Orziqib kutgan Ramazonimizning ham uchdan ikki qismi o‘tib bo‘ldi… Alloh taolo O‘zi aziz qilgan oy… Undagi har bir yaxshiliklar, ibodatlar, tasbehu zikrlarning qanchalar bizlarga foyda keltirishini biz bandalar tasavvur ham qila olmaymiz. Shu bois Sarvari olam solallohu alayhi vasallam: “Agar ummatlarim Ramazon fazilati va undagi bo‘ladigan mukofatlar ko‘pligini bilganlarida edi, yil bo‘yi Ramazon bo‘lishini orzu qilishar edi”, deya marhamat qilganlar.
Ramazon o‘tib boryapti, unda boshlangan xatmi Qur’onlar ham asta-sekin tugab boryapti. Ramazonning ta’rifini go‘zal eshityapmizu, lekin aslida biz undan qanchalik foydalanib qolyapmiz? Ro‘zani qalban tutgan, qo‘lidan kelganicha sahovat, yaxshilikda faol bo‘lgan, kechalari Qur’oni karimga muhabbat bilan tarovihlarda tik turgan e’tiqod sohiblaridan bo‘la olyapmizmi?
Masjidlarda havasli manzaralar… Hech bir narsaga qiyoslab bo‘lmas va hech qachon tark etging kelmas ilohiy rahmat muhiti hukmron. Bu joyda pokiza qalb sohiblari Robbilari bilan suhbat qurmoqdalar. Unga munojotlar qilib, shashqator yoshlar ila xatolari, gunohlariga istig‘forlar aytmoqdalar… Bandalikning, insoniylikning yuksak maqomi, pokiza fitratning shamoyilidir bu holat…
Poytaxtimizning ko‘hna masjidlaridan biri bo‘lmish “Hoja Ahror Valiy” jome masjidida ham kuni kecha Qur’oni karim xatmonasi bo‘lib o‘tdi. Kalomullohni 23 kun davomida hofizi Qur’on qorilar: o‘tkir va go‘zal savti bilan mashhur Samixon Isroilov, mazkur masjid muazzini Yunusjon Siddiqov va Abdunasir Ortiqqoriyevlar tartil bilan, go‘zal savt bilan o‘qib, nihoyasiga yetkazib berishdi. Go‘zal tasbih, hamdlar o‘qildi.
Imom-xatib Isomiddin domla Ahrorov boshchiligidagi masjid jamoasi xatmona kechasiga alohida tayyorgarlik ko‘rishgan. Jamoatni muborakbod etish uchun tashrif buyurgan ulamolar, imom domlalarning suhbatlari, va’zu irshodlari yig‘ilganlarga eng muhim ozuqa, ta’rif etib bo‘lmas ruhiy oromni tortiq etdi. Bu oqshom chinakam Qur’on bayrami, ma’naviy ziyofatga aylandi. Unda hozir bo‘lganlar esa insoniyatning qalbida iymon gavhari yarqiragan eng baxtli toifalari edi.
Xatmona marosimi portalimizning ijtimoiy tarmoqlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatilib bordi. Videoga bildirilayotgan izohlarni o‘qir ekanman: “Qani endi men ham shu safda bo‘lganmda.... Ko‘chada o‘tirishga ham rozi edim...”, deya yozilgan izoh e’tiborimni tortdi. Ha, bu onlarni qadrini bilgan musulmon bedorlikni ixtiyor etadi, Robbisi tomon oshiqadi. Bunda eng totli lazzat - iymon lazzati, qalb rohatini tuyadi. Aksincha, shu paytda ham g‘aflat va ma’siyat domida yurganlar chirkin hayoti aro tubanlashib boraveradi. Alloh saqlasin.
Duolar qabul bo‘lguvchi bu ulug‘ kechada ko‘plab duolar qilindi: eshitgan Qur’onimiz shafoati, jannatga hujjat, jahannamga parda bo‘lishligi, yurtimiz tinchligi, xalqimizning farovonligi, butun musulmon olami tinchligi, birdamligi, iymonimiz, qalbimiz salomatligi, ikki dunyo saodatini tilab va albatta xatmi Qur’on qilib bergan qorilar haqqlariga chin ixlos ila duolar qilindi.
Bu kecha eng yuqori darajada turgan yuzlari munavvar qorilarga butun jamoat havas qildilar, bizning zurriyotlarimizdan ham ana shunday hofizi Kalomullohlar chiqsin deya qalbdan iltijolar qildilar.
Ha, Ramazon bizda, bizning o‘lkada shunday o‘tmoqda! Bu damlar uchun O‘zingga behisob shukurlar bo‘lsin Buyuk Tangrimiz!
Aziz dindoshim, xatmi Qur’onlar boshqa masjidlarimizda davom etmoqda. Agar hali tarovihga bora olmagan bo‘lsangiz, albatta boring, yana fursat bor. G‘animat ramazon kechalarining shukuhini, rahmat onlarini his etmay, rohat topmasdan Ramazonni tugatib qo‘ymang.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Rasmlar muallifi Shahzod Shomansur
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan e’lon qilingan "Huquqiy savodxonlik oyligi" doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, maxsus kurslar va seminar-treninglar boshlandi.
Bulardan dastlabkisi 2025 yil 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maxsus kurs Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, Mir Arab oliy madrasasi rektori J.Elov shuningdek, ustoz va talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, Konsepsiyaning ahamiyati, 2025 yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan joriy etilgan yangi tizimlar haqida fikrlar bildirildi.