بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَمَرَنَا بِبِرِّ الْوَالِدَيْنِ وَنَهَانَا عَنْ عُقُوقِهِمَا، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ: "بِرُّوا آبَاءَكُمْ تَبَرَّكُمْ أَبْنَائُكُمْ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
OTA-ONA ROZILIGINI TOPISH – FARZANDNING BURCHI
Hurmatli jamoat! Har bir insonning dunyoga kelishiga ota-ona sababchidirlar. Ularning farzandlar ustidagi haqlari juda ko‘p bo‘lib, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda ularning barchasi batafsil bayon qilingan. Dinimizda ota-onani rozi qilish, ularga chiroyli muomala qilish ulug‘ ibodat hisoblanadi. Qur’oni karimning 15 ta oyatida aynan ota-onaga yaxshilik qilish va ularning haqlariga duo qilish to‘g‘risida zikr qilinadi. Jumladan, Alloh taolo O‘ziga ibodat qilishga buyurganidan keyin ota-onaga chiroyli muomala qilishga buyurgan:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا
(سورة النساء / الآية 36)
ya’ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!” (Niso surasi, 36-oyat).
Infoq-ehson qilishga ham eng haqli kishilar – ota-onalardir! Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ
(سورة البقرة / الآية 215)
ya’ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: «Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir” (Baqara surasi, 215-oyat).
Alloh taolo Yahyo alayhissalomni Qur’oni karimda “ota-onasiga mehribon, itoatkor” deb, maqtaydi:
وَبَرًّا بِوَالِدَيْهِ وَلَمْ يَكُنْ جَبَّارًا عَصِيًّا
(سورة مريم / الآية 28)
ya’ni: “U ota-onasiga mehribon bo‘ldi, jabr qiluvchi, itoatsiz bo‘lmadi” (Maryam surasi, 14-oyat).
Alloh taolo bizga ota-onalarimiz haqlariga qanday duo qilishimizni o‘rgatib, shunday deydi:
رَبَّنَا اغْفِرْ لِي وَلِوَالِدَيَّ وَلِلْمُؤْمِنِينَ يَوْمَ يَقُومُ الْحِسَابُ
(سورة إبراهيم / الآية 41)
ya’ni: “Ey, Rabbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!” (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Hadisi shariflarda ham ota-onaning farzand zimmasidagi haqlari bor ekani, ularga rioya qilish – farzandni ulkan ajrga ega qiladigan ulug‘ ibodat ekani ta’kidlangan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday bayon qilinadi:
جَاءَ رَجُلٌ إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "يَا رَسُولُ اللهِ مَنْ أَحَقُّ النَّاسِ بِحُسْنِ صُحْبَتِي؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ: "ثُمَّ مَنْ؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ "ثُمَّ مَنْ؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ ثُمَّ مَنْ؟ قَالَ: "أَبُوكَ" مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ
ya’ni: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzuriga bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Odamlar ichida mening chiroyli muomalamga eng haqli kishi kim?” – deb so‘radi. “Onang”, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so‘radi. “Onang”, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so‘radi. “Onang”, – dedilar U Zot. “Undan keyin kim”, – deb so‘radi. Shunda “Otang”, – deb javob berdilar (Muttafaqun alayh).
Alloh taolo O‘zining roziligini ota-onaning roziliklariga bog‘lab qo‘ydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
"رِضَا الرَّبِّ فِي رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فِي سَخَطِهِمَا"
رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَبَرَانِيُّ عَنِ ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه
ya’ni: “Alloh taoloning roziligi – ota-onaning roziligida, Uning g‘azabi esa – ota-onaning g‘azabidadir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Demak, Alloh taoloni rozi qilaman degan kishi – ota-onasini rozi qilsin, Allohni g‘azabidan qo‘rqqan kishi – ota-onasini ranjitishdan qo‘rqsin.
Kim ota-onasi bo‘la turib, jannatni qo‘ldan chiqarsa, uning holiga voy bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bizni ota-onaning xizmatlarini qilib, jannatni qo‘lga kiritishga targ‘ib qiladilar:
"رَغِمَ أَنْفُ رَغِمَ أَنْفُ رَغِمَ أَنْفُ رَجُلٍ أَدْرَكَ وَالِدَيْهِ أَحَدَهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا عِنْدَهُ الْكِبَرُ لَمْ يُدْخِلْهُ الْجَنَّةَ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Ota-onasining har ikkisi yoki birortasi huzurida qarilikka yetsayu, (ularning xizmatlarini qilib, roziliklarini olib) jannatga kira olmagan kishi xor bo‘lsin, xor bo‘lsin, xor bo‘lsin!” (Imom Muslim rivoyati).
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Alloh taologa eng sevimli amal nima ekanini so‘raydilar. Shunda Sarvari koinot o‘z vaqtida o‘qilgan namozdan keyingi eng mahbub amal –ota-onaga yaxshilik qilish ekanini aytganlar.
Boshqa bir hadisi sharifda Alloh taolodan ajru-savob istaganlar ota-onalariga chiroyli xizmat qilishi kerakligi aytilgan:
أَقْبَلَ رَجُلٌ إِلَى نَبِيِّ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "أُبَايِعُكَ عَلَى الْهِجْرَةِ وَالْجِهَادِ أَبْتَغِي الْأَجْرَ مِنْ اللَّهِ" قَالَ: "فَهَلْ مِنْ وَالِدَيْكَ أَحَدٌ حَيٌّ؟" قَالَ "نَعَمْ بَلْ كِلَاهُمَا" قَالَ: "فَتَبْتَغِي الْأَجْرَ مِنْ اللَّهِ؟" قَالَ: "نَعَمْ" قَالَ: "فَارْجِعْ إِلَى وَالِدَيْكَ فَأَحْسِنْ صُحْبَتَهُمَا"
رَوَاهُ الْاِمَامُ البُخَارِيُّ والْاِمَامُ مُسْلِمٌ عَنِ عَبْدِ الله ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه
ya’ni: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib:
– “Sizga hijrat va jihod uchun bay’at qilaman, savobini Alloh taolodan talab qilaman!” – dedi.
– “Ota-onangdan birortasi hayotmi?” – deb so‘radilar.
– “Ha, ikkisi ham tirik,” – dedi u.
– “Ajr-savobni Allohdan kutasan-a?” – deb so‘radilar.
– “Ha, shunday”.
– “Unday bo‘lsa, ota-onangni oldiga qaytib borginda, ularga yaxshi muomala qil,” – dedilar U Zot” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Muhtaram jamoat! Shariatimizga ko‘ra ota-onaga yaxshilik qilish – faqatgina ularning hayotlik paytlarida cheklanib qolmay, balki ular mabodo dunyodan o‘tganlaridan keyin ham davom etishi kerak. Bu haqda Abu Usayd ibn Robiy’a raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
بَيْنَا نَحْنُ جُلُوسٌ عِنْدَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم إذ جَاءهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ ، فَقَالَ: يَا رسولَ اللهِ ! هَلْ بَقِيَ مِنْ برِّ أَبَوَيَّ شَيء أبرُّهُما بِهِ بَعْدَ مَوتِهمَا ؟ فَقَالَ: " نَعَمْ ، الصَّلاةُ عَلَيْهِمَا ، والاسْتغْفَارُ لَهُمَا ، وَإنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِما ، وَصِلَةُ الرَّحِمِ الَّتي لا تُوصَلُ إلا بِهِمَا، وَإكرامُ صَدِيقهمَا"
رَوَاهُ الْاِمَامُ أَبُو دَاوُدَ
ya’ni: Molik ibn Robe’a as-Sa’idiy raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirganimizda nogohon Bani Salama qabilasidan bir kishi keldi va: “Ota-onam vafot etgandan keyin ham men ularga qiladigan yaxshilik bormi?” – dedi. Payg‘ambar alayhissalom: “Ha, ularning haqlariga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ahdlarini amalga oshirish, ular orqali qarindosh bo‘lganlarga silai-rahm qilish va ularning do‘stlarini hurmat qilish vazifasi bor”, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Tobe’inlarning ulug‘laridan Hasan Basriy rahmatullohi alayh ota-onaga yaxshilik qilishni shunday tushuntiradilar: “Ota-onaga yaxshilik qilish – qo‘lingdagi mol-mulkni ular uchun sarflash, gunoh bo‘lmaydigan ishlarda ularning buyruqlariga itoat qilishdir”.
Ibn Uyayna rahmatullohi alayh ota-onaning yaxshiliklarini qay tarzda qaytarish kerakligi haqida aytadilar: “Kim besh vaqt farz namozlarni o‘qisa, haqiqatda Alloh taologa shukr qilibdi. Kim namozlaridan keyin ota-onasining haqlariga duo qilsa, haqiqatda ularga rahmat aytibdi”.
Hukamolardan birlari: “Otangga g‘amxo‘r bo‘lsang, o‘g‘ling ham senga g‘amxo‘r bo‘ladi”, – der edilar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh: “Ota-onaga yaxshilik qilish – katta gunohlarga kafforatdir”, – deganlar.
Hurmatli jamoat! Shariatimiz, farzandlarga ota-ona qarilik vaqtlariga yetib kelishganlarida ularni nafaqa bilan ta’minlash vazifasini yuklaydi. Bu – dinimizning talabi!
Ota-onaga yaxshilik qilishning eng past darajasi – ularga shirin so‘z aytishdir. Undan balandroq darajasi – ularning xizmatlarini qilish, moddiy va ma’naviy tomondan yordam berish, doim ularning hollaridan xabardor bo‘lib turishdir. Farzand doim ota-onaga xursandchilik keltiradigan ishlarga harakat qilishi kerak. Zero ota-onalar farzandlarining yutuqlaridan benihoya xursand bo‘lishadi.
Ota-onaga itoatsizlik qilish, ularga qattiq gapirish, jerkish, xafa qilish, haqorat qilish, qo‘l ko‘tarish – eng katta va eng og‘ir gunohdir! “Ota-onaga oq bo‘lish” degani aslida – mana shu. Uni ota-ona tilda aytishlari shart emas. Balki qattiq ranjishlari yetarli bo‘ladi.
Abdulloh Ibn Muborak shunday deganlar: “Agar ota-onang sen bilan murosa qilishni boshlasa, senga gapirganda, bezovtalanishingdan, g‘azabing chiqishidan qo‘rqib, ehtiyotkorlik bilan, so‘zlarni saralab gapira boshlashsa – bilib qo‘yki, ota-onangga oq bo‘lyapsan!”.
Afsuski, gohida ota-onasiga yuqorida zikr qilingani kabi noloyiq muomala qiladigan farzandlar ham uchrab turadi. Ular Alloh taologa astoydil tavba qilib, ota-onasidan kechirim so‘rab, qaytadan ularni rozi qilishga harakat qilishlari kerak.
Alloh taolo barchamizni ota-onasini rozi qiladigan farzandlardan qilsin! Ota-onalarimizni tani-jonlarini salomat qilib, uzoq yillar duogo‘yimiz bo‘lib yurishlarini nasib qilsin! Omin!
ILOVA: Shavvol oyi ro‘zasining fazilati
Muhtaram jamoat! Alloh taologa hamdlar bo‘lsinki, muborak Ramazon oyini ham yakunlab, Shavvol oyini ham boshlab oldik. Shavvol hijriy-qamariy taqvimning o‘ninchi oyi hisoblanadi. Ushbu oy ham fazilatli va barakotli oylardandir. Ayniqsa bu oyda sog‘lig‘i va imkoni bor kishilar nafl ro‘za tutsalar, ko‘plab ajru-savobga ega bo‘lishlari va’da qilingan. Jumladan Abu Ayyub Ansoriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"مَنْ صَامَ رَمَضَانَ وَأَتْبَعَهُ سِتّاً مِنْ شَوّالٍ كَانَ كَصِيَامِ الدّهْرِ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ وَالإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan shavvol oyidan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, ushbu hadisi sharifga amal qilib, shavvolning olti kunida ro‘za tutgan kishi umr davomida ro‘za tutganlik savobini qozonar ekan. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
مَنْ جَاءَ بِالْحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا
(سورة الأنعام / الآية 160)
ya’ni: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” (An’om surasi, 160-oyat).
Bu olti kunlik ro‘zani Ramazon hayitining ertasidan boshlab tutish mumkin. Shuningdek shavvol oyi davomida tutsa ham bo‘ladi. Bu haqda “Zohiriyya” va “Xulosa” nomli fatvo kitoblarimizda Shavvol oyidagi olti kunlik ro‘zani ketma-ket tutilishi shart emasligi, balki oy davomida tutib ham ado etish mumkinligi aytib o‘tilgan.
Shavvolning olti kunida ro‘za tutishning yana foydalaridan biri shuki, u Ramazon ro‘zasidagi yo‘l qo‘yilgan kamchilik-nuqsonlarga kafforat bo‘ladi. Zero beayb – Parvardigori olam! Banda kamchilik va xatolardan xoli emas. Bu – xuddi farz namozlar ortidan o‘qilgan sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzda bilib-bilmay yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qiladi. Qiyomat kuni bandaning nafl ibodatlari uning farz-vojib amallarda yo‘l qo‘ygan nuqsonlarini to‘ldiradi.
Qolaversa, shavvolning olti kunida ro‘za tutish o‘z mohiyati bilan musulmon kishining ro‘zadan zerikmaganiga, balki unga rag‘bati kuchli ekaniga dalolat qiladi. Zero bu oydagi ro‘zaning hikmati haqida Alloma Ibn Rajab rahimahulloh bunday degan: “Ramazon oyidan keyin ro‘za tutib yurishga odatlanish – Ramazon oyi ro‘zasining qabul bo‘lgani belgisidir. Chunki Alloh taolo bandasining biror amalini qabul qilsa, undan keyin uni (boshqa) solih, xayrli ishlarga boshlaydi, davomli qiladi”.
Alloh taolo barchamizni Ramazon oyi va Shavvol oyining fazilatlaridan bahramand qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “OILA, NIKOH VA TALOQQA OID SHAR’IY HUKMLAR” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
- 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.
Nazmiy bayoni:
Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.
Lug‘atlar izohi:
وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.
حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.
وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.
الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.
عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.
بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.
اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.
Matn sharhi:
Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.
O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:
“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].
Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.
Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni