1. Kechasi tetik turish uchun peshindan keyin biroz dam oling.
2. Ibodatga xalal bermaslik uchun iftorda ko‘p ovqat yemang.
3. Bu kechani ibodat bilan o‘tkazayotganda tavba qilishga azm qilish.
4. Barcha mo‘minlar va mo‘minalar uchun istig‘for va duoni ko‘paytiring.
5. Butun a’zolaringiz bilan Allohga yuzlaning, hattoki, aqlingiz va qalbingiz U Zotdan boshqasidan uzilsin.
6. Janjal va tortishuvlardan uzoqda bo‘ling, sizning haqqingizni poymol qilganlarni kechiring.
7. Fikringizni bir joyga qo‘yib, ibodat qiling, Qadr kechasida xayol boshqa narsalarda bo‘lib, yuz rakatni tugatib qo‘yishni foydasi yo‘q.
8. Duo va ibodatda ixlosli bo‘lish qalbingiz Allohdan boshqasi bilan mashg‘ul bo‘lib rakatlarni ko‘paytirishdan muhimroq.
9. Qadr kechasida imkon boricha tahoratli bo‘lishga harakat qiling.
10. Duoingiz ijobat bo‘lishiga aniq ishoning. Chunki ijobat bo‘lishiga ishonmaslik duoning orasiga to‘siq paydo qiladi.
11. Alloh duolaringizni qabul qilib, ijobat qilishiga ishonchingiz komil bo‘lsin.
12. Duoda bor vujudingiz bilan yolvorib so‘rang, chunki Alloh azza va jalla yolvorib duo qilgan bandasini yaxshi ko‘radi.
13. Har bir gunohingiz uchun Alloh taologa istig‘for ayting, U Zot sizni afv qilishini so‘rang.
14. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga, U zotning oilalariga ko‘p salovot va salomlar ayting, sahobalarga Allohdan rozilik so‘rang (ya’ni “Roziyallohu anhu” deb aytish).
15. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytib ortidan: “Allohumma innaka a’fuvvun, tuhibbul a’fva fa’fu annaa” (ya’ni: “Ey Alloh, albatta Sen gunohlarni afv qiluvchi zotsan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, bizlarni afv et”), duosini ko‘p ayting.
16. Alloh taolo barcha musulmonlarni do‘zaxdan ozod qilishini ko‘p so‘rang.
17. Halol rizqni oson qilib berishini va holatlarni yaxshi tomonga o‘zgartirishini so‘rab duo qilish.
18. O‘tgan ota-onalaringizning haqiga duo qilib, Allohdan gunohlarini kechirishini so‘rang.
19. Duo qilganda ushbu duolarni ham aytish: “Robbanaa hab lanaa min azvajinaa va zurriyaatinaa qurrota a’yun”, (ya’ni, Ey Robbimiz, bizlarga jufti halollarimizdan, farzandalarimizdan ko‘z quvochnchlari ber).
20. Er yoki xotin bir-birining haqiga go‘zal holat, nafs va fikrning rohatini tilab duo qilishi kerak.
21. Sajda qilgan holatingizda ko‘p duo qiling. Chunki bandaning Robbisiga eng yaqin bo‘lgan holati sajda qilgan holatidir.
22. Sajdada uzoq vaqt duo qilib turing. Chunki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deganlar: “Bellaringiz gunohlaringizdan og‘irlashib ketgan. Ularni sajdada uzoq turish bilan yengillatinglar”.
23. Bir soniyani ham zoye ketkazmang, vaqtni g‘animat biling. Chunki, ilohiy rahmat va shabbodalar bu tunda ochik bo‘ladi.
24. Qodir bo‘lganingizcha Qur’on o‘qing.
25. Qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazish tong otgunicha davom etadi, o‘sha vaqtda farishtalar osmondan tushib, chiqib turishadi.
26. Alloh taolo sizni bu kechani ibodat bilan o‘tkazishga muvaffaq qilganiga shukrlar ayting, sizdan boshqa qancha-qancha kishilar bu baxtdan bebahra qoldi.
27. Qadr kechasida imkon qadar sadaqa berishni unutmang. Chunki bu kechada qilingan har bir amalning ajri ulug‘.
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Muhammadyahyo Nizomiddin tayyorladi.
Biror marta o‘zingizga shu savolni berib ko‘rganmisiz?
Iblis Odamga sajda qilishdan bosh tortganida hali shayton yo‘q ediku, unga kim vasvasa qildi?
Bu barchamiz uchun juda jiddiy va o‘ta muhim savoldir...
Shayton Allohga osiy bo‘lganida, uning shaytoni kim edi?
Ushbu satrlarni o‘qing — bizning haqiqiy shaytonimiz kim ekanligini bilasiz!
"Nafs" so‘zi nihoyatda muhim ma’noni anglatadi va u Qur’oni karimda juda ko‘p oyatlarda zikr qilingan.
Alloh taolo "Qof" surasida bunday deydi:
"Biz insonni yaratdik va uning nafsi nimani vasvasa qilayotganini ham bilamiz. Biz unga yo‘g‘on tomiridan ham yaqinroqmiz" (Qof, 16).
Biz Allohga imon keltirganmiz, Uni zikr qilamiz, masjidda namoz o‘qiymiz, Qur’on o‘qiymiz, sadaqa qilamiz va hokazo...
Shunga qaramay, gunohlardan holi bo‘la olmaymiz. Nega?
Sababi shundaki, biz haqiqiy dushmanni qo‘yib, zaif va ojiz dushmanga qarshi boramiz. Alloh taolo bunday deydi:
"Darhaqiqat, shaytonning makri zaifdir" (Niso, 76).
Haqiqiy dushman bu — nafsdir. Ha, nafs insonning ichidagi soatli mina, yashirin xavfdir.
Alloh taolo "Isro" surasida bunday deydi:
"Kitobingni o‘qib chiq. Bugun nafsing senga hisobchi bo‘lishi yetarlidir" (Isro, 14).
Yana Alloh taolo "G‘ofir" surasida bunday deydi:
"Bugun har bir nafs qilgan amallariga yarasha mukofotlanadi. Zulm qilinmaydi" (G‘ofir, 17).
"Muddassir" surasida:
"Har bir nafs qilgan ishining garovidir" (Muddassir, 38).
"Noziat" surasida:
"Kim Robbining martabasidan qo‘rqib, nafsini havoyi istaklardan tiysa..." (Noziat, 40).
"Takvir" surasida:
"Har bir nafs qilgan amallarini bilib olar" (Takvir, 14).
Ko‘rib turganingizdek, bu oyatlarda asosan "nafs" haqida so‘z ketmoqda. Shunday ekan, nafs nima o‘zi?
Olimlar bunday deydi: ilgari Allohdan boshqa iloh sifatida sig‘inilgan butlar — Lot, Uzzo, Manot, Suvo’, Vadd, Yag‘us, Ya’uq va Nasr — barchasi yo‘q qilindi. Ammo bir soxta iloh borki, uni odamlar hanuz ham Allohdan o‘zgacha sevib, unga bo‘ysunadi. Bu iloh — nafs havosidir. Alloh taolo aytadi: "O‘z nafsini iloh qilib olgan kimsani ko‘rmadingizmi?" (Josiya, 23).
Nafs havosi insonni o‘z qo‘liga olsa, u na biror qonunga bo‘ysunadi, na bir diniy ta’limotga. Shundan uni o‘zi istagan narsasiini qilib yurganini ko‘rasiz.
Imom Busiriy o‘z qasidasida bunday deydi:
"Nafs va shaytonga qarshi chiq va u ikkisiga itoat qilma".
Qobil Hobilni o‘ldirgani haqida hikoya qilar ekan, Alloh taolo aytadi:
"Uning nafsi uni o‘z akasi Hobilni o‘ldirishga undadi..." (Moida, 30).
Biror odam gunohga qo‘l ursa va keyin afsuslanib tavba qilsa, undan:
— Nima seni bu gunohga boshladi? deb so‘rasangiz, u: "Nafsimning gapiga kirdim", deb aytadi.
Xulosa shuki, nafsimiz bizning eng katta dushmanimiz va biz uni doimo ta’qib qilishimiz lozimdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV