Qur’onni o‘qib, ma’nolarini tushunish uchun Tafsiri Hilol, Tafsiri Irfonni o‘qib, o‘sha ma’nolar haqida tafakkur qilgan insonning qalbi yaxshi tomonga tez o‘zgaradi.
Tafakkur qilib, qalbida o‘sha ma’no jo bo‘lgandan keyin o‘sha oyatlarning tilovatini ko‘zni yumib eshitilsa, katta o‘zgarish bo‘ladi.
Salafi solihlarimiz Ramazon oyi kelsa, barcha ishlarini to‘xtatib, Qur’onni o‘qishga, o‘qitishga, oyatlari ustida tafakkur, tadabbur qilishga kirishar ekanlar.
Yunus ibn Yazid aytadi: “Ibn Shihob Zuhriy Ramazon oyi kirsa, “Bu oy Qur’on tilovati va taom ulashish oyidir” derdilar”.
Zubayd Yomiy Ramazon oyi kelsa, Mus'hafni olib kelar (ya’ni Qur’onni tilovat qilishga astoydil kirishar) va do‘stlarini ham shu ishga jamlardilar.
Sa’id ibn Jubayr rahimahulloh har ikki kechada Qur’onni xatm qilardilar.
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh Ramazon oyida kunduzi bir xatm, har uch kunda taroveh namozidan keyin yana bir xatm qilar edilar.
Ha, ulug‘larimiz Ramazon oyida Qur’oni Karimga ana shunday muomalada bo‘lardilar. Biz ham Qur’on oyida Qur’onni ko‘proq o‘qiylik, oyatlarining ma’nosi borasida tafakkur qilib, qalbimizni poklashga urinaylik!
Alloh taoloning O‘zi bu borada barchamizga madad bersin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan imom-xatiblar va imom noiblari uchun qiroat darslari yo‘lga qo‘yilgan edi.
Shu munosabat bilan joriy yil 15 dekabr kuni Farg‘ona, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida qiroat darslarining ilk mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
"Qur’on va tajvidni o‘rgatish" va Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu darslarda Abdulloh qori Haydarov Jizzax viloyatida, Abdusamad qori Mamasoliyev Qashqadaryo viloyatida va Abdulbosit qori Eshqobilov Farg‘ona viloyatida amaliy mashg‘ulotlarni olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati