frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nima uchun saharlik qilish kerak?

29.05.2019   43052   3 min.
Nima uchun saharlik qilish kerak?

Tanlovga!

Ko‘pchilik insonlar kunduzi turli xil kasb va tijoratlari bilan band bo‘lishadi. Tabiiyki, Ramazonda ham bu holat davom etadi va bunga kechalari taroveh namozlarini ado etish ham qo‘shiladi. Natijada, ko‘pchilik toliqadi, saharlikka turishga qiynaladi va saharlikka turmasdan ham ro‘za tutish mumkin yoki mumkin emasligi haqida savollar berishadi. Aslini olganda ulamolarimiz bir inson uxlab qolib yoki boshqa bir sababli saharlik qilolmay qolsa tutgan ro‘zasi ro‘za bo‘laverishini aytishgan, ammo e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan boshqa bir jihat ham mavjud. Biz mo‘minlar o‘zimiz uchun yuksak namuna bo‘lgan Zot – suyukli Habibimizga ergashish, sunnatlarini mahkam tutishga buyurilganmiz. U zot esa bizga saharlik qilishimizni buyurganlar.

عن أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «تَسَحَّرُوا فَإِنَّ فِي السَّحُورِ بَرَكَةً» رواه مسلم.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor», dedilar. Muslim rivoyati.

Demak, saharlik qilish avvalo U zotning sunnatlariga ergashish ekan. Sunnatga ergashish esa Qiyomat kuni U zotning shafoatlariga noil bo‘lishga sabab bo‘ladi. Ataylab, saharlik sunnat ekanligini mensimagan holda tark etish esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan hurmatsizlik bo‘lib bu ish gunohkor bo‘lishga olib boradi. Yuqoridagi hadisi sharifdan saharlik qilishda baraka bor ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ulamolar saharlikdagi baraka bir necha jihatdan bo‘lishi mumkinligini aytishgan:

  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlarini bajarish orqali sunnatga ergashish va ajrga ega bo‘lish;
  • Ahli kitoblarning ro‘zasiga xilof qilish. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Bizning ro‘zamiz va ahli kitoblarning ro‘zasi o‘rtasidagi farq saharlik taomidir», deya marhamat qilganlar;
  • Saharlik bilan ibodatga kuch-quvvat to‘plash va tetiklikni ziyoda qilish;
  • Kunduzi ochlik sababli yuz beradigan asabiylik kabi yomon xulqlardan himoyalanish;
  • Saharlikning duolar ijobat bo‘ladigan kechaning oxirgi qismida zikr va duolarga sabab bo‘lishi;
  • Uxlab qolmasdan ro‘za niyatini yangilab olish;

Imom Saraxsiy aytadilar: «Ro‘za bilan nafsga kurashish orqali Allohga yaqin bo‘lish hosil bo‘ladi. Nafsga qarshi kurash esa ikki yo‘l bilan yuzaga chiqadi. Birinchisi, taomga ishtaha bo‘lib turishiga qaramay nafsni taomdan tiyib turish, ikkinchisi esa (saharlik uchun) uyqu shirin paytda uyg‘onishdir».

Bundan tashqari saharlik qilishning fazilatli amal ekanligiga dalolat qiluvchi bir qancha hadisi shariflar mavjud. Demak, imkon qadar yaxshi niyat bilan, sunnatga ergashish maqsadida bir qultum suv bilan bo‘lsada saharlik qilish juda katta ajr-savobga sabab bo‘ladi va tutiladigan ro‘zaning ajriga ajr qo‘shiladi. Alloh taolo barchamizga ushbu ajru savoblarni qo‘lga kritishni nasib aylasin!

Iysoxon Yahyo tayyorladi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   63325   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari