Tanlovga!
Ramazon hayiti – iydul fitr deyiladi. U kun musulmonlar uchun xursandchilik, shodlik, kengchilik va bayram kunidir. U kun o‘zgacha shukuh va fazilatga ega. Musulmonlarning ikki muborak bayramlaridan biridir.
Hayit namozi Molikiy va Shofe’iylarga ko‘ra, sunnati muakkada, Hanafiylarda vojib, Hanbaliylarda esa farzi kifoyadir.
Hayit kunida mustahab bo‘lgan amallar:
Kim hayit kechalarini ixlos va savobidan umidvor holda zikr, tasbeh, Qur’on tilovati ila bedor o‘tkazsa, qalblar o‘ladigan kunda qalbi omonda bo‘ladi. Hayit kuniga yetkazgani uchun ko‘plab shukr va hamd aytish kerak.
Nabiy sallollohu alyhi vasallam ikki hayit uchun hamisha g‘usl qilar edilar. Chunki, bu ikki namozda ulkan jamoat to‘planadi, tiqilinch yuzaga keladi. Shu bois, yomon hidlardan saqlanish kerak. Tahoratning o‘zi bilan cheklansa ham joizdir.
Bundan tashqari, Nabiy sallollohu alayhi vasallam “Hibaro” degan choponlaridan birini alohida hayit uchun kiyar edilar.
Toza va orasta kiyinish, ziynatlanish, xushbo‘ylanishga imom ham e’tibor beradi. Ko‘pchilikning nigohi unda bo‘lgani uchun o‘ziga ahamiyat qaratadi.
Kiyimlarning eng yaxshisi bu oq kiyimdir.
Orastalanish, g‘usl qilish, xushbo‘ylanish xoh masjidga boruvchi uchun bo‘lsin, xoh uyda qoluvchi uchun bo‘lsin, bir xildir.
Ammo, ayollar bu borada erkaklardan farqlanadilar. Hayit kuni ko‘chaga chiqsalar odatiy va toza kiyimda, xushbo‘ylanmasdan, yasan-tusan qilmasdan, fitnaga sabab bo‘lmasdan chiqishlari lozim. Hayit kuni ko‘chalarda odam ko‘p bo‘lgani uchun erkaklarga aralashib yurmasliklari shart. O‘zlariga xos va yarashadigan joylarga borsalar mayli. Bugungi kunda nazar solsak, ayol-qizlarimiz hayit kunlari ziynatlarga, atir-upalarga, yaltir-yultir kiyimlarga burkanib, “kim o‘zar”ga kiyinib chiqadilar. Ko‘chaga chiqish qoidasi ayollar uchun hayit kuni o‘zgarib, istisno bo‘lib qolmaydi. Ularning ko‘ngilxushlik qilishlari, xursandchilik qilishlari shariatda man qilinmagan. Faqat shariat talabida bo‘lsa, buning zarari yo‘q.
Yosh bolalar xoh o‘g‘il, xoh qiz – ularga ziynatlanish, chiroyli kiyimlar kiyish, tillolar taqish mumkin. Hayit – ziynat kunidir. Bolajonlar shu ila hayitning qadri va shukuhini his qilishlari, yana kelishini intiq kutishlari mumkin. Hayitdan boshqa paytda tillo taqib va ziynatli kiyim kiyishlari tavsiya qilinmaydi.
Abu Bakr roziyallohu anhu Nabiy sallollohu alayhi vasallam namozdan qaytganlarida, u zotni alohida ziyorat qilish uchun hujralariga kelganlar.
Bundan tashqari, hayit kuni yoshi ulug‘lar, keksalar, bemorlar, muhtojlar, musofir va qarindoshlardan xabar olinadi, ularni ziyorat qilinadi, duo olinadi. Imkon bo‘lsa, moddiy ko‘mak beriladi.
Bu haqida Oisha onamiz hayit kuni habashiylar o‘yinini tomosha qilganlari va hujralarida ikki joriya “Buos kuni” qo‘shig‘ini kuylayotganlari, Nabiy sallollohu alayhi vasallam bundan qaytarmaganlari rivoyat qilingan. Lekin rivoyatga e’tibor berilsa, o‘yin va kuy-qo‘shiq behayo va erkak-ayol aralash holda bo‘lmagan. Sodda ko‘rinishda aytilgan. Bu hadisdan dalillanib, shariat man qilgan holatlarga o‘tish mumkin emas.
10. Ayollarga alohida nasihat qilish
Nabiy sallollohu alayhi vasallam iyd namozidan so‘ng ayollarga alohida va’z-nasihat qilganlar. Bilol roziyallohu anhu kiyimlarini yoyib turganlar. Ular sadaqalarini o‘sha kiyimga tashlaganlar. Bundan bilinadiki, imom agar fitnadan omonda bo‘lish sharti ila ayollarga alohida fitr va qurbonlik hayiti, hukmlari va odoblarini bayon qilishi yoki oila boshliqlari namozdan qaytgach, o‘zlari eshitgan narsalarni o‘z ahllariga so‘zlab berishlari mumkin.
11. Ixtiyoriy sadaqalar qilish
Sadaqa alohida tilanchiga emas, biror muhtoj qo‘shni, qarindosh, ilm tolibiga qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lib, pul, buyum, taqinchoq, yegulik, kiyim-kechak hammasi sadaqa – yaxshilik turiga kiradi.
Barchamizga yaqinlashib kelayotgan Iydul Fitr muborak bo‘lsin! Allohning ilohiy rahmatlari yurtimiz uzra bardavom bo‘lsin, amin!
Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti
o‘qituvchisi Sayyidaziz qizi Nilufar
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati