Davlatimiz tomonidan muborak Ramazon oyida yana bir xayrli, ulkan ahamiyatga ega “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 156 nafar vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarildi. Ular 30 may kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi.
Aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 14 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi. Unda turli ish beruvchi vazirliklar, tashkilot, korxona va muassasalar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov diniy-ma’rifiy sohadagi so‘nggi yangiliklar, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan e’tibor, oliygoh faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Uchrashuv davomida 2024-2025-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini bakalavr bosqichini 309 nafar, magistratura bosqichini 95 nafar talaba tamomlayotgani aytib o‘tildi.
Hamkor tashkilotlar ko‘lami yil sayin ko‘payib borayotgani, hozirgi kunga qadar Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangani bayon etildi.
Tadbirning amaliy qismida ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbatlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Alfraganus universiteti va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi. 100 dan ziyod talaba bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati