Tanlovga!
Barchamiz nimadir xarid qilish uchun bozorga borganmiz. Narsalarning bahosi ularning sifatiga qarab belgilanishi barchamizga ma’lum. Masalan, siz uy sotib olmoqchisiz. Uyning qay darajada shinamligi va boshqa shart-sharoitiga qarab uning narxi belgilanadi. Uning shinamliklari ortgani sari bahosi ham oshib boraveradi. Barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan uylarning bahosi o‘z-o‘zidan boshqalaridan keskin farq qiladi. Endi siz sotib olmoqchi bo‘lgan uy jannatda bo‘lsachi? Tabiiyki, uning bahosi ham siz to‘lashingiz mumkin bo‘lgan eng oliy “pul birligi” bilan belgilanadi.
Aslida, bu dunyo biz uchun jannat tomon yurib o‘tish yo‘li qilingan. Alloh taolo biz uchun belgilab qo‘ygan majburiyatlar biroz harakat va ozroq mashaqqatni talab qiladi. Namoz o‘qish, haj qilish va zakotni ado etish kabi barcha amallarda mashaqqat bo‘lmaganida jannat ham bo‘lmagan bo‘lardi. Ushbu mashaqqat bizning asl nafsimizga zid bo‘lgan amalni bajarishdan yuzaga keladi. Masalan, insonning nafsida mol-dunyoni yaxshi ko‘rish bor. Nafsimiz mol-dunyoni qo‘limizda tutib turishni, uni hech kimga bermaslikni talab qilsa shariat bizdan uning zakotini berishni talab etadi. Shunday qilib, biz nafsimizga zid bo‘lgan amalni bajarish bilan savobni qo‘lga kiritamiz va jannatning to‘lovini to‘laymiz. Xuddi shuningdek, ro‘za ham Alloh taolo bizga belgilagan farz amallar orasida eng mashaqqatlirog‘i sanaladi. Chunki, unda nafsimizga zid bo‘lgan bir emas, bir nechta – o‘zimiz xohlagancha taomlanishdan saqlanish, jinsiy ehtiyojdan tiyilish kabi amallarni bajarishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham Alloh taolo barcha ibodatlar bandaning o‘zi uchun ekanligi, faqatgina ro‘za U zot uchun bo‘lishi va ro‘zaning mukofotinini O‘zi berishini va’da qilgan.
Yuqorida uy sotib olish misolini besabab keltirib o‘tmadik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mashhur hadisi sharifda shunday marhamat qiladilar: “Albatta, jannatda Rayyon deb nomlanadigan eshik bor. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kiradi, ulardan boshqalar undan kirmaydi…” (Buxoriy rivoyati). Demak, kim jannatga Rayyon eshigidan kirishni, u yerdan o‘zi uchun qasrlar bunyod etishni istasa tabiatiga qanchalar zid bo‘lmasin ro‘za tutishi, u yerdagi xovlisi qanchalar go‘zal bo‘lishini istasa ushbu muborak oyda yaxshi amallarni ko‘paytirishi, bir so‘z bilan aytganda, fursat borida sarmoyasini yig‘ib jannat to‘lovini to‘lab qo‘yishi lozim bo‘ladi.
Iysoxon Yahyo tayyorladi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi