Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Fotoreportaj: “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida xatmona

03.06.2019   4552   4 min.
Fotoreportaj: “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida xatmona

 

Ibn Abbos roziyallohu anhu bunday deganlar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Agar ummatlarim Ramazondagi fazilatlarni bilganlarida edi, yilning hammasi Ramazon bo‘lishini orzu qilardilar”, deganlarini eshitdim”. Chunki Ramazondagi toatlar maqbul, duolar mustajob, gunohlar esa mag‘firat qilinadi. Jannat esa ro‘zadorlarga mushtoq bo‘ladi. 

 

 

Ha, bugun biz endi his etyapmiz Rasulullohning so‘zlarini. Kunduzlari ro‘zador bo‘lib taqvoga yaqinlik, iymon halovati, kechalari tarovihlarda Qur’oni karim mo‘jizasi, tasbihlar, tafsir, hadis, shonli tarix haqidagi mo‘tabar suhbatlar… Nahot bularning hammasi tugab boryapti. Buncha tez o‘tmasa Ramazon…. Yana bir yil umid bilan, duo bilan sog‘inamiz endi bu muborak oyni…

 

 

Kuni kecha Ramazonga katta tuhfalardan biri bo‘lib ochilgan “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida ham xatmi Qur’on yakunlandi.

 

 

Aytish lozimki ushbu muazzam majmua muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan islom olamidagi ulug‘ alloma, fvzilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayhning islom ravnaqi, xalqlar do‘stligi, ummatning birligi yo‘lida qilgan sharafli mehnatlari munosib e’tirofi sifatida shayx hazratlari o‘zlari hayotlik chog‘larida hissalari qo‘shilgan keyinchalik tugallanmay qolgan masjid maydoni o‘rnida bunyod etilgan. Hazratning salobatlari, ulug‘vorliklariga hamohang bu mo‘tabar maskandan ziyoratchilar, namozxonlar arimaydi. Alloh taolo o‘zining solih bandasiga buyuk fazl ko‘rsatib, masjidda qilinayotgan ibodatlar, xatmi Qur’onlarning savobi bilan ne’matlantirib turibdi.

 

 

Xatmona kechasi masjid va uning atrof ko‘chalari ixlos egalari bo‘lgan namozxonlar bilan to‘lib toshdi. Ulamolar, ustoz imom domlalarning munavvar suhbatlari, qalbdan chiqqan duolari ibodat uyini jannat izdihomiga aylantirdi.

 

 

Xatmi Qur’onni shayx hazratlarining shogirdlari hozirda ko‘plab qorilarga ustoz sanalgan Bahodir qori Rahmatullayev, Hamidulloh qori Aripovlar 23 kun davomida husni tajvid, go‘zal savt bilan ado etib berishdi.

 

 

Qori Qur’onning so‘nggi suralarini o‘qir ekan, har tomondan yig‘i ovozlari eshitilar, muqtadiylar o‘zlarini yig‘idan to‘xtata olmas edilar. Axir ular yigirma bir kun mobaynida zavqlanib tinglagan, o‘rganib qolgan Qur’onlari tugab bormoqda… Robbilari bilan diydor yana uzoqlashmoqda…. Albatta, bu diydor har kuni besh vaqtda keladi, biroq O‘zi ulug‘lab qo‘ygan Ramazondagi ibodatning qalbga olib keluvchi farog‘ati o‘zgacha. Shu bois xatmi Qur’on keyin duolar, munojotlar uzoq davom etdi. Qorining lafzidan go‘zal duolar terilib kelar, ko‘zlarda shashqator yoshlar istig‘fordan to‘kilar edi….

 

 

Xatmi Qur’on savobi Shayx hazratlariga bag‘ishlandi. Shuningdek, yurtimizda din yo‘lida xizmat qilib o‘tgan ko‘plab ulamolar, marhum ustozlar eslandi. Bu majmuani bunyod etib bergan muhtaram yurtboshimiz haqlariga duolar qilindi,  u kishining ota-onalari ruhoniyatlariga savoblar bag‘ishlandi. Qorilarni shunday martabaga yetkazgan ota-onalari, ustozlari haqqlariga duolar qilindi. Ularning bu mehnatlari evaziga jannatda izzat tojini kiydirishlik nasib bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi

 

 

 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli

01.05.2025   4642   1 min.
Bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli

Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam. 

Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi. 

Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi. 

Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

 

Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son

INFOGRAFIKA