frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazonda Alloh rahmatining ko‘rinishlari

27.05.2019   42069   2 min.
Ramazonda Alloh rahmatining ko‘rinishlari

Muborak Ramazon oyi Alloh taolo boshqa oylardan afzal qilgan, xoslagan oydir. Bu oyda Qur’oni karim odamlarga hidoyat o‘laroq, hidoyat dalillari o‘laroq nozil bo‘lgan. Bu oyda Alloh taolo nazdida eng afzal kecha – Laylatul qadr bor. Bu oyda ilohiy rahmatlar nozil bo‘ladi, musulmonlar poklanadi. Bu oy – ilohiy mukofotlarga ega bo‘linadigan mavsumdir. Uning birinchi o‘n kunida Alloh taolo o‘z bandalarini rahmatiga doxil qiladi, o‘rtasida ularni mag‘firat qiladi. Zero, bu oyda bandalarining O‘zining roziligini istab kunduzlari ro‘zador, kechalari namoz bilan qoim bo‘lganlarini ko‘rib, ularni mag‘firat qiladi. Bu oyning uchinchi o‘n kunligida esa, Alloh taolo bandalarini do‘zaxdan ozod etadi.

Musulmon kishi bu oyda Alloh taoloning o‘z bandalariga tushirgan rahmatini his qiladi. Bu rahmat quyidagi ishlarda ko‘rinadi:

  • Shaytonlarning kishanlanishi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Shubhasiz, bu Alloh taoloning bandalariga rahmatidir. Chunki shaytonlar kishanlanishi, vasvasa qilishdan tiyilishlari bandalarga ro‘za tutishlariga, kechalari qoim bo‘lishlariga yordam bo‘ladi. Bu ishni taqvodorlar, xususan, to‘g‘ri ro‘za tutishga mukammal tayyorgarlik ko‘rganlar his etadilar.
  • Tavba eshiklarining ochilishi. Alloh taoloning tavba eshigi tavba qilishni, istig‘for aytishni istagan gunohkor bandalar uchun doimo ochiqdir. Ammo bu oydagi tavba boshqa oylardagi tavbadan afzaldir. Bunga sabab – bu oyda nozil bo‘ladigan ilohiy rahmatlar, farishalarning zikr va ibodat bo‘layotgan joylarda hozir bo‘lishlaridir.
  • Ajr-savoblarning bir necha bor ko‘paytirib berilishi. Musulmon biladiki, Alloh taolo unga bir yaxshiligiga o‘n barobar ko‘p savob beradi. Lekin bu oyda bir yaxshi ishga boshqa oylarga qaraganda yetmish barobar ko‘p savob yoziladi. Bu ham Alloh taoloning bandalariga ne’mati, fazlidir. Bu bilan bandalarning darajalari yanada ko‘tariladi, allohning rahmatiga noyil bo‘ladilar.
  • Shuningdek, oyda bandalar bir-birlariga zakot va sadaqa berib, yordam ko‘rsatishlari, qiynalganlarning muammo va tashvishlari bartaraf bo‘lishi, ro‘zadorlarga iftorliklar tashkil qilinishi bilan ham ajralib turadi. Hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Kim bir ro‘zadorga iftor qilib bersa, unga ham ro‘zadorga berilgancha savob beriladi. Bunda ro‘zadorning savobidan zarracha kamaytirilmaydi” (Imom Termiziy rifoyati).

 

Abdurasul QAYUMOV,

Toshkent shahar Chilonzor tumani

“Muhsinxon to‘ra eshon” jome masjidi

imom-xatibi

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   13903   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar