frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

07.06.2019 y. Ota-ona roziligini topish-farzandning burchi

02.06.2019   7368   14 min.
07.06.2019 y. Ota-ona roziligini topish-farzandning burchi

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَمَرَنَا بِبِرِّ الْوَالِدَيْنِ وَنَهَانَا عَنْ عُقُوقِهِمَا، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ: "بِرُّوا آبَاءَكُمْ تَبَرَّكُمْ أَبْنَائُكُمْ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

OTA-ONA ROZILIGINI TOPISH – FARZANDNING BURCHI

Hurmatli jamoat! Har bir insonning dunyoga kelishiga ota-ona sababchidirlar. Ularning farzandlar ustidagi haqlari juda ko‘p bo‘lib, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda ularning barchasi batafsil bayon qilingan. Dinimizda ota-onani rozi qilish, ularga chiroyli muomala qilish ulug‘ ibodat hisoblanadi. Qur’oni karimning 15 ta oyatida aynan ota-onaga yaxshilik qilish va ularning haqlariga duo qilish to‘g‘risida zikr qilinadi. Jumladan, Alloh taolo O‘ziga ibodat qilishga buyurganidan keyin ota-onaga chiroyli muomala qilishga buyurgan:

  وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا

 (سورة النساء / الآية 36)

ya’ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!” (Niso surasi, 36-oyat).

Infoq-ehson qilishga ham eng haqli kishilar – ota-onalardir! Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ

 (سورة البقرة / الآية 215)

ya’ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar.  Ayting: «Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir” (Baqara surasi, 215-oyat).

         Alloh taolo Yahyo alayhissalomni Qur’oni karimda “ota-onasiga mehribon, itoatkor” deb, maqtaydi:

 وَبَرًّا بِوَالِدَيْهِ وَلَمْ يَكُنْ جَبَّارًا عَصِيًّا

 (سورة مريم / الآية 28)

ya’ni: “U  ota-onasiga  mehribon  bo‘ldi,  jabr  qiluvchi,  itoatsiz  bo‘lmadi” (Maryam surasi, 14-oyat).

Alloh taolo bizga ota-onalarimiz haqlariga qanday duo qilishimizni o‘rgatib, shunday deydi:

 رَبَّنَا اغْفِرْ لِي وَلِوَالِدَيَّ وَلِلْمُؤْمِنِينَ يَوْمَ يَقُومُ الْحِسَابُ

 (سورة إبراهيم / الآية 41)

ya’ni: “Ey, Rabbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!” (Ibrohim surasi, 41-oyat).

Hadisi shariflarda ham ota-onaning farzand zimmasidagi haqlari bor ekani, ularga rioya qilish – farzandni ulkan ajrga ega qiladigan ulug‘ ibodat ekani ta’kidlangan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday bayon qilinadi:

جَاءَ رَجُلٌ إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "يَا رَسُولُ اللهِ مَنْ أَحَقُّ النَّاسِ بِحُسْنِ صُحْبَتِي؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ: "ثُمَّ مَنْ؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ "ثُمَّ مَنْ؟" قَالَ: "أُمُّكَ" قَالَ ثُمَّ مَنْ؟ قَالَ: "أَبُوكَ" مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

ya’ni: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzuriga bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Odamlar ichida mening chiroyli muomalamga eng haqli kishi kim?” – deb so‘radi. “Onang”, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so‘radi. “Onang, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so‘radi.Onang, – dedilar U Zot. “Undan keyin kim”, – deb so‘radi. Shunda Otang”, – deb javob berdilar (Muttafaqun alayh).

Alloh taolo O‘zining roziligini ota-onaning roziliklariga bog‘lab qo‘ydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

"رِضَا الرَّبِّ فِي رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فِي سَخَطِهِمَا"

رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَبَرَانِيُّ عَنِ ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه

ya’ni: “Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligida, Uning g‘azabi esa ota-onaning g‘azabidadir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Demak, Alloh taoloni rozi qilaman degan kishi – ota-onasini rozi qilsin, Allohni g‘azabidan qo‘rqqan kishi – ota-onasini ranjitishdan qo‘rqsin.

Kim ota-onasi bo‘la turib, jannatni qo‘ldan chiqarsa, uning holiga voy bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bizni ota-onaning xizmatlarini qilib, jannatni qo‘lga kiritishga targ‘ib qiladilar: 

"رَغِمَ أَنْفُ رَغِمَ أَنْفُ رَغِمَ أَنْفُ رَجُلٍ أَدْرَكَ وَالِدَيْهِ أَحَدَهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا عِنْدَهُ الْكِبَرُ لَمْ يُدْخِلْهُ الْجَنَّةَ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Ota-onasining har ikkisi yoki birortasi huzurida qarilikka yetsayu, (ularning xizmatlarini qilib, roziliklarini olib) jannatga kira olmagan kishi xor bo‘lsin, xor bo‘lsin, xor bo‘lsin!”  (Imom Muslim rivoyati).

Imom Buxoriy va Imom Muslimlar buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Alloh taologa eng sevimli amal nima ekanini so‘raydilar. Shunda Sarvari koinot o‘z vaqtida o‘qilgan namozdan keyingi eng mahbub amal –ota-onaga yaxshilik qilish ekanini aytganlar.

         Boshqa bir hadisi sharifda Alloh taolodan ajru-savob istaganlar ota-onalariga chiroyli xizmat qilishi kerakligi aytilgan:

أَقْبَلَ رَجُلٌ إِلَى نَبِيِّ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "أُبَايِعُكَ عَلَى الْهِجْرَةِ وَالْجِهَادِ أَبْتَغِي الْأَجْرَ مِنْ اللَّهِ" قَالَ: "فَهَلْ مِنْ وَالِدَيْكَ أَحَدٌ حَيٌّ؟" قَالَ "نَعَمْ بَلْ كِلَاهُمَا" قَالَ: "فَتَبْتَغِي الْأَجْرَ مِنْ اللَّهِ؟" قَالَ: "نَعَمْ" قَالَ: "فَارْجِعْ إِلَى وَالِدَيْكَ فَأَحْسِنْ صُحْبَتَهُمَا"

رَوَاهُ الْاِمَامُ البُخَارِيُّ والْاِمَامُ مُسْلِمٌ عَنِ عَبْدِ الله ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه 

ya’ni: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib:

– “Sizga hijrat va jihod uchun bay’at qilaman, savobini Alloh taolodan talab qilaman!” – dedi.

Ota-onangdan birortasi hayotmi?” – deb so‘radilar.

– “Ha, ikkisi ham tirik,” –  dedi u.

Ajr-savobni Allohdan kutasan-a? – deb so‘radilar.  

– “Ha, shunday”.

Unday bo‘lsa, ota-onangni oldiga qaytib borginda, ularga yaxshi muomala qil,” – dedilar U Zot” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Muhtaram jamoat! Shariatimizga ko‘ra ota-onaga yaxshilik qilish – faqatgina ularning hayotlik paytlarida cheklanib qolmay, balki ular mabodo dunyodan o‘tganlaridan keyin ham davom etishi kerak. Bu haqda Abu Usayd ibn Robiy’a raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

بَيْنَا نَحْنُ جُلُوسٌ عِنْدَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم إذ جَاءهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ ، فَقَالَ: يَا رسولَ اللهِ ! هَلْ بَقِيَ مِنْ برِّ أَبَوَيَّ شَيء أبرُّهُما بِهِ بَعْدَ مَوتِهمَا ؟ فَقَالَ: " نَعَمْ ، الصَّلاةُ عَلَيْهِمَا ، والاسْتغْفَارُ لَهُمَا ، وَإنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِما ، وَصِلَةُ الرَّحِمِ الَّتي لا تُوصَلُ إلا بِهِمَا، وَإكرامُ صَدِيقهمَا"

رَوَاهُ الْاِمَامُ أَبُو دَاوُدَ

ya’ni: Molik ibn Robe’a as-Sa’idiy raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirganimizda nogohon Bani Salama qabilasidan bir kishi keldi va: “Ota-onam vafot etgandan keyin ham men ularga qiladigan yaxshilik bormi?” – dedi. Payg‘ambar alayhissalom:Ha, ularning haqlariga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ahdlarini amalga oshirish, ular orqali qarindosh bo‘lganlarga silai-rahm qilish va ularning do‘stlarini hurmat qilish vazifasi bor”, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Tobe’inlarning ulug‘laridan Hasan Basriy rahmatullohi alayh ota-onaga yaxshilik qilishni shunday tushuntiradilar: “Ota-onaga yaxshilik qilish – qo‘lingdagi mol-mulkni ular uchun sarflash, gunoh bo‘lmaydigan ishlarda ularning buyruqlariga itoat qilishdir”.

Ibn Uyayna rahmatullohi alayh ota-onaning yaxshiliklarini qay tarzda qaytarish kerakligi haqida aytadilar: “Kim besh vaqt farz namozlarni o‘qisa, haqiqatda Alloh taologa shukr qilibdi. Kim namozlaridan keyin ota-onasining haqlariga duo qilsa, haqiqatda ularga rahmat aytibdi”.

Hukamolardan birlari: “Otangga g‘amxo‘r bo‘lsang, o‘g‘ling ham senga g‘amxo‘r bo‘ladi”, – der edilar.

Imom Ahmad rahmatullohi alayh: “Ota-onaga yaxshilik qilish – katta gunohlarga kafforatdir”, – deganlar.

Hurmatli jamoat! Shariatimiz, farzandlarga ota-ona qarilik vaqtlariga yetib kelishganlarida ularni nafaqa bilan ta’minlash vazifasini yuklaydi. Bu – dinimizning talabi!

Ota-onaga yaxshilik qilishning eng past darajasi – ularga shirin so‘z aytishdir. Undan balandroq darajasi – ularning xizmatlarini qilish, moddiy va ma’naviy tomondan yordam berish, doim ularning hollaridan xabardor bo‘lib turishdir. Farzand doim ota-onaga xursandchilik keltiradigan ishlarga harakat qilishi kerak. Zero ota-onalar farzandlarining yutuqlaridan benihoya xursand bo‘lishadi.

Ota-onaga itoatsizlik qilish, ularga qattiq gapirish, jerkish, xafa qilish, haqorat qilish, qo‘l ko‘tarish – eng katta va eng og‘ir gunohdir! “Ota-onaga oq bo‘lish” degani aslida – mana shu. Uni ota-ona tilda aytishlari shart emas. Balki qattiq ranjishlari yetarli bo‘ladi.

 Abdulloh Ibn Muborak shunday deganlar: “Agar ota-onang sen bilan murosa qilishni boshlasa, senga gapirganda, bezovtalanishingdan, g‘azabing chiqishidan qo‘rqib, ehtiyotkorlik bilan, so‘zlarni saralab gapira boshlashsa bilib qo‘yki, ota-onangga oq bo‘lyapsan!”.

Afsuski, gohida ota-onasiga yuqorida zikr qilingani kabi noloyiq muomala qiladigan farzandlar ham uchrab turadi. Ular Alloh taologa astoydil tavba qilib, ota-onasidan kechirim so‘rab, qaytadan ularni rozi qilishga harakat qilishlari kerak.

Alloh taolo barchamizni ota-onasini rozi qiladigan farzandlardan qilsin! Ota-onalarimizni tani-jonlarini salomat qilib, uzoq yillar duogo‘yimiz bo‘lib yurishlarini nasib qilsin! Omin!

 

ILOVA: Shavvol oyi ro‘zasining fazilati

  Muhtaram jamoat! Alloh taologa hamdlar bo‘lsinki, muborak Ramazon oyini ham yakunlab, Shavvol oyini ham boshlab oldik. Shavvol hijriy-qamariy taqvimning o‘ninchi oyi hisoblanadi. Ushbu oy ham fazilatli va barakotli oylardandir. Ayniqsa bu oyda sog‘lig‘i va imkoni bor kishilar nafl ro‘za tutsalar, ko‘plab ajru-savobga ega bo‘lishlari va’da qilingan. Jumladan Abu Ayyub Ansoriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ صَامَ رَمَضَانَ وَأَتْبَعَهُ سِتّاً مِنْ شَوّالٍ كَانَ كَصِيَامِ الدّهْرِ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ وَالإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan shavvol oyidan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, ushbu hadisi sharifga amal qilib, shavvolning olti kunida ro‘za tutgan kishi umr davomida ro‘za tutganlik savobini qozonar ekan. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: 

 مَنْ جَاءَ بِالْحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا

(سورة الأنعام / الآية 160)

ya’ni: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” (An’om surasi, 160-oyat).

Bu olti kunlik ro‘zani Ramazon hayitining ertasidan boshlab tutish mumkin. Shuningdek shavvol oyi davomida tutsa ham bo‘ladi. Bu haqda “Zohiriyya” va “Xulosa” nomli fatvo kitoblarimizda Shavvol oyidagi olti kunlik ro‘zani ketma-ket tutilishi shart emasligi, balki oy davomida tutib ham ado etish mumkinligi aytib o‘tilgan.

Shavvolning olti kunida ro‘za tutishning yana foydalaridan biri shuki, u Ramazon ro‘zasidagi yo‘l qo‘yilgan kamchilik-nuqsonlarga kafforat bo‘ladi. Zero beayb – Parvardigori olam! Banda kamchilik va xatolardan xoli emas. Bu – xuddi farz namozlar ortidan o‘qilgan sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzda bilib-bilmay yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qiladi. Qiyomat kuni bandaning nafl ibodatlari uning farz-vojib amallarda yo‘l qo‘ygan nuqsonlarini to‘ldiradi.

Qolaversa, shavvolning olti kunida ro‘za tutish o‘z mohiyati bilan musulmon kishining ro‘zadan zerikmaganiga, balki unga rag‘bati kuchli ekaniga dalolat qiladi. Zero bu oydagi ro‘zaning hikmati haqida Alloma Ibn Rajab rahimahulloh bunday degan: “Ramazon oyidan keyin ro‘za tutib yurishga odatlanish – Ramazon oyi ro‘zasining qabul bo‘lgani belgisidir. Chunki Alloh taolo bandasining biror amalini qabul qilsa, undan keyin uni (boshqa) solih, xayrli ishlarga boshlaydi, davomli qiladi”.

Alloh taolo barchamizni Ramazon oyi va Shavvol oyining fazilatlaridan bahramand qilsin! Omin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “OILA, NIKOH VA TALOQQA OID SHAR’IY HUKMLAR” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   9278   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari