Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Yanvar, 2025   |   2 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:27
Bismillah
01 Yanvar, 2025, 2 Rajab, 1446

Laylutul qadr va undagi hikmatli ishlar

27.05.2019   38893   12 min.
Laylutul qadr va undagi hikmatli ishlar

Qadr kechasi va undagi hikmatli ishlar Qur’oni karimda alohida bitta surada bayon qilingan bo‘lib, bu surada Qur’oni karimning nozil bo‘lish tarixi va u nozil bo‘la boshlagan kechaning fazilatlari bayon qilingan. Sura besh oyatdan iborat bo‘lib, uning qachon nozil qilingani haqida ikki xil qavl bor:

  1. Qadr surasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilishlaridan oldin nozil qilingan. Bu qarash aksar ulamolarning qavlidir;
  2. Qadr surasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan keyin nozil qilingan va bu sura Madinada nozil qilingan dastlabki suradir. Bu qarash ayrim ulamolarning qavlidir. Ba’zi ulamolar: “Ehtimol bu sura dastlab Makkada keyinchalik Qadr kechasining ulug‘ligini ta’kidlash ma’nosida Madinada yana takroran nozil qilingan bo‘lishi ham mumkin”, deganlar.

Surada Qadr kechasining o‘ziga xos fazilatlari bayon qilingan. Bu kechaning “Laylatul qadr” ya’ni Qadr kechasi deb nomlanishi umumiy to‘rt xil ma’noga dalolat qiladi:

  1. Hukm chiqariladigan kecha. Ya’ni bu kechada to kelgusi Qadr kechasigacha butun yil davomida bo‘ladigan ishlarga hukm chiqariladi;
  2. Alloh taoloning huzurida qadrli, martabali kecha. Zero qadr va martaba ulug‘ narsalarga nisbatan ishlatiladi;
  3. Muborak kecha. Ya’ni bandalariga Alloh taoloning rahmatlari yog‘ilib, U zotning marhamatiga sazovor bo‘linadigan kecha;
  4. Saodatli kecha. Ya’ni ibodatlar ko‘plab ado etiladigan saodatli kecha.

Sura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim tushirilgani haqidagi xabar bilan boshlangan:

 إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ

“Albatta biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik”.

Albatta” deya ta’kid bilan boshlanishi ikki xil ma’noni anglatadi:

  1. Qur’onni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo nozil qilganini inkor qiluvchilarga yoki bunga shubha bilan qarovchilarga raddiya ma’nosida bu xabar ta’kidlab bayon qilingan;
  2. Berilayotgan xabarning ulkanligini bildirish va uni qabul qilishga undash uchun ta’kidlab bayon qilingan.

Oyat davomida “Men nozil qildim” deyilmasdan” ko‘plik shaklida “Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik” deyilishi, nozil qiluvchi va nozil qilingan narsaning ulug‘ligini ifodalaydi. Ya’ni oyatda ko‘plik shaklining qo‘llanishi Alloh taoloning va kalomining ulug‘ligiga dalolat qiladi.  

Qur’oni karimning Qadr kechasida nozil qilinishi ma’nosini “Qur’on tarjimoni” unvonini olgan Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday tushuntirgan: “Qur’on ushbu kechada Lavhul mahfuz”dan dunyo osmonidagi “baytul izza” (izzatli uy)ga to‘laligicha nozil qilingan. So‘ngra uni Jabroil alayhissalom yigirma uch yil mobaynida turli voqealar munosabati bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lak-bo‘lak tarzda olib tushgan”.

Alloma Soviy “Jalolayn” tafsirining hoshiyasida dunyo osmonidagi “baytul izza” (izzatli uy) haqida quyidagilarni yozgan: “Jabroil alayhissalom Qur’onni shu kechada dunyo osmonidagi farishtalarga o‘qib bergan va ular uni dunyo osmonida turgan sahifalarga yozishgan. Dunyo osmonidagi mazkur sahifalar turgan joy “Baytul izza” (izzatli uy) deyiladi”.   

Ulamolar Qur’oni karimning bunday bosqichlarda nozil qilinishining hikmatini quyidagicha tushuntirganlar: “Qur’oni karimning dastlab “Baytul izza”ga to‘laligicha tushirilishi xabari uning hammasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga berilishini anglatgan. Shu ma’noda bu xabar  u zotni shodlantirish uchun bo‘lgan. Yigirma uch yil mobaynida bo‘lak-bo‘lak qilib tushirilishi esa bandalarning qalblarini unga moslashtirish va uning hukmlarini qabul qilishni yengillashtirish ma’nosidagi ilohiy iltifot bo‘lgan”.   

Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida quyidagilarni yozgan: “Alloh taolo ushbu surada Qur’onning ulug‘ligini uch jihatdan namoyon qilgan:

“1. Nozil qilish nisbatini o‘ziga berib “Biz nozil qildik”, deya uni O‘ziga xoslagan;

  1. Uning hatto ismini ochiq aytishga ham ehtiyoj yo‘q darajada mashhur va ma’lumligiga guvohlik berib “Qur’onni” demasdan “uni” (Qadr kechasida nozil qildik) deya zamir bilan keltirgan;
  2. Uni nozil qilgan vaqtning miqdorini (ming oydan yaxshiroqdir deya) yuksak qilgan”.

Kelgusi oyatda Qur’on nozil qilingan mazkur kechaning fazilatlari bayoniga o‘tilgan:

وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ

“(Ey, Muhammad alayhissalom) Qadr kechasi nima ekanini sizga nima bildirdi?”. Ya’ni bu kechaning ulug‘ligini sizga nima bildirdi?

Imom Moturidiy bobomiz bu oyatni “Qadr kechasi nima ekanini (Biz bildirmasak) siz bilmas edingiz” ma’nosida tushunish ham mumkinligini aytgan.

Ba’zi ulamolar: “Ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tasalli berish ma’nosida tushirilgan”, deganlar. Oyatning davomida Qadr kechasining birinchi fazilati shunday bayon qilingan:

لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ

“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”. Ya’ni, qadr kechasida qilingan amallar unda qadr kechasi bo‘lmagan ming oy ya’ni sakson uch yilu to‘rt oy davomida qilingan amallardan yaxshiroqdir. 

Shuningdek mufassir ulamolar bu oyatdan aniq ming oylik vaqtning bayoni emas balki qadr kechasining mutlaq ulug‘ligini ko‘rsatish ma’nosi iroda qilingan bo‘lishi ham mumkin, deganlar. Zero miqdor bayoni gohida muayan adadni emas biror narsaning yaxshi yo yomon sifatlarini ko‘rsatish ma’nosida ham keladi. Xuddi o‘zbek tilida “Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi”, deyilganidek. Shunga ko‘ra bu oyat ushbu kechadagi ibodatlar ming oylik muddatga teng ibodatlardan ko‘ra yaxshiroqdir ma’nosining o‘zini emas, balki boshqa vaqtlarda qilingan ibodatlardan mutlaqo yaxshiroqdir ma’nosini ifodalashi ham mumkin bo‘ladi.  

 Oyatning davomida Qadr kechasining ikkinchi fazilati shunday bayon qilingan:

تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ

“Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadi”.

Oyatdagi Ruhni aksar mufassirlar Jabroil alayhissalom, deganlar. Ba’zi ulamolar esa Ruhni Alloh taoloning rahmati ma’nosida tushunish ham mumkinligini aytganlar. Bunday tafsir qilinganda  bu oyat: “farishtalar Allohning rahmati bilan tushadilar”, ma’nosida bo‘ladi. “Barcha ishlar uchun tushadi” oyati shu yil davomida qilinadigan ishlar uchun tushadi ma’nosini anglatadi. Ya’ni aslida farishtalar Alloh taoloning bandalariga nima taqdir qilganini bilmaydilar. Ehtimol ana shu kechada ular mazkur ishlardan xabardor qilinadilar va Alloh taoloning amri bilan o‘sha ishlar uchun yerga tushadilar.

Farishtalarning Qadr kechasida yerga tushishlarining hikmatlari haqida Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: “Farishtalar shu kecha yerdagi turli turli toat ibodatlarni ko‘radilar va gunohkor bandalarlarning  mag‘firat so‘rab yolvorib iltijo qilayotganlarini eshitishadi va bir-birlariga: “Kelinglar bizning tasbehlarimizdan ko‘ra Robbimizga sevimli bo‘lgan ovozlarni eshitamiz”, deb yerga tushishadi.

Shuningdek farishtalarning yerga tushishlari bu kechada yerda qilingan toatlarga alohida xos fazilatlar ato qilinishi sababli bo‘lishi ham mumkin. Xuddi yer yuzining barcha joylari ichida Masjidul haromda qilingan ibodatlarga alohida xos fazilatlar ato qilinganidek. Shunga ko‘ra farishtalarning bu kechada yerga tushishlari o‘sha fazilatlarga erishish uchun bo‘lishi ham mumkin”.

Oyatning davomida bu kechaning uchinchi fazilati quyidagicha bayon qilingan:

 سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ

“U to tong otgunicha salomatlikdir”.

Ushbu oyatdagi “U salomatlikdir” so‘zini aksar mufassirlar “u salomat bo‘linadigan kecha” deb tafsir qilganlar. Ya’ni quyosh botgandan to tong otgunicha bu kecha turli ofat balolardan salomatlik bo‘ladi.

Zahhok: “Alloh taolo bu kechada faqat salomatlikni taqdir qiladi, boshqa kechalarda esa balolarga ham salomatlikka ham hukm qiladi”, degan.

Bazi ulamolar “U salomatlik”ni “farishtalar qanotlarini silkitib Alloh taoloning bandalariga salomi, rahmati va mag‘firatini yo‘llab turadilar” ma’nosida tafsir qilganlar.

“To tong otgunicha” so‘zini Moturidiy bobomiz quyidagi ma’nolarda ham tushunish mumkinligini aytgan:

– mazkur barakalar to tong otguncha davom etadi;

– to tong otgunicha salom aytilib turiladi;

–  to tong otgunicha farishtalar yerda bo‘lib turadilar.

Har bir mo‘min kishi undagi fazilatlariga erishishni orzu qiladigan ushbu ulug‘ kechaning aynan qaysi kechaligi haqida turli rivoyatlar kelgan:

  • Imom Termiziy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligidan qidirish lozimligi aytilgan;
  • Imom Tahoviy Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Ramazonning avvalgi yoki oxirgi o‘n kunligida ekani aytilgan;

– Imom Buxoriy va imom Muslimlar Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toqlaridan izlash  xabar berilgan;

  • Imom Abu Dovud Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda yigirma yettinchi kecha ekani ochiq aytilgan;
  • Mashhur sahobiy Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning: “Kimki yil davomida qoim bo‘lsa Qadr kechasini topadi”, degan gapi aytilganda, Ubay ibn Ka’b: “Abu Abdurrahmonni (Abdulloh ibn Mas’udning kunyasi) Alloh rahmatiga olsin, Allohga qasamki albatta u Qadr kechasini Ramazonning ichida ekanini bilgan, lekin uni gapirishlarini yoqtirmagan. Allohga qasam ichib aytamanki u Ramazonning ichida, yigirma yettinchi kechadadir”, degan.

Ba’zi orif zotlar Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu qasam ichib aytgan ushbu gaplarini Qadr surasida kelgan ishoralar qo‘llab-quvvatlashini aytganlar. Bu haqida Alloma Soviy “Jalolayn” tafsirining hoshiyasida quyidagi ishoralarni keltirgan:

  • Qadr surasidagi kalimalarning adadi Ramazon kunlari singari o‘ttiztadir. Unda kelgan هِيَ (u) qalimasi esa yigirma yettinchi kalimadir.
  • لَيْلَةِ الْقَدْرِ (Qadr kechasi) ma’nosidagi kalimalarning harflari to‘qqizta bo‘lib, ushbu kalimalar surada uch marta takrorlangan. Uchta to‘qqiz esa yigirma yetti bo‘ladi.

Aslida Qadr kechasining hammaga qat’iy ravishda aniq bildirib qo‘yilmagani ham Alloh taoloning yana bir rahmatidir. Zero bandalarga ularning qachon vafot etishlari va qiyomat vaqti maxfiy qilingani singari Qadr kechasi ham maxfiy qilingan. Chunki uning vaqtini aniq bilmaslik butun oy davomida g‘aflatda qolmaslikka va hamisha toat ibodatlarga g‘ayrat qilishga undab turadi.  

Shuning uchun Ramazon oyi davomida doimo quyidagi duoni o‘qib yurishga odatlanish tavsiya qilinadi:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ أَرَأَيْتَ إِنْ عَلِمْتُ أَيَّ لَيْلَةٍ لَيْلَةَ الْقَدْرِ مَا أَقُولُ فِيهَا ؟ قَالَ:قُولِي: اَللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّا تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli agar men qaysi kechaning Qadr kechasi ekanini bilsam u kechada nima deb duo qilay”, dedim. U zot: “Ey Allohim, albatta sen o‘ta afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin”, deb duo qiling”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Allohim, bizlarni Qadr kechasining fazilatlariga muvaffaq qilgin, gunohlari kechirilgan bandalaring qatoriga qo‘shgin!

O‘ta afv qilguvchi mehribon Robbimizga hamdu sanolar, U zotning elchisi bo‘lgan sayyidul basharga salavot va salomlar bo‘lsin!  

Abdulqodir Abdur Rahim

 

 

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

27.12.2024   7101   2 min.
Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?

– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
 

2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?

– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.


3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?

– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, ­bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shunda­gina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.


4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?

– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.

Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.


5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?

– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahi­mahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.


6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?

– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.


Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda. 

"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan

 

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson
Maqolalar