Tanlovga!
Har qanday musulmon borki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga ergashishga va unga to‘liq amal qilishga urinadi. Chunki, Alloh taolo o‘z oyati karimasida u zotni maqtab shunday deydi:
لَّقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا
Batahqiq, sizlar uchun–Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi. (Ahzob surasi 21-oyat).
Biz siz azizlarga Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyini qanday o‘tkazganliklarini qisqacha keltirib o‘tmoqni niyat qildik.
Xo‘p, bu oyda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qanday amallar bilan mashg‘ul bo‘lganlar?
Quyida sizga u zotning bu oyda qilgan amallarning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
- Saharlikni ohirgi vaqtigacha kechiktirar, iftorlikni tezlashtirar edilar. Sahobalarni ham shunday qilishga buyurar edilar. Ya’ni iftorlikni Quyosh botishi bilan qilar edilar. Lekin ba’zi musulmonlarda iftorlikni shom namozidan keyin hatto, hufton namozigacha kechiktirib xatoga yo‘l qo‘yadilar. Huddi shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarni saharlik qilishga undar edilar.
- Quyomul Layl ( tungi namoz)ni ko‘paytirar edilar.
- Qur’on qiroat qilishni ziyoda qilar edilar. Har Ramazon oyida Qur’oni Karimni Jabroil alayhissalomga bir marotaba o‘qib berar edilar.
- Alloh yo‘lida ko‘plab Xayr-ehson qilar edilar. Vaholanki, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiysi edilar. Lekin u zotning saxiyliklari bu oyda yana ham ziyoda bo‘lar edi.
- Fitr sadaqasini iyd namoziga chiqishdan oldin berar va sahobalarni ham shunga buyurar edilar.
عَن ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنهما قَالَ: "فَرَضَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ زَكَاةَ الْفِطْرِ مِنْ رَمَضَانَ صَاعًا مِنْ تَمْرٍ، أَوْ صَاعًا مِنْ شَعِيرٍ عَلَى الْعَبْدِ وَالْحُرِّ، وَالذَّكَرِ وَالْأُنْثَى، وَالصَّغِيرِ وَالْكَبِيرِ مِنَ الْمُسْلِمِينَ". رَوَاهُ البخاري
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini qulga ham, hur insonga ham, erkak-ayol, katta-kichik musulmonlarga bir so’ hurmo va arpadan berishni farz qildilar”.( Imom Buxoriy rivoyati).
- oxirgi o‘n kunlikni ko‘proq ibodat bilan o‘tkazar edilar.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: "كَانَ رَسُولُ اللهِ ﷺ إِذَا دَخَلَ العَشْرُ أَحْيَى اللَّيْلَ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ، وَشَدَّ المِئْزَرَ"
Oyisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning ohirgi o‘n kunligi kirganda kechalarni bedor o‘tkazar, ahllarini ham uyg‘otar va izorlarini shimarar edilar”. (Imom Muslim rivoyati).
Ba’zilar hadisdagi «izorlarini shimarar edilar » degan gapni, ibodatga ko‘proq vaqt bo‘lishi uchun ayollaridan tiyilar edilar deb tafsir qilishgan. Ba’zilar esa ibodatga qattiq kirishganlaridan kinoya tarzda keltirilyapti deganlar.
- Oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar. Bu payt ayollardan va barcha ishlardan uzoqlashib, vaqtlarini zikr, tavba va ibodatlar bilan o‘tkazar edilar.
Alloh taolo barchamizni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga mukammal tarzda ergashuvchi va qiyomatda shafoatlariga sazovor bo‘luvchi bandalardan qilsin.
Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Toshkent Islom instituti 2- kurs talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin.
Doktor Mustafo Mahmud aytadilar:
"Bir kuni bir ona menga shikoyat qilib bunday dedi:
— O‘g‘limning xotiniga bo‘lgan muhabbati menga bo‘lgan muhabbatidan kuchliroq.
Men undan so‘radim:
— Pomidor yaxshimi yoki apelsin?
U ajablangancha menga qarab:
— Bunday solishtirish noto‘g‘ri, chunki pomidor sabzavot, apelsin esa mevalardan, — dedi.
Men unga shunday javob berdim:
— Muhabbat ham huddi shunday, uning ham turlari ko‘p va bir turini boshqa biri bilan solishtirish to‘g‘ri emas.
Ona mendan tushuntirishimni so‘radi.
Men davom etdim:
— Siz — onasiz, siz o‘g‘lingiz uchun yerdagi jannatsiz, o‘g‘lingiz esa qalbingizning bir bo‘lagi. Uning sizga bo‘lgan muhabbati ibodatdir. Xotini esa uning jufti, Alloh uni unga baxt uchun yaratgan, uning xotiniga bo‘lgan muhabbati esa, saodatdir.
Shuning uchun o‘g‘lingizga ibodatda yordamchi bo‘ling va uning baxti uchun ayoliga bo‘lgan muhabbatini qo‘llang. Uning sizga bo‘lgan muhabbatini boshqa muhabbat bilan solishtirib, uning qadrini tushirmang. O‘g‘lingizni erkin qo‘ying, shunda uning qalbi sizni o‘z ixtiyori bilan qayta topadi va jannatni siz orqali izlaydi.
Shunda ona boshini silkitib gapimni tasdiqladi va yuzini rozilik nurli yoritdi. U ketar ekan, takrorlar edi:
— Uning menga bo‘lgan muhabbati ibodat, xotiniga bo‘lgan muhabbati esa saodat. Men unga ibodatini mukammal qilishida yordam berishim va xotini bilan baxtli bo‘lishiga qo‘yib berishim kerak.
Azizim ona...
Bu suhbatimizni xotirangizda saqlang. O‘g‘lingiz turmush qurganida shu so‘zlarni eslang va uning xotini bilan baxtli yashashiga qo‘yib bering. Uning sizga bo‘lgan muhabbati va itoati ila ibodati mukammal bo‘lishiga yordamchi bo‘ling. Bu gaplarni hecham unutmang: "Agar sizga itoat qilishini istasangiz, unga toqati yetadigan ishni buyuring".
Onaga bo‘lgan muhabbat — ibodat,
Xotinga bo‘lgan muhabbat — saodat.
Har ikki muhabbat ham qalbdan chiqadi, ammo turli xil va ularni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Shunday ekan, ibodatingizni go‘zal ado eting va baxtli bo‘ling".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV