkama-yakka suhbatlar olib borildi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashdir.
100 ta oilaga kirish 100 xil muammo va shuncha yechim degani.
Tadbir ishtirokchilari yana «Niyozmat ota» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati