Bugun, 29 may – Ramazon oyining fayzli kunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent shahri Olmazor tumani “Siroj Solih” jome masjidining yangidan barpo etilayotgan binosining birinchi g‘ishtini qo‘yib berish uchun tashrif buyurdilar. Jome masjid poydevoriga tamal toshini qo‘yish jarayonida muftiy hazratlari ushbu masjid mo‘min-musulmonlar uchun ziyo va hidoyat tarqatuvchi, yoshlar ma’rifati yuksalishida hissa qo‘shadigan dargoh bo‘lishini tilab, duoi xayrlar qildilar.
Toshkent shahrining Qora-qamish mavzesidagi “Siroj solih” jome masjidi 1990 yillarda Sobiq sho‘rolar davridagi qatag‘on siyosati oqibatida o‘z yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan Sirojiddin Solih ismli vatandoshimizning vasiyatiga ko‘ra, u kishining mablag‘lari hisobidan qurilgan.
Qariyb 30 yil mobaynida masjid ta’mirtalab holga kelib qoldi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surishdi. Ushbu xayrli tashabbus mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangach shu yilning yanvar oyida masjidda qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
2000 metr kvadrat maydonida quriladigan masjid loyihasi o‘ziga xosligi, milliy hamda zamonaviy masjidlarning uslublarini o‘zida aks ettirganligi bilan ajralib turadi. Xonaqoh va pastki qism jami 3500 namozxonni sig‘dirishga mo‘ljallangan. Shuningdek, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o‘rin olishi rejalashtirilgan.
Tadbirda ulamolar, mahalla faollari, mo‘ysafid otaxonlar va keng jamoatchilik vakillari ham ishtirok etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov