Ramazon oyining so‘nggi kechalari Toshkent viloyatida Qur’oni karim xatmonalari bilan yanada fayzli o‘tmoqda. Shu kunga qadar viloyatda 80 dan ziyod masjidlarda xatmonalar yakunlandi. Qutlug‘ oyning barakotidan barcha birdek bahramand bo‘lishga oshiqmoqda. Buni odamlarning xayrli ishlarga harisligi, ibodatga oshuftaligi va farzu sunnat amallarini bajarishga e’tibori oshganidan yaqqol sezish mumkin.
Yurtimizda o‘zining fayzu barakasi bilan o‘tayotgan Ramazon oyining hikmatlari juda ko‘p, ayniqsa, hufton namozidan keyin taroveh namozining o‘qilishi eng huzurbaxsh onlar, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ramazonda doim ado qilgan taroveh namozi ta’kidlangan sunnat amal hisoblanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ramazon haqida “Kim unda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi” deganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy rivoyati).
Kuni kecha mana shunday sharif oyning fayzli oqshomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi “Abdulloh ibn Abbos” jome masjidiga tarovih namozini mo‘min-musulmonlar bilan birga-birga ado etish uchun tashrif buyurdilar. Hazratning tashriflarini eshitib, ko‘zlari Ramazon shukuhi ila chaqnagan, yuzlari nurli, yoshlari ulug‘ otaxonlar hamda Haq kalomiga some bo‘lishga muhabbbatli namozxonlar jomega kelishdi.
Masjidni fayzga to‘ldirib turgan namozxonlarni muftiy Usmonxon Alimov hazratlari muborak Ramazon oyi kechalari bilan qutlab, ushbu oyning fazilatlari, yurtimizdagi mingdan ziyod masjidlarda bo‘layotgan xatmi Qur’onlar barakoti, qutlug‘ oyning avvalida poytaxtimizda ikki muhtasham masjid ochilgani, bu jarayonlarga xorijlik mutaxassislar yuqori baho berayotgani, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarning tag zamirida xalqni rozi qilish, mo‘min-musulmonlarning xursand qilish kabilar turganini so‘zladilar.
Muftiy hazrat so‘zlarida davom etib, Toshkent tumanidagi “Abdulloh ibn Abbos” jome masjidida juda ko‘p mashhur qorilar, xususan, Ayubxon qori Supiyev, Abduhakim qori Matqulov kabilar avval shu masjidda xatmi Qur’onga o‘tganlarini alohida ta’kidladilar.
Ushbu Qur’on xatmonasiga fazilatli va mo‘tabar ustozlar ham jam bo‘lib, xatmonaga fayz baxshida etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
2024 yilgi hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari etmoqda.
Mavsum boshidan hozirga qadar o‘tkazilgan 96 ming 590 ta tadbir doirasida 590 382 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. Ularning oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, tinchlik qadri, shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazilmoqda.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati