frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazon oyida Payg‘ambarimizning amallari qanday bo‘lgan ?

29.05.2019   44345   4 min.
Ramazon oyida Payg‘ambarimizning amallari qanday bo‘lgan ?

Tanlovga! 

Har qanday musulmon borki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga ergashishga va unga to‘liq amal qilishga urinadi. Chunki, Alloh taolo o‘z oyati karimasida u zotni maqtab shunday deydi: 

لَّقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا

Batahqiq, sizlar uchun–Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi. (Ahzob surasi 21-oyat).

Biz siz azizlarga Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyini qanday o‘tkazganliklarini qisqacha keltirib o‘tmoqni niyat qildik.

Xo‘p, bu oyda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qanday amallar bilan mashg‘ul bo‘lganlar?

Quyida sizga u zotning bu oyda qilgan amallarning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:  

- Saharlikni ohirgi vaqtigacha kechiktirar, iftorlikni tezlashtirar edilar. Sahobalarni ham shunday qilishga buyurar edilar. Ya’ni iftorlikni Quyosh botishi bilan qilar edilar.  Lekin ba’zi musulmonlarda iftorlikni shom namozidan keyin hatto, hufton namozigacha kechiktirib xatoga yo‘l qo‘yadilar. Huddi shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarni saharlik qilishga undar edilar.

   - Quyomul Layl ( tungi namoz)ni ko‘paytirar edilar.

   - Qur’on qiroat qilishni ziyoda qilar edilar. Har Ramazon oyida Qur’oni Karimni Jabroil alayhissalomga bir marotaba o‘qib berar edilar.

   - Alloh yo‘lida ko‘plab Xayr-ehson qilar edilar. Vaholanki, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiysi edilar. Lekin u zotning saxiyliklari bu oyda yana ham ziyoda bo‘lar edi.

   - Fitr sadaqasini iyd namoziga chiqishdan oldin berar va sahobalarni ham shunga buyurar edilar.

عَن ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنهما قَالَ: "فَرَضَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ زَكَاةَ الْفِطْرِ مِنْ رَمَضَانَ صَاعًا مِنْ تَمْرٍ، أَوْ صَاعًا مِنْ شَعِيرٍ عَلَى الْعَبْدِ وَالْحُرِّ، وَالذَّكَرِ وَالْأُنْثَى، وَالصَّغِيرِ وَالْكَبِيرِ مِنَ الْمُسْلِمِينَ". رَوَاهُ البخاري

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini qulga ham, hur insonga ham, erkak-ayol, katta-kichik musulmonlarga bir so hurmo va arpadan berishni  farz qildilar”.( Imom Buxoriy rivoyati).

   - oxirgi o‘n kunlikni ko‘proq ibodat bilan o‘tkazar edilar. 

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: "كَانَ رَسُولُ اللهِ ﷺ إِذَا دَخَلَ العَشْرُ أَحْيَى اللَّيْلَ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ، وَشَدَّ المِئْزَرَ"  

Oyisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning ohirgi o‘n kunligi kirganda kechalarni bedor o‘tkazar, ahllarini ham uyg‘otar va izorlarini shimarar edilar”. (Imom Muslim rivoyati).

 Ba’zilar hadisdagi «izorlarini shimarar edilar » degan gapni, ibodatga ko‘proq vaqt bo‘lishi uchun ayollaridan tiyilar edilar deb tafsir qilishgan. Ba’zilar esa ibodatga qattiq kirishganlaridan kinoya tarzda keltirilyapti deganlar.

   - Oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar. Bu payt ayollardan va barcha ishlardan uzoqlashib, vaqtlarini zikr, tavba va ibodatlar bilan o‘tkazar edilar.

 Alloh taolo barchamizni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga mukammal tarzda ergashuvchi va qiyomatda shafoatlariga sazovor bo‘luvchi bandalardan qilsin.

 

Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Toshkent Islom instituti 2- kurs talabasi

Muhammad Ali Muhyiddin.

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   53563   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari