frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qadr kechasi alomatlari

29.05.2019   44417   3 min.
Qadr kechasi alomatlari

Tanlovga!

Qur’oni karimda qadr kechasining ming oydan yaxshiroq ekanligi zikr qilingan. Hadisi shariflarda ham ushbu kechani topgan va uni bedor bo‘lib ibodat bilan o‘tkazgan insonning gunohlari kechirilishi marhamat qilingan. Ulamolarimiz hadislar va sahobayi kiromlarning so‘zlaridan xulosa qilib qadr kechasining bir qancha alomatlari bo‘lishini aytishgan. Quyida shu haqida so‘z yuritamiz.

  • Havoning mo‘tadil bo‘lishi va shamol sokin esishi. Ibn Xuzayma Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qadr kechasi nurli, ochiq, sovuq ham, issiq ham bo‘lmagan kechadir. Uning tongida Quyosh nursiz qizil bo‘lib chiqadi». Boshqa hadisda ushbu kecha sokin bo‘lib unda yomg‘ir yog‘ishi ham mumkinligi aytilgan. Demak, havo mo‘tadil bo‘lishi, o‘ta issiq yoki o‘ta sovuq bo‘lmasligi, shu bilan birgalikda, ba’zida sokin, yomg‘irli kecha bo‘lishi qadr kechasining alomatlaridan biri ekan.
  • Farishtalar tushishi sabab qalb xotirjam bo‘lishi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «Albatta, farishtalar o‘sha kechada yerda mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi». Ushbu kechada yerda farishtalar ko‘pligidan inson boshqa kechalarda his qilmagan qalb xotirjamligi, ko‘ngil kengligi va ibodat lazzatini his qiladi.
  • Tongda Quyoshning nursiz bo‘lishi. Imom Muslim Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qadr kechasining tongida Quyosh to ko‘tarilguniga qadar nursiz, xuddi tog‘ora kabi chiqadi». Ushbu hadisni sharhlagan Qozi Iyoz ikki xil ko‘rinish ehtimoli bo‘lishi mumkinligini aytganlar. Birinchisi, bu alomat ayni shu hadis aytilgan vaqtdagi qadr kechasiga xos ekanligi va boshqalariga xoslanmagani; ikkinchisi, bu holat faqat qadr kechasiga xos bo‘lishi; Ba’zilar kechasi tushgan farishtalar quyosh chiqayotganda samoga ko‘tarilib Quyoshning nurini to‘sishi va shu sabab u nursiz chiqishini aytishgan. Demak, ushbu holatni ham qadr kechasi alomati sifatida qabul qilish mumkin ekan.
  • Ushbu kechaning salomatlik kechasi bo‘lishi. Alloh taolo aytadi: «U to tong otguncha salom bo‘lib turadir» (Qadr surasi, 5. Tafsiri hilol). Mashhur mufassirlardan Qatoda va Ibn Zayd ushbu oyatni shunday sharhlashgan «Uning barchasi yaxshilik, to tong otgunicha unda yomonlik bo‘lmaydi».

Aslida, yuqorida biz sanab o‘tgan alomatlar odatda qadr kechasi o‘tgandan so‘ng bilinadi. Hadisi shariflarda ushbu alomatlar zikr qilinishidan maqsad esa ushbu kechani topgan va uni ibodat bilan o‘tkazgan insonlar Alloh taolo ularni ana shunday ne’matga musharraf etgani uchun Unga hamd aytishlari hamda ko‘ngillari xotirjam bo‘lishi uchundir. Ushbu muborak kechani topish uchun esa ulamolarimiz Ramazonning oxirgi o‘n kunini g‘animat bilib, unda ibodat bilan bilan bedor bo‘lishni tavsiya qilishgan. Alloh taolo barchamizga ushbu kechani topishni va ulkan savoblarni qo‘lga kiritishni nasib aylasin!

 

Manbalar asosida

Iysoxon Yahyo tayyorladi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

11.08.2026   45993   1 min.
Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.

Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.

Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.

Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.

Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
O'zbekiston yangiliklari