Baraka – yaxshilikning ziyoda bo‘lishi, unib-o‘sishi, barqaror va davomli bo‘lishidir.
Baraka vaqtga tushsa, uni kengaytiradi, inson o‘sha vaqt ichida ko‘p ishlarni qilishga ulguradi.
Baraka jasadga tushsa, uni quvvatli qilib, ko‘p narsaga imkoniyati yetishiga sabab bo‘ladi.
Baraka farzandlarga tushsa, ularning solih, axloqli bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Baraka pulga tushsa, u pulning ko‘p narsalarga yetishiga sabab bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 23 yil ichida butparastlik, jaholatni yo‘qotib, tavhid, axloq, ma’rifatni yoydilar. Insoniyatga ustozlik qiladigan ummatni tarbiya etdilar. Bular vaqt, umr, tana, da’vat ishlariga berilgan barakaning ko‘rinishidir.
Alloh taolo yerni barkali qilib qo‘ygani haqida Qur’oni Karimda shunday degan:
“Sen: “Sizlar haqiqatan ham yerni ikki kunda yaratgan zotga kufr keltiryapsizmi va Unga tengdoshlar qo‘shyapsizmi?! Axir U zot olamlarning Robbi-ku! U zot o‘sha(yer)ning ustida tog‘larni qildi, uni barakotli qildi va uning (ahli) rizqini to‘rt kunda o‘lchovli etib taqdir qildi. Bu so‘rovchilar uchundir”, deb ayt”. (Yerning rizqi, ya’ni yer, ahlining rizqi o‘lchovli, belgili qilib qo‘yilgan. Hammasi o‘lchovli, hammasi taqdir qilingan.) (Fussilat surasi, 9-10-oyatlar).
Inson yerning bu barakasidan foydalanishi uchun Allohga iymon keltirib, Unga taqvo qilishi kerak. Robbimiz shunday marhamat qiladi:
“Agar qishloqlar ahllari iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, Biz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni qilgan kasblari tufayli tutdik”. (Ushbu oyati karimada bayon qilinayotgan oddiy va sodda haqiqatni insoniyat tushuna olmayotgani g‘oyatda ajablanarli hol. Inson uchun osmon va zamindan barakot eshiklari ochilishi uchun birgina shart kifoya, ya’ni, u iymonli va taqvoli bo‘lishi lozim ekan. Ana o‘shanda insonga osmonu zamindan barakotlar eshigi lang ochib qo‘yiladi. Chunki iymon insonni barakotli hayot yo‘liga boshlaydi. Chunki taqvo insonni farovon hayot yo‘liga soladi. Iymon bilan taqvo bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lganidek, barakot ham ularga bog‘liqdir. Bu haqiqatga kattayu kichik har bir sohada guvoh bo‘lishi mumkin.) (A’rof surasi, 96-oyat).
Qur’on va sunnatdagi matnlarni o‘rganib chiqqan ulamolarimiz barakaga erishishning sabablari quyidagilardan iborat ekanini bayon qilganlar:
“Kim Allohga taqvo qilsa, U zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkal qilsa, bas, unga U zotning O‘zi kifoyadir” (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga barakotli, muborak Kitobni nozil qilgan:
“Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir”. (Qur’on oyatlaridan aqlli kishi eslatma oladi) (Sod surasi, 29-oyat).
Mo‘minlar ushbu muborak kitobga ergashsalar, undagi hukmlarga amal qilsalar, uni doim tilovat qilsalar, ularga qalblarida, iymonlarida, amallarida baraka beriladi.
Ma’lumki, gunohlar insonning umridan, rizqidan baraka ketishiga sabab bo‘ladi. gunohlarni tark etish va qilgan xatolariga tavba qilib, istig‘forda davomli bo‘lish esa barakaning kelishiga boisdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
“Bas, o‘z Robbingizga istig‘for ayting, albatta u gunohlarni ko‘plab mag‘firat qiluvchidir, dedim. U zot osmondan ustingizga ketma-ket (baraka yomg‘irini) yuboradir. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anqorlarni beradir” (Nuh surasi, 10-12-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga Alloh taolodan baraka so‘rab duo qilishni o‘rgatganlar. U zoti bobarakotga pishgan yangi meva olib kelinsa, “Ey Alloh, bizga shahrimizda, mevalarimizda, muddimizda, so’imizda ko‘plab baraka bergin” deb duo qilardilar. Imom Muslim rivoyat qilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ko‘p duolarida Alloh taolodan baraka so‘rardilar. Shuningdek, yangi farzand ko‘rgan, yangi uylangan kishilarga ham baraka tilardilar. Taom paytida ham “Ey Alloh, bizga rizq qilib bergan narsangda baraka bergin, bizni mag‘firat etib, holimizga rahm qilgin” derdilar. Shuning uchun Alloh taolodan rizqda, molu dunyoda, farzandlarda, ilmda, amalda, kunlarda baraka berishini so‘rab duo qilishimiz kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Agar inson rizqida, sog‘ligida va farzandlarida barakani ko‘rishni istasa, halol kasb qilishga va halol luqma yeyishga astoydil urinsin, harom va shubhali narsalardan uzoq yursin! Mehnat qilayotgan joyida, xoh savdogar bo‘lsin, xoh quruvchi bo‘lsin, xoh duradgor bo‘lsin, xoh huquqshunos bo‘lsin, xoh o‘qituvchi bo‘lsin, xoh shifokor bo‘lsin, rostgo‘y, omonatdor, iffatli, samimiy bo‘lishi shart. Barcha kasb egalari o‘zlari mehnat qilayotgan joylarida o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, sudxo‘rlik, birovning mulkini o‘zlashtirish, yo‘lto‘sarlik, qaroqchilik kabi harom yo‘llardan saqlansinlar! Zero, Hakim ibn Xizom roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Agar sotuvchi o‘z molining aybini yashirsa va oluvchi ham g‘irromlik qilsa (ya’ni, sotuvchi va oluvchi bir-biriga g‘irromlik qilsa), unday savdoda baraka bo‘lmas! Agar sotuvchi va oluvchi bir-biriga rost gapirsa, bir-birini aldamasa, bunday savdoda baraka bo‘lur!” dedilar” ( Al Jome As Sahih).
Insonning rizqi va umriga baraka berishi haqida ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bashorat berib, bunday deganlar: “Kimni rizqu ro‘zi keng bo‘lishi va umri uzoq bo‘lishi xursand etsa, bas u silai rahm qilsin, ya’ni qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Silai rahm, go‘zal xulq va yaxshi qo‘shnichilik yurtlarni obod etib, umrlarni uzun qiladi”. Muttafaqun alayh.
Bir inson 60-70 yillik umri davomida 100 yilda ham qilishga ulgurilmaydigan ishlarni qilishi uning vaqtiga baraka berilganidir. Masalan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh 63 yil umr ko‘rdilar. Ammo o‘zlaridan 120 dan ortiq kitob, ko‘plab audio va video ko‘rinishda diniy-ma’rifiy asarlar qoldirdilar. U zotning yozib qo‘ygan kitoblari hozir ham nashr etilishda davom etmoqda. Bu bir insonning umriga baraka berilganining yorqin ko‘rinishidir. Shuningdek, uyqudan erta tongda turish, ishni ibodatdan boshlash vaqtning barakali bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ey Alloh, ummatimning tonggiga baraka bergin” deb duo qilganlar. Shuning uchun inson tongda uyg‘onishga, erta turishga harakat qilishi lozim.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
“Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam nafaqa, sadaqa qilish haqida bunday deganlar: “Har doim bandalar tong orttiradigan bo‘lsalar, ikki farishta Yer yuziga tushib, biri: “Allohim, infoq qiluvchi kishiga o‘rnini to‘ldirgin”, desa, boshqasi: “Allohim, baxil kishiga talofot yetkazgin”, deydi”. (Imom Muslim rivoyati).
10. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilish.
Ikki olam sarvari bo‘lgan zotning barcha sunnatlariga amal qilish baraka omilidir. Masalan, o‘ng qo‘l bilan ovqatlanish, ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish kabilar inson hayotida barakaning oshishiga sabab bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Taomdan oldin (qo‘lni) yuvish kambag‘allikni ketkazadi. (Taomdan) so‘ng (qo‘lni yuvish) esa kichik gunohlarni ketkazadi va ko‘zni tuzatadi” (Quzo’iy “Musnadush shihob”da rivoyat qilgan).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Taomning barakasi – undan oldin (ikki qo‘lni) yuvish va undan keyin (ikki qo‘lni) yuvishdir”. Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilishgan.
11. Ko‘pchilik bilan birga ovqatlanish.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kishini to‘ydiradigan ovqat uch kishiga kifoya qiladi va uch kishi to‘yadigan ovqat to‘rt kishiga kifoya qiladi”, dedilar” (Al Jome As Sahih)
Alloh taolo bizga baraka bersin! Umrimizni, rizqimizni, farzandlarimizni, yurtimizni barakali qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV