Toshkent shahar Yunusobod tumani "Yunusobod" jome masjidi mustabid tuzum davrida yopilib ketgan bo‘lgan. 1943 yilda Sobik Ittifoq hududidagi ayrim masjidlarni ochib ibodat qilishga ruxsat etilgan. Ana davrda, ya’ni 1943 yilda "Yunusobod" jome masjidi ham qayta ochilib, mahalla ko‘y hashar yo‘li bilan ta’mirlab ibodat qilishni boshlagan.
Hozirga kelib yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin 2005-2006 yillarda bu eski masjid butkul buzib tashlanib qaytadan qurilgan.
Joriy yil Ramazoni sharifga qadar "Yunusobod" jome masjidi "Vaqf" xayriya jamoat fondi ko‘magi, sahovatpesha insonlar yordami hamda hashar yo‘li qaytadan chiroyli qilib ta’mirlanib masjidning hamma joyiga yangi shinam gilamlar to‘shaldi. Bu qilingan ishlar masjid qavmi va namozxonlar uchun Ramazoni sharifda katta tuhfa bo‘ldi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati