Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Xatmonadagi o‘ylar... (Fotomaqola)

29.05.2019   4921   5 min.
Xatmonadagi o‘ylar... (Fotomaqola)

 

Orziqib kutgan Ramazonimizning ham uchdan ikki qismi o‘tib bo‘ldi… Alloh taolo O‘zi aziz qilgan oy… Undagi har bir yaxshiliklar, ibodatlar, tasbehu zikrlarning qanchalar bizlarga foyda keltirishini biz bandalar tasavvur ham qila olmaymiz. Shu bois Sarvari olam solallohu alayhi vasallam: “Agar ummatlarim Ramazon fazilati va undagi bo‘ladigan mukofatlar ko‘pligini bilganlarida edi, yil bo‘yi Ramazon bo‘lishini orzu qilishar edi”, deya marhamat qilganlar.

 

 

Ramazon o‘tib boryapti, unda boshlangan xatmi Qur’onlar ham asta-sekin tugab boryapti. Ramazonning ta’rifini go‘zal eshityapmizu, lekin aslida biz undan qanchalik foydalanib qolyapmiz?  Ro‘zani qalban tutgan, qo‘lidan kelganicha sahovat, yaxshilikda faol bo‘lgan, kechalari Qur’oni karimga muhabbat bilan tarovihlarda tik turgan e’tiqod sohiblaridan bo‘la olyapmizmi?

 

 

Masjidlarda havasli manzaralar… Hech bir narsaga qiyoslab bo‘lmas va hech qachon tark etging kelmas ilohiy rahmat muhiti hukmron. Bu joyda pokiza qalb sohiblari Robbilari bilan suhbat qurmoqdalar. Unga munojotlar qilib, shashqator yoshlar ila xatolari, gunohlariga istig‘forlar aytmoqdalar… Bandalikning, insoniylikning yuksak maqomi, pokiza fitratning shamoyilidir bu holat…

 

 

Poytaxtimizning ko‘hna masjidlaridan biri bo‘lmish “Hoja Ahror Valiy” jome masjidida ham kuni kecha Qur’oni karim xatmonasi bo‘lib o‘tdi. Kalomullohni 23 kun davomida hofizi Qur’on qorilar:  o‘tkir va go‘zal savti bilan mashhur Samixon Isroilov, mazkur masjid muazzini Yunusjon Siddiqov va Abdunasir Ortiqqoriyevlar tartil bilan, go‘zal savt bilan o‘qib, nihoyasiga yetkazib berishdi. Go‘zal tasbih, hamdlar o‘qildi.

 

 

Imom-xatib Isomiddin domla Ahrorov boshchiligidagi masjid jamoasi xatmona kechasiga alohida tayyorgarlik ko‘rishgan. Jamoatni muborakbod etish uchun tashrif buyurgan ulamolar, imom domlalarning suhbatlari, va’zu irshodlari yig‘ilganlarga eng muhim ozuqa, ta’rif etib bo‘lmas ruhiy oromni tortiq etdi. Bu oqshom chinakam Qur’on bayrami, ma’naviy ziyofatga aylandi.  Unda hozir bo‘lganlar esa insoniyatning qalbida iymon gavhari yarqiragan eng baxtli toifalari edi.

 

 

Xatmona marosimi portalimizning ijtimoiy tarmoqlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatilib bordi. Videoga bildirilayotgan izohlarni o‘qir ekanman: “Qani endi men ham shu safda bo‘lganmda.... Ko‘chada o‘tirishga ham rozi edim...”, deya yozilgan izoh e’tiborimni tortdi. Ha, bu onlarni qadrini bilgan musulmon bedorlikni ixtiyor etadi, Robbisi tomon oshiqadi. Bunda eng totli lazzat - iymon lazzati, qalb rohatini tuyadi. Aksincha, shu paytda ham g‘aflat va ma’siyat domida yurganlar chirkin hayoti aro tubanlashib boraveradi. Alloh saqlasin.

 

 

Duolar qabul bo‘lguvchi bu ulug‘ kechada ko‘plab duolar qilindi: eshitgan Qur’onimiz shafoati, jannatga hujjat, jahannamga parda bo‘lishligi, yurtimiz tinchligi, xalqimizning farovonligi, butun musulmon olami tinchligi, birdamligi, iymonimiz, qalbimiz salomatligi, ikki dunyo saodatini tilab va albatta xatmi Qur’on qilib bergan qorilar haqqlariga chin ixlos ila duolar qilindi.

Bu kecha eng yuqori darajada turgan yuzlari munavvar qorilarga butun jamoat havas qildilar, bizning zurriyotlarimizdan ham ana shunday hofizi Kalomullohlar chiqsin deya qalbdan iltijolar qildilar.

 

 

Ha, Ramazon bizda, bizning o‘lkada shunday o‘tmoqda! Bu damlar uchun O‘zingga behisob shukurlar bo‘lsin Buyuk Tangrimiz!

 

 

Aziz dindoshim, xatmi Qur’onlar boshqa masjidlarimizda davom etmoqda. Agar hali tarovihga bora olmagan bo‘lsangiz, albatta boring, yana fursat bor. G‘animat ramazon kechalarining shukuhini, rahmat onlarini his etmay, rohat topmasdan Ramazonni tugatib qo‘ymang.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi

Rasmlar muallifi Shahzod Shomansur

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Maktub

14.07.2025   1107   3 min.
Maktub

Bir ota uzoq shaharga safar qildi. Ayoli va uch farzandi esa vatanda qolishdi. Bolalari uni juda yaxshi ko‘rishar va hurmat qilishar edi.

Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.

Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:

– Onang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.

Ota dedi:

– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q!

Ota yana so‘radi:

– Ukang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.

Ota hayratlanib dedi:

– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il javoban:

– Yo‘q, – dedi.

Ota dedi:

– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.

Ota darg‘azab bo‘lib dedi:

– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.

 

Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!

Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!

Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim. 

Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi
Ibratli hikoyalar