Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Qadr kechasi haqida 10 savolga 10 javob

30.05.2019   40627   3 min.
Qadr kechasi haqida 10 savolga 10 javob

Tanlovga!

  1. Savol: «Qadr» so‘zining ma’nosi nima?

    Javob: Ushbu so‘zning «yuksak sharaf», «miqdor» va «belgilangan vaqt yoki makon» kabi ma’nolari mavjud. 

  1. Savol: Nima uchun «Qadr kechasi» deya nomlangan?

    Javob: Ulamolar bu savolga bir qancha javoblar berishgan:

  • Bu kechaning darajasi juda ulug‘ bo‘lgani uchun;
  • Alloh taolo bu kechada duolarni ijobat qilgani uchun;
  • Bu kechada bedor bo‘lib ibodat qilganlarning ajr-savoblari bir necha barobar ko‘paytirib berilgani uchun;
  • Alloh taolo bu kechada qilingan solih amalni ming oydagi amaldan yaxshiroq qilib qo‘ygani uchun;
  • Bu kechada bedor bo‘lganlarning gunohlari kechirilgani uchun; 
  1. Savol: Bu kechaning boshqalaridan qanday ustunliklari bor?

    Javob: Uning kechaning boshqaridan bir qancha ustunliklari bor:

  • Ushbu kechada Qur’on Lavhul Mahfuzdan dunyo osmoniga nozil qilingan;
  • Bu kechada Alloh taolo farishtalarini osmondan yerga tushiradi;
  • Bu kecha omonlik va salomatlik kechasi bo‘ladi;
  1. Savol: Bu kechani qanday o‘tkazish kerak?

    Javob: Qur’on tilovati, namoz, zikr va duolar bilan ibodat qilib o‘tkazish lozim. 

  1. Savol: Bu kechada qoyim bo‘lishning hukmi nima?

    Javob: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bajargan va bunga targ‘ib qilgan amal bo‘lgani uchun sunnat amal sanaladi. 

  1. Savol: Ushbu kechada nima deb duo qilinadi?

    Javob: Ushbu kechada quyidagi duo ko‘proq aytiladi: «Allohumma innaka a’vuffun, tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy» (Ma’nosi: Allohim, Cen marhamatli Zotsan, afv etishni suyasan, meni kechirgin!). 

  1. Savol: Qadr kechasini Ramazonning qaysi kechalaridan izlash lozim?

   Javob: Ramazonning oxirgi o‘n kunligidagi toq kechalar, xususan, yigirma birinchi va yigirma yettinchi kechadan izlash maqsadga muvofiqdir. 

  1. Savol: U barcha Ramazon oylarida bo‘ladimi yoki faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlariga xosmi?

    Javob: U  qiyomatga qadar barcha Ramazon oylarida bo‘ladi.  

  1. Savol: Nima uchun uning aniq qaysi kun ekani maxfiy qolgan?

    Javob: Buning hikmatlaridan biri musulmonlarni ixlos va muhabbat bilan Ramazonning oxirgi o‘n kunligini to‘liq ibodat ila o‘tkazishga targ‘ib qilishdir. 

10. Savol: Kechaning qanchasida qoyim bo‘lish lozim?

      Javob: Kechaning ba’zisini ibodat bilan o‘tkazish mumkin, ammo to‘liq ibodat qilish afzaldir.

 

Manbalar asosida

Iysoxon Yahyo tayyorladi

Boshqa maqolalar

Olam o‘lyapti!

03.05.2025   17326   3 min.
Olam o‘lyapti!

Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.


"موت العالم موت العالم"


— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi: 


"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."


"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."

Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat  ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...

Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.

Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.

Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.

Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.

Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.

Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li