Ibn Abbos roziyallohu anhu bunday deganlar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Agar ummatlarim Ramazondagi fazilatlarni bilganlarida edi, yilning hammasi Ramazon bo‘lishini orzu qilardilar”, deganlarini eshitdim”. Chunki Ramazondagi toatlar maqbul, duolar mustajob, gunohlar esa mag‘firat qilinadi. Jannat esa ro‘zadorlarga mushtoq bo‘ladi.
Ha, bugun biz endi his etyapmiz Rasulullohning so‘zlarini. Kunduzlari ro‘zador bo‘lib taqvoga yaqinlik, iymon halovati, kechalari tarovihlarda Qur’oni karim mo‘jizasi, tasbihlar, tafsir, hadis, shonli tarix haqidagi mo‘tabar suhbatlar… Nahot bularning hammasi tugab boryapti. Buncha tez o‘tmasa Ramazon…. Yana bir yil umid bilan, duo bilan sog‘inamiz endi bu muborak oyni…
Kuni kecha Ramazonga katta tuhfalardan biri bo‘lib ochilgan “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida ham xatmi Qur’on yakunlandi.
Aytish lozimki ushbu muazzam majmua muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan islom olamidagi ulug‘ alloma, fvzilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayhning islom ravnaqi, xalqlar do‘stligi, ummatning birligi yo‘lida qilgan sharafli mehnatlari munosib e’tirofi sifatida shayx hazratlari o‘zlari hayotlik chog‘larida hissalari qo‘shilgan keyinchalik tugallanmay qolgan masjid maydoni o‘rnida bunyod etilgan. Hazratning salobatlari, ulug‘vorliklariga hamohang bu mo‘tabar maskandan ziyoratchilar, namozxonlar arimaydi. Alloh taolo o‘zining solih bandasiga buyuk fazl ko‘rsatib, masjidda qilinayotgan ibodatlar, xatmi Qur’onlarning savobi bilan ne’matlantirib turibdi.
Xatmona kechasi masjid va uning atrof ko‘chalari ixlos egalari bo‘lgan namozxonlar bilan to‘lib toshdi. Ulamolar, ustoz imom domlalarning munavvar suhbatlari, qalbdan chiqqan duolari ibodat uyini jannat izdihomiga aylantirdi.
Xatmi Qur’onni shayx hazratlarining shogirdlari hozirda ko‘plab qorilarga ustoz sanalgan Bahodir qori Rahmatullayev, Hamidulloh qori Aripovlar 23 kun davomida husni tajvid, go‘zal savt bilan ado etib berishdi.
Qori Qur’onning so‘nggi suralarini o‘qir ekan, har tomondan yig‘i ovozlari eshitilar, muqtadiylar o‘zlarini yig‘idan to‘xtata olmas edilar. Axir ular yigirma bir kun mobaynida zavqlanib tinglagan, o‘rganib qolgan Qur’onlari tugab bormoqda… Robbilari bilan diydor yana uzoqlashmoqda…. Albatta, bu diydor har kuni besh vaqtda keladi, biroq O‘zi ulug‘lab qo‘ygan Ramazondagi ibodatning qalbga olib keluvchi farog‘ati o‘zgacha. Shu bois xatmi Qur’on keyin duolar, munojotlar uzoq davom etdi. Qorining lafzidan go‘zal duolar terilib kelar, ko‘zlarda shashqator yoshlar istig‘fordan to‘kilar edi….
Xatmi Qur’on savobi Shayx hazratlariga bag‘ishlandi. Shuningdek, yurtimizda din yo‘lida xizmat qilib o‘tgan ko‘plab ulamolar, marhum ustozlar eslandi. Bu majmuani bunyod etib bergan muhtaram yurtboshimiz haqlariga duolar qilindi, u kishining ota-onalari ruhoniyatlariga savoblar bag‘ishlandi. Qorilarni shunday martabaga yetkazgan ota-onalari, ustozlari haqqlariga duolar qilindi. Ularning bu mehnatlari evaziga jannatda izzat tojini kiydirishlik nasib bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Abdulaziz YO‘LDOSHEV/«Xalq so‘zi». Samarqand shahrida «Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilyapti. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan yetmishdan ziyod ulamo va olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, muftiylar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashyapti.
Konferensiya ishtirokchilari 29 aprel kuni ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qilib, tarixiy obidalar va ziyoratgohlardan katta taassurot oldi.
Xorijiy ulamolar bu diyor dunyo sivilizatsiyalar markazi bo‘lgani, Islom tamadduni rivojiga ham muhim hissa qo‘shgani, ko‘plab olimu ulamolarni yetishtirib berganini e’tirof etdi.
Bugun konferensiya ishtirokchilari Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati, moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalarni muhokama qiladi.
xs.uz