Qadr kechasi va undagi hikmatli ishlar Qur’oni karimda alohida bitta surada bayon qilingan bo‘lib, bu surada Qur’oni karimning nozil bo‘lish tarixi va u nozil bo‘la boshlagan kechaning fazilatlari bayon qilingan. Sura besh oyatdan iborat bo‘lib, uning qachon nozil qilingani haqida ikki xil qavl bor:
Surada Qadr kechasining o‘ziga xos fazilatlari bayon qilingan. Bu kechaning “Laylatul qadr” ya’ni Qadr kechasi deb nomlanishi umumiy to‘rt xil ma’noga dalolat qiladi:
Sura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim tushirilgani haqidagi xabar bilan boshlangan:
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ
“Albatta biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik”.
“Albatta” deya ta’kid bilan boshlanishi ikki xil ma’noni anglatadi:
Oyat davomida “Men nozil qildim” deyilmasdan” ko‘plik shaklida “Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik” deyilishi, nozil qiluvchi va nozil qilingan narsaning ulug‘ligini ifodalaydi. Ya’ni oyatda ko‘plik shaklining qo‘llanishi Alloh taoloning va kalomining ulug‘ligiga dalolat qiladi.
Qur’oni karimning Qadr kechasida nozil qilinishi ma’nosini “Qur’on tarjimoni” unvonini olgan Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday tushuntirgan: “Qur’on ushbu kechada Lavhul mahfuz”dan dunyo osmonidagi “baytul izza” (izzatli uy)ga to‘laligicha nozil qilingan. So‘ngra uni Jabroil alayhissalom yigirma uch yil mobaynida turli voqealar munosabati bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lak-bo‘lak tarzda olib tushgan”.
Alloma Soviy “Jalolayn” tafsirining hoshiyasida dunyo osmonidagi “baytul izza” (izzatli uy) haqida quyidagilarni yozgan: “Jabroil alayhissalom Qur’onni shu kechada dunyo osmonidagi farishtalarga o‘qib bergan va ular uni dunyo osmonida turgan sahifalarga yozishgan. Dunyo osmonidagi mazkur sahifalar turgan joy “Baytul izza” (izzatli uy) deyiladi”.
Ulamolar Qur’oni karimning bunday bosqichlarda nozil qilinishining hikmatini quyidagicha tushuntirganlar: “Qur’oni karimning dastlab “Baytul izza”ga to‘laligicha tushirilishi xabari uning hammasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga berilishini anglatgan. Shu ma’noda bu xabar u zotni shodlantirish uchun bo‘lgan. Yigirma uch yil mobaynida bo‘lak-bo‘lak qilib tushirilishi esa bandalarning qalblarini unga moslashtirish va uning hukmlarini qabul qilishni yengillashtirish ma’nosidagi ilohiy iltifot bo‘lgan”.
Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida quyidagilarni yozgan: “Alloh taolo ushbu surada Qur’onning ulug‘ligini uch jihatdan namoyon qilgan:
“1. Nozil qilish nisbatini o‘ziga berib “Biz nozil qildik”, deya uni O‘ziga xoslagan;
Kelgusi oyatda Qur’on nozil qilingan mazkur kechaning fazilatlari bayoniga o‘tilgan:
وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ
“(Ey, Muhammad alayhissalom) Qadr kechasi nima ekanini sizga nima bildirdi?”. Ya’ni bu kechaning ulug‘ligini sizga nima bildirdi?
Imom Moturidiy bobomiz bu oyatni “Qadr kechasi nima ekanini (Biz bildirmasak) siz bilmas edingiz” ma’nosida tushunish ham mumkinligini aytgan.
Ba’zi ulamolar: “Ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tasalli berish ma’nosida tushirilgan”, deganlar. Oyatning davomida Qadr kechasining birinchi fazilati shunday bayon qilingan:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ
“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”. Ya’ni, qadr kechasida qilingan amallar unda qadr kechasi bo‘lmagan ming oy ya’ni sakson uch yilu to‘rt oy davomida qilingan amallardan yaxshiroqdir.
Shuningdek mufassir ulamolar bu oyatdan aniq ming oylik vaqtning bayoni emas balki qadr kechasining mutlaq ulug‘ligini ko‘rsatish ma’nosi iroda qilingan bo‘lishi ham mumkin, deganlar. Zero miqdor bayoni gohida muayan adadni emas biror narsaning yaxshi yo yomon sifatlarini ko‘rsatish ma’nosida ham keladi. Xuddi o‘zbek tilida “Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi”, deyilganidek. Shunga ko‘ra bu oyat ushbu kechadagi ibodatlar ming oylik muddatga teng ibodatlardan ko‘ra yaxshiroqdir ma’nosining o‘zini emas, balki boshqa vaqtlarda qilingan ibodatlardan mutlaqo yaxshiroqdir ma’nosini ifodalashi ham mumkin bo‘ladi.
Oyatning davomida Qadr kechasining ikkinchi fazilati shunday bayon qilingan:
تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ
“Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadi”.
Oyatdagi Ruhni aksar mufassirlar Jabroil alayhissalom, deganlar. Ba’zi ulamolar esa Ruhni Alloh taoloning rahmati ma’nosida tushunish ham mumkinligini aytganlar. Bunday tafsir qilinganda bu oyat: “farishtalar Allohning rahmati bilan tushadilar”, ma’nosida bo‘ladi. “Barcha ishlar uchun tushadi” oyati shu yil davomida qilinadigan ishlar uchun tushadi ma’nosini anglatadi. Ya’ni aslida farishtalar Alloh taoloning bandalariga nima taqdir qilganini bilmaydilar. Ehtimol ana shu kechada ular mazkur ishlardan xabardor qilinadilar va Alloh taoloning amri bilan o‘sha ishlar uchun yerga tushadilar.
Farishtalarning Qadr kechasida yerga tushishlarining hikmatlari haqida Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: “Farishtalar shu kecha yerdagi turli turli toat ibodatlarni ko‘radilar va gunohkor bandalarlarning mag‘firat so‘rab yolvorib iltijo qilayotganlarini eshitishadi va bir-birlariga: “Kelinglar bizning tasbehlarimizdan ko‘ra Robbimizga sevimli bo‘lgan ovozlarni eshitamiz”, deb yerga tushishadi.
Shuningdek farishtalarning yerga tushishlari bu kechada yerda qilingan toatlarga alohida xos fazilatlar ato qilinishi sababli bo‘lishi ham mumkin. Xuddi yer yuzining barcha joylari ichida Masjidul haromda qilingan ibodatlarga alohida xos fazilatlar ato qilinganidek. Shunga ko‘ra farishtalarning bu kechada yerga tushishlari o‘sha fazilatlarga erishish uchun bo‘lishi ham mumkin”.
Oyatning davomida bu kechaning uchinchi fazilati quyidagicha bayon qilingan:
سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
“U to tong otgunicha salomatlikdir”.
Ushbu oyatdagi “U salomatlikdir” so‘zini aksar mufassirlar “u salomat bo‘linadigan kecha” deb tafsir qilganlar. Ya’ni quyosh botgandan to tong otgunicha bu kecha turli ofat balolardan salomatlik bo‘ladi.
Zahhok: “Alloh taolo bu kechada faqat salomatlikni taqdir qiladi, boshqa kechalarda esa balolarga ham salomatlikka ham hukm qiladi”, degan.
Bazi ulamolar “U salomatlik”ni “farishtalar qanotlarini silkitib Alloh taoloning bandalariga salomi, rahmati va mag‘firatini yo‘llab turadilar” ma’nosida tafsir qilganlar.
“To tong otgunicha” so‘zini Moturidiy bobomiz quyidagi ma’nolarda ham tushunish mumkinligini aytgan:
– mazkur barakalar to tong otguncha davom etadi;
– to tong otgunicha salom aytilib turiladi;
– to tong otgunicha farishtalar yerda bo‘lib turadilar.
Har bir mo‘min kishi undagi fazilatlariga erishishni orzu qiladigan ushbu ulug‘ kechaning aynan qaysi kechaligi haqida turli rivoyatlar kelgan:
– Imom Buxoriy va imom Muslimlar Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toqlaridan izlash xabar berilgan;
Ba’zi orif zotlar Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu qasam ichib aytgan ushbu gaplarini Qadr surasida kelgan ishoralar qo‘llab-quvvatlashini aytganlar. Bu haqida Alloma Soviy “Jalolayn” tafsirining hoshiyasida quyidagi ishoralarni keltirgan:
Aslida Qadr kechasining hammaga qat’iy ravishda aniq bildirib qo‘yilmagani ham Alloh taoloning yana bir rahmatidir. Zero bandalarga ularning qachon vafot etishlari va qiyomat vaqti maxfiy qilingani singari Qadr kechasi ham maxfiy qilingan. Chunki uning vaqtini aniq bilmaslik butun oy davomida g‘aflatda qolmaslikka va hamisha toat ibodatlarga g‘ayrat qilishga undab turadi.
Shuning uchun Ramazon oyi davomida doimo quyidagi duoni o‘qib yurishga odatlanish tavsiya qilinadi:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ أَرَأَيْتَ إِنْ عَلِمْتُ أَيَّ لَيْلَةٍ لَيْلَةَ الْقَدْرِ مَا أَقُولُ فِيهَا ؟ قَالَ:قُولِي: اَللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّا تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli agar men qaysi kechaning Qadr kechasi ekanini bilsam u kechada nima deb duo qilay”, dedim. U zot: “Ey Allohim, albatta sen o‘ta afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin”, deb duo qiling”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Allohim, bizlarni Qadr kechasining fazilatlariga muvaffaq qilgin, gunohlari kechirilgan bandalaring qatoriga qo‘shgin!
O‘ta afv qilguvchi mehribon Robbimizga hamdu sanolar, U zotning elchisi bo‘lgan sayyidul basharga salavot va salomlar bo‘lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim
Bugungi kunda O‘zbekiston ziyorat turizmi sohasida tobora ko‘zga tashlanayotgan yo‘nalishga aylanmoqda, bunda ma’naviy meros, boy tarix va mehmondo‘stlikning noyob uyg‘unligini taqdim etmoqda.
Buyuk allomalar va avliyolar zamini
O‘zbekistonga ziyoratchilarni jalb etadigan eng muhim omillardan biri - bu mashhur islom ulamolari, shayxlar, so‘fiy ustozlar va solih insonlar bilan bog‘liq ko‘plab maqbaralar va ziyoratgohlarning mavjudligidir. Bu yerda buyuk Imom al-Buxoriyning maqbarasi joylashgan. U mashhur “Sahihul Buxoriy” hadislar to‘plamining muallifi bo‘lib, bu asar ahamiyati jihatidan faqat Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadi. Samarqand yaqinida joylashgan uning maqbarasi butun dunyo musulmonlari uchun muhim ziyoratgohga aylangan.
Buxoroda islom olamining ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutgan naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilish mumkin. Uning ta’limoti kundalik hayotda botiniy poklanish va ibodat qilishning ahamiyatini ta’kidlagan bo‘lib, Hindistondan to Yaqin Sharqqacha bo‘lgan musulmonlar tafakkuriga chuqur ta’sir ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy, Imom Marg‘uziy kabi buyuk allomalarning vatanidir. Ularning asarlari diniy falsafa, shariat ilmi va hadisshunoslikning poydevorini tashkil etgan. Bu allomalarning maqbaralarini ziyorat qilish nafaqat ma’naviy ehtirom ko‘rsatish, balki islom ilmining ildizlariga yaqinlashish imkoniyatidir.
Ma’naviy sayohatlar uchun zamonaviy infratuzilma
So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati ziyorat turizmini faol rivojlantirib, islom mamlakatlaridan tashrif buyuradigan mehmonlar uchun infratuzilma va sharoitlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masjid, maqbara, madrasa va boshqa muqaddas joylar asl ko‘rinishini saqlab qolgan holda ta’mirlanmoqda. Ularning atrofida qulay sharoitlar yaratilmoqda: mehmonxonalar, dam olish maskanlari, qulay transport vositalari, arab, ingliz, fors va boshqa tillarda xizmat ko‘rsatuvchi tarjimonlar hamda gidlar ishtirokidagi sayohat dasturlari tashkil etilmoqda.
Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan kelgan ziyoratchilar uchun safar davomidagi barcha diniy va madaniy jihatlarni inobatga olgan holda maxsus ziyorat dasturlari tashkil etiladi. O‘zbekiston nafaqat oddiy sayohat qilinadigan mamlakat, balki har bir mo‘min-musulmon ehtirom va tarixiy vorislik ruhini his eta oladigan haqiqiy ma’naviy tiklanish markaziga aylanmoqda.
Madaniy va diniy boyliklar
O‘zbekistonga ziyorat qilishning o‘ziga xos jihatlaridan biri islom sivilizatsiyasining madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatidir. Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Poi Kalon majmuasi, Xivadagi Ichan-qal’a kabi me’moriy ansambllar o‘zining ulug‘vorligi va ma’naviy teranligi bilan kishini hayratga soladi. Bu yodgorliklar arab xattotligi, geometrik naqshlar, gumbazli me’morchilik va Sharq falsafasi uyg‘unlashgan boy islom san’atining yorqin namunasidir.
Bu yerga ziyorat qilish nafaqat diniy sayohat, balki Samarqand va Buxoro o‘z ahamiyati jihatidan Bag‘dod, Qohira va Qurtuba bilan teng bo‘lgan Islomning Oltin davri tarixiga madaniy cho‘mish hisoblanadi.
O‘zbekiston - Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik
O‘zbekiston tarixan sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan. Bu xususiyat ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali madaniyatning rivojlanishiga turtki bo‘ldi, bu yerda islom nafaqat din, balki sivilizatsiya birligining asosiga aylandi. Bugungi kunda respublika Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy va ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarishni davom ettirmoqda.
Bu, ayniqsa, haqiqiy ma’naviy qadriyatlarga, hayot ma’nosi va ichki muvozanatni izlashga qiziqish ortib borayotgan zamonaviy dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston o‘z mehmonlariga aynan shunday yo‘lni - mehr va hurmat bilan saqlanib kelinayotgan buyuk islomiy meros bilan tanishish orqali ildizlarga, haqiqatga, Allohga erishish yo‘lini taklif etadi.
Arab mamlakatlaridan kelgan musulmonlar uchun O‘zbekistonga qilgan safar shunchaki sayohat emas, balki haqiqiy ma’naviy kashfiyotga aylanishi mumkin. Bu islom tarixining kam ma’lum, biroq ulug‘vor joylarini o‘zlari uchun kashf etish, mahalliy aholi bilan muloqot qilish, qardoshlik, birdamlik va islomiy hamjihatlik muhitiga sho‘ng‘ish imkoniyatidir.
O‘zbekiston nafaqat islomiy merosni saqlab qolmoqda, balki uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqda, odamlarni ma’naviyatni izlashga, tarixni hurmat qilishga va musulmon xalqlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga ilhomlantirib kelmoqda.
Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA