Tanlovga!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taboraka va taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ramazon oylar ichida yeng buyuk mag‘firatli, go‘zal oydir!
Ramazon oyining foydalari juda ulkan. Ramazon ro‘zasini tutmoqlik farz qilingan. Unda ming oydan ham yaxshiroq Qadr kechasi borligi, Qur’on nozil bo‘la boshlanganligi bilan u o‘n bir oydan ulkan farq qiladi. Ushbu oyda musulmonlarga ikki dunyoning manfaatlari cheksizdir. Bu oyda Allohning rahmati tinmay yog‘ilib turadi, duolar qabul bo‘ladi ayniqsa ro‘zadorning duosi, ota-onaning farzandiga bo‘lgan duosi, musofirning duolari mustajob bo‘lur. Ro‘zadorlarga farishtalar kun-u tun tilovatlar aytishadi.
Ramazon oyida Qur’oni karimni xatm qilish, xayr-u ehson qilish sunnatdir.
Bu oyda Jannat yeshiklari ochilib Jahannam yeshiklari yopiladi, itoatsiz jin-shaytonlar esa zanjirbandlanadi. Bu kunni barcha mo‘min - musulmonlar intizorlik bilan kutib, Olimu-ulamolar unga yetishish yo‘lida duoda bo‘lib turishadi. Ramazon ro‘zasini tutmoqlik faqat Alloh uchun va uning mukofotini o‘zi beradi. Ramazon ro‘zasini tutmoqlik do‘zax o‘tidan asrovchi vositadir.
Ramazon oyida barcha mo‘minlar birlashadi, masjidlarda taroveh namozlarida jamlanishib, barcha katta-kichik, boy-kambag‘allar xamma birdek tenglashadi, bir-birlari bilan tanishib, mexr-oqibatlari ziyoda bo‘ladi, hulqimiz go‘zallashadi, qolaversa saxovatlari oshib-toshib bir-birlaridan o‘zishga, musobaqalashib ko‘proq savobli ishlarga ulgurib qolishga xarakat qiladilar. Ro‘za tutishning salomatligimizga ta’siri juda katta hisoblanadi. Buni ro‘za tugagunicha yoki tugagandan so‘ng chuqurroq xis etamiz. Ramazonning fazilatlari xam shunda barcha mo‘min – musulmonlar bir- birlariga mehr-murruvatda bo‘lishlari maqsadga muvoffiq ekanligini barchamiz anglamog‘imiz darkor. Qolaversa shodlik, xursandchilikni birga baxam ko‘rishimiz, bir-birimizga qo‘ldan kelganicha yordam qo‘llarini uzatmog‘imiz, bir go‘zal, ulug‘ savob bo‘lur.
Ramazon oyida yoru-do‘stlar urishib qolishgan bo‘lsalar yarashganlari maqbul ishdir, yoki biz musulmonlarga, ularni yarashtirib qo‘yish behisob savoblarga ega bo‘lishdek baxt kalitiga muyassar bo‘lamiz. Xatto do‘st-dushmanlar xam bir –birlariga bo‘lgan o‘rtadagi adovatni unutib, mehr-muruvvatli bo‘lib qolishlari ajab emas! Zero Alloh raxmlilarning raximlisidir va birodariyu yaqinlariga do‘st–dushmanlariga rahm qilganlarni sevadi!
Ro‘za tutuvchilarning Jannatga Rayyon nomli maxsus eshik orqali kirishlari xususida shunday marxamat qilingan hadis bor.
Sahl roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Jannatda Rayyon nomli bir eshik bor, - deydilar Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, - bu eshikdan ro‘zani kanda qilmay tutganlargina kiradilar xolos. Qiyomat kuni ‹‹Ro‘zadorlar qani?›› deb nido qilinadi. Shunda, ular o‘rinlaridan turib mazkur eshikdan kirishadi. So‘ng, eshik yopiladi. Ulardan boshqa birorta odam bu eshikdan kira olmaydi››.
Ramazon oyining ruhimizga ta’siri juda kattadir!
Ramazon oyida ruhimiz tetiklashadi, qalblarimiz xayrli ishlar ortidan poklanadi, orom oladi, nafsimizni har-xil yomon ishlardin tiyib ruhimizni poklaymiz. Ko‘proq yaxshi ammalarni qilishga kirishib, yomonliklardan uzoqlashib ruhiy olamimizni go‘zallashtiramiz, uni faqat ochlikdan iborat emasligini asta –sekin faxmlaymiz va ruhiyatimizda, tanamizda qandaqdir go‘zal o‘zgarishlar bo‘layotganini sezib xotirjamlikga erishamiz, ruximiz batamom yengillashib, tarbiyalanib boraveradi, qolaversa buning ortidan yana o‘n bir oy davomida ro‘zaning shunday go‘zal odob-ahloq tarbiyaviy jixatlarini ruhimizga singdirgan xolda, shunday xolatda saqlab qolishga, uning bardavom bo‘lishga xarakat qilamiz.
Ramazon oyi hayotiy hikmatlar ila go‘zal bezalgan!
Unda musulmonlar Allohning bergan barcha sinovlariga sabr-toqat qilib chidamli bo‘lib o‘zini beodob so‘zlarni aytishdan, yolg‘on so‘zlarni gapirishdan, birovning dilini og‘ritishdan, qattiq gapirishdan, ko‘zlarini har xil haromdan, umum qilib aytganda Alloh taoloning barcha qaytargan narsalaridan o‘zlarini tiyadilar.
Ramozon oyi xayr-saxovat oyi, musulmonlar Allohning rozi bo‘lishi uchun savob umidida bir-birlarini ko‘proq yo‘qlab, iftorliklar qilishadi, ayniqsa qariyalarni, kasalmand, beva- bechoralarni, yaqin va uzoq qarindoshlarining xolidan xabar olishdan va bir-birlariga xursandchilik ulashishdan charchashmaydi. Biroq bir narsani unutmasligimiz kerak! U xam bo‘lsa isrofgarchilik qilishdan xoli bo‘lishga, Alloh bergan ne’matlariga kufr keltirmaslik uchun xushyor xolda bo‘lishimiz barchamizga foydalidir.
Ramazon oyining fazilatlari juda ko‘p uni sanab sanog‘iga yetishingiz amri maholdir. Ramazonda bir kecha borki U ming oydan xam yaxshidir U Laylatul Qadr kechasidir. Laylatul Qadr kechasining fazilati haqida Alloh taolo bunday deydi:
‹‹Albatta, Biz uni (Qur’onni ‹‹Lavhul-Mahfuz››dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik. ( Ey Muxammad!) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kechada farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan ( yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U ( kecha ) to tong otgunicha salomatlikdir›› ( Qadr surasi).
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar. ‹‹Kimki Qadr kechasida imon-e’tiqod va savob umidida qoim bo‘lsa oldingi gunohlari kechiriladi››.
Ro‘zaga nisbatan rag‘bat uyg‘otish, unga sharaf uyg‘otish, qalbni poklanishi, ruxni tarbiyalanishi, ahloq-odobni go‘zallanishi, undagi barcha man qilingan narsalardan tiyilishi,unda sabrning kuchayishi, yuqoridagi barcha aytilganlarga ustun qo‘yib aytsak, uning foydalari, xayr-barakasi, duolarning mustajob bo‘lishi, barcha –barcha yaxshiliklarning ko‘payishi, boshqa oylarda biror-bir savob uchun qilingan ishga bir savob berilsa, bu oyda ming barobar savob bo‘lishi, bu oyda olingan savoblarni, boshqa oylarda ming urinsak xam topaolmasligimiz, kishida ro‘zaga nisbatan rag‘bat uyg‘otadi desak mubolag‘a bo‘lmas. Vallohu a’lam!
So‘zlarimni nihoyasida shularni xolisona aytamanki, Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin, iymonimiz mustahkam bo‘lsin, bir-birimizga bo‘lgan mehr-muruvvatimiz oshib boraversin!
Xato va kamchiliklarimni Allohning o‘zi kechirsin! Ilmu-zehnimni ziyoda qilsin.
Muallif: Zoirjon o‘g‘li Ibroxim Xidoyatov.
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati