Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Oylar sultoni – Ramazon

28.05.2019   40438   11 min.
Oylar sultoni – Ramazon

Tanlovga!

Alloh taoloning marhamatini qarangki, bu yilgi Ramazon oyi boshqa yildagi Ramazon oylarga qaraganda fayzli va ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Mana shunday Ramazon kechalarining birida iftorlik qilish uchun chaqirilgan joyga borar ekanman, Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib, shunday muborak Ramazon oyida ro‘zadorlarga iftorlik qilib berishni niyat qilgan kishi kim ekan o‘zi degan savol mening xayolimni qamrab oldi. Sababi, Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhu: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisida: «Kim ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga ro‘zadorning ajricha ajr beriladi, lekin ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaymaydi» - deb bobomiz Imom Termiziy hazratlarining  rivoyat qilgan hadislari ko‘z o‘ngimda gavdalana boshladi. Men ro‘za to‘g‘risida o‘qigan kitobda mana shu hadisni sharhlab ulamolarimiz ro‘zadorga iftorlik qilib bergan insonga Alloh taolo ro‘za tutgan insonning savobidan boshqa savob berishligini zikr qilib o‘tishgan edi. Men mana shunday savobga ega bo‘ladigan insonning uyiga iftorlik qilish uchun boryapman degan xayol bilan chaqirilgan joyga kelganimni ham sezmay qolibman.

Hovli tashqarisida iftorlikni savobini umid qilib, yoshlari ham ancha joyga borib qolgan otaxon bizlarni chiroyli muomala bilan ochiq chehrada kutib oldi va uyiga olib kirdi. Ichkariga kirar ekanman Allohning mana shunday kunlarga yetkazganiga shukrlar aytdim. Iftorlik dasturxoniga o‘tirar ekanman Alloh taoloning biz insonlarga bergan ne’matlariga ich-ichimdan shukrlar aytar edim. Mana hamma og‘zini ochadigan payt ham yaqinlashib qoldi. Shu payt birdaniga bizlar o‘tirgan joyga uzoqdan savlat, viqor, shahdam qadamlar bilan boshiga do‘ppi kiygan, ustida oq kuylak, egniga chakmon kiyib olgan, ustidagi kiyimlari o‘ziga yarashgan bir inson kirib kelar edi. Men xayolimda bu inson shu mahallaning imomi bo‘lsa kerak deb uyladim. Imom domla ichkariga kirar ekan hammaga: «Assalamu alaykum va rohmatullohi va borakatuhu» deb salom berib, uy egasi ko‘rsatgan joyga borib o‘tirdi. «Iftorlikka hali vaqt bor ekana» - deb qoldi uy egasi. Va hamma kelgan insonlar imom domladan ro‘zaning fazilatlari haqida va kimlarga ro‘za tutish farz ekanligi tug‘risida mav’iza kilib berishini so‘radi. 

Imom domla ham kelganlarning iltimoslarini inobatga olgan holda va og‘iz ochish uchun vaqt bor ekanligidan foydalanib, ro‘zaning farz bo‘lishi haqida nozil bo‘lgan oyati karima bilan mav’izasini boshladi:

«Alloh taolo Qur’oni karimning Baqara surasi 183-oyatida: «Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsalaringiz». Demak, bu oyati karimadan ko‘rsak buladiki, Alloh taolo o‘zining suyukli mo‘min bandalariga Ramazon ro‘zasini tutmoqlikni farz qildi. Va Ramazon oyida kimki ro‘za tutadigan bo‘lsa, o‘ziga taqvo deb atalgan ulug‘ bir fazilatni kasb qilishini ham zikir qilib o‘tdi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallahu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda ham: «Odam bolasining hamma amalining (savobi) o‘zi uchundir. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur. Ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida miskning hididan da yahshiroqdir», dedi» deyilgan. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).   

Demak, insonning ro‘za tutishdan boshqa qilgan hamma amali o‘zi uchun bo‘ladi. Faqatgina ro‘za Alloh uchun bo‘ladi. Ro‘za tutishdan boshqa barcha amallarda u xohlasa, xohlamasa ham ho‘jako‘rsinlik, o‘zgalarning havasi, maqtovi paydo bo‘ladi. Misol uchun, namoz o‘qimoqchi bo‘lgan odam, namozga tahorat qilganida, namoz o‘qishlik uchun joy hozirlaganda, namoz o‘qib bo‘lganidan so‘ng insonlar hayolida bu inson namoz o‘qimoqda, tahorat qilmoqda, demak bu inson yaxshi inson ekan, bu insonni hurmat qilish kerak degan tasavvur uyg‘onadi. Shunga o‘xshash zakot bergan inson ham harchand urinmasin, zakot bergan kishining haqqiga duo qiladi. Hajda ham huddi shunday. Hajdan qaytganidan so‘ng guruh-guruh kishilar ziyoratiga keladi. «Hoji aka» yoki «Hoji ona» degan nom bilan chaqiriladi.

Ro‘zada esa, biz yuqorida sanab o‘tgan narsalarning birortasi ham yo‘q. Kechasi hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma bilan barobar o‘zining ishi bilan yuraveradi. Iftor vaqti kirayotganda ham, hech kimsiz yolg‘iz o‘zi qolganida ham ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Mana shularning hammasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir.

Shuning uchun ham Alloh taolo uchun xolis niyatda tutilgan ro‘zaning savobini yolg‘iz Alloh taoloning O‘zi berishligini va’da qildi.

Ro‘zaning fazilatlari haqida gapiradigan bo‘lsak:

  1. Ro‘za tutmoqlik insonlarni gunohlardan saqlaydi. U ro‘za tutgan paytida Alloh harom qilgan ishlardan, tiyiladi. Ro‘za uni gunohlardan, illatlardan, har-xil yomon ishlardan, eng muhimi musulmon insonni do‘zaxga tushishdan saqlaydi.
  2. Ro‘za tutayotgan inson tilini fahsh so‘zlarni aytishdan va baqir-chaqir qilishdan tiymog‘i lozim. Aslini oladigan bo‘lsak, ro‘za tutishdan boshqa vaqtlarda ham musulmon inson tilini yomon fahsh so‘zlarni aytishdan saqlamog‘i lozim. Ayniqsa, ro‘za paytida har-xil uyatsiz, fahsh so‘zlardan tiyilmog‘i kerak. Sababi bu – ro‘za tutgan insonga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Agar ro‘za tutgan inson bilan kimdir baqir-chaqir qilmoqchi bo‘lsa, bundan saqlanishning iloji bor. Kimdir uni so‘kishni xohlasa yoki unga yomon, fahsh so‘z aytmoqchi bo‘lsa, «men ro‘zadorman» desin deb aytib o‘tgan edi, bundan XIV asr avval Rasuli akram sollallahu alayhi vasallam. Bu bilan o‘sha inson ro‘za tutgan odam bilan urishish mumkin emasligini eslatadi. Va natijada o‘sha inson urishishni va so‘kishni muborak Ramazon oyida va Ramazon oyi tugagandan keyin boshqa oylarda ham siz sababli tashlaydi.
  3. Ro‘za tutgan odamning og‘zidan chiqayotgan hid Allohning nazdida mushukning hididan xushbuyroqdir. Ma’lumki, ovqat yeb bo‘lgandan so‘ng ozroq vaqt o‘tib, taom hazm bo‘lish jarayonida og‘izdan hid chiqadi. Hammamizga ma’lum o‘sha hid maqtovga sazovor hid emas. Lekin, Payg‘ambarimiz sollallahu alayhi vasallam ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan arabchada «xaluf» deb ataladigan o‘sha hid Allohning ho‘zurida mushku anbarning hididan ham afzal ekani ta’kidlangan. Hattoki bu narsani Payg‘ambarimiz sollallahu alayhi vasallam qasam ichib: «Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbuyroqdir» deb aytganlar.
  4. Ro‘za tutgan inson uchun ikki hursandchilik bor. Ulardan birinchisi og‘zini ochgan paytda bo‘lsa, boshqasi Robbisiga muloqot ila yuzlanganda ro‘zasidan hursand bo‘ladi. Darhaqiqat, kuni bilan ro‘za tutib, vaqti kelganida iftor qilgan inson hursand bo‘ladi. Ochlik, tashnalikdan so‘ng halol taomga yetishganida masrur bo‘ladi. Oxiratda esa, Allohning oldida tutgan ro‘zasi uchun jannatga kiritilganidan xursand bo‘ladi. Bu faqat ro‘za tutgan insonlarga nasib etadi.

Ro‘za tutishlikning yuqorida sanab o‘tgan fazilatlaridan tashqari yana fazilatlari juda ham ko‘p. Faqatgina bu yerda ro‘za tutgan insonga tegishli bo‘lgan afzalliklarnigina sanab o‘tdilar.

Imom domlaning so‘zini shunchalik darajada jon qulog‘imiz bilan eshitgan ekanmiz,  hattoki og‘iz ochadigan vaqt ham asta-sekin o‘tib borayotganini sezmay qolibmiz.    

Mana hamma orziqib kutgan og‘iz ochadigan vaqt ham keldi. Imom domla so‘zini tugatib hamma ro‘za tutkanlarni haqqiga duo qildi. Iftorlik dasturxonida hammamizga ma’lum bo‘lgan milliy taomlarimizdan tortib to pishiriqlari-u somsalargacha bor. Og‘iz ochib bir narsalar qoringa borganidan so‘ng inson iftorlikdan oldin «ha bu narsalardan dasturxonda hozir hech vaqo qolmaydi, hammasini yeb qo‘yaman» deb uylaydi-da lekin, o‘sha narsalarga qorni emas birinchi bo‘lib ko‘zi to‘yadi. Inson Ramazon oyida boshqa oylarda ishtaha bilan tanavul qiladigan narsalarini bu oyda yeyishga unchalik ta’bi unamaydi. Sababi, nafs insonni Ramazon oyida qornini o‘zi yaxshi ko‘rgan narsalaridan ham tiyishga undab turadi. Hamma iftorlik qilib bo‘lgach imom domla shuncha ro‘zadorlarga qilib bergan iftorligini darajasi savobi haqida ro‘zadorlarga va insonlarga gapirib berdi. Ramazon oyining fazilatlari, u oyda Alloh taoloning muborak kalomi nozil bo‘lgani, bu oyda ming oydan afzal qadr kechasining borligi, zakot berishning fazilati, boshqa oylarda insonlarni gunoh qilishga chorlab, undab turadigan jin va shaytonlarning kishanlanishi, muhtoj insonlarga yordam berish, bu oyda ro‘zadorni og‘zini bir xurmo bilan ochtirib iftor qilib bersa ham buynini do‘zaxdan ozod qilib qolish kerak ekanligi borasida insonlarga tushunchalar berib ularni kengroq qilib sharhlab, hikoyalardan misollar keltirib halqqa tavsiyalar berdi.

Imom domla so‘zining oxirida bunday ne’matlarni ro‘zadorlarga ato qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytdi. Alloh taoloning bergan ne’matlariga shukr qilish kerak. Nimagaki, inson o‘zi yashab turgan yon atrofidagi qiyinchilik, tartibsizlik, urush-janjallarga nazar soladigan bo‘lsa, bunday jannatmakon o‘lkada tinch-xotirjam, ota-onasi, qarindosh-uro‘g‘i, suyikli jufti haloli, shirindan-shakar farzandlari bag‘rida sog‘-omon uynab-ko‘lib yurganiga shukr qilishi kerak. Boshqa davlatlarga nazar soladigan bo‘lsak, ularning hech biri bizlarga o‘xshab ertalabdan turib, bemalol mehribon, rahmli ayolining tayorlab quygan saharlik dasturxoniga o‘tirib, qulidan choyni ichib, bomdod namozini o‘qib, bemalol ishiga borib kelib, tuni bilan ibodat qilib chiqqan odamning savobini olay deb tarovih namozlariga borib, besh mahal namozini to‘la-to‘kis ado yetib yurgan davlatlar va insonlar kamdan-kam. Shuning uchun ham biz bunday tinch-totuv hayotga yetkazganiga shukr qilib, qo‘limizdan kelganicha yaxshilik qilishka harakat qilishimiz kerak.   

Foydalanilgan manbalar:

  • Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning «QURONI KARIM va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi» kitobi. «Hilol-Nashr» nashriyot bosmaxonasi, 2015-iyl. 640 bet. Baqara surasi 2-pora, 28-bet.
  • Imom Termiziy rohimahullohning «Sunanu Termiziy» kitobining «Ro‘za mavzusi, kim ro‘zadorga iftorlik qilib bersa» bobida keltirilgan. 807-hadis.
  • Imom Buxoriy rohimahullohning «Sahihul Buxoriy» kitobining «Libos mavzusi, misk haqida zikir qilingan hadislar bobi»da keltirilgan. 5927 hadis. 
  • Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning «Hadis va Hayot» kitobi IX juz. 

 

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 1-kurs talabasi Haytmurat Yerejepov.

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Tuya qurbonlik qilishni istaysizmi?

06.06.2025   8454   1 min.
Tuya qurbonlik qilishni istaysizmi?

Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.

So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.

So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.

So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.

So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi",
dedilar.