frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qadr kechasi uchun 27 tavsiya

25.05.2019   38825   3 min.
Qadr kechasi uchun 27 tavsiya
  • Kechasi tetik turish uchun peshindan keyin biroz dam oling.
  • Ibodatga xalal bermaslik uchun iftorda ko‘p ovqat yemang.
  • Bu kechani ibodat bilan o‘tkazayotganda tavba qilishga azm qilish.
  • Barcha mo‘minlar va mo‘minalar uchun istig‘for va duoni ko‘paytiring.
  • Butun a’zolaringiz bilan Allohga yuzlaning, hattoki, aqlingiz va qalbingiz U Zotdan boshqasidan uzilsin.
  • Janjal va tortishuvlardan uzoqda bo‘ling, sizning haqqingizni poymol qilganlarni kechiring.
  • Fikringizni bir joyga qo‘yib, ibodat qiling, Qadr kechasida xayol boshqa narsalarda bo‘lib, yuz rakatni tugatib qo‘yishni foydasi yo‘q.
  • Duo va ibodatda ixlosli bo‘lish qalbingiz Allohdan boshqasi bilan mashg‘ul bo‘lib rakatlarni ko‘paytirishdan muhimroq.
  • Qadr kechasida imkon boricha tahoratli bo‘lishga harakat qiling.
  • Duoingiz ijobat bo‘lishiga aniq ishoning. Chunki ijobat bo‘lishiga ishonmaslik duoning orasiga to‘siq paydo qiladi.
  • Alloh duolaringizni qabul qilib, ijobat qilishiga ishonchingiz komil bo‘lsin.
  • Duoda bor vujudingiz bilan yolvorib so‘rang, chunki Alloh azza va jalla yolvorib duo qilgan bandasini yaxshi ko‘radi.
  • Har bir gunohingiz uchun Alloh taologa istig‘for ayting, U Zot sizni afv qilishini so‘rang.
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga, U zotning oilalariga ko‘p salovot va salomlar ayting, sahobalarga Allohdan rozilik so‘rang (ya’ni “Roziyallohu anhu” deb aytish).
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytib ortidan: “Allohumma innaka a’fuvvun, tuhibbul a’fva fa’fu annaa” (ya’ni: “Ey Alloh, albatta Sen gunohlarni afv qiluvchi zotsan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, bizlarni afv et”), duosini ko‘p ayting.
  • Alloh taolo barcha musulmonlarni do‘zaxdan ozod qilishini ko‘p so‘rang.
  • Halol rizqni oson qilib berishini va holatlarni yaxshi tomonga o‘zgartirishini so‘rab duo qilish.
  • O‘tgan ota-onalaringizning haqiga duo qilib, Allohdan gunohlarini kechirishini so‘rang.
  • Duo qilganda ushbu duolarni ham aytish: “Robbanaa hab lanaa min azvajinaa va zurriyaatinaa qurrota a’yun”, (ya’ni, Ey Robbimiz, bizlarga jufti halollarimizdan, farzandalarimizdan ko‘z quvochnchlari ber).
  • Er yoki xotin bir-birining haqiga go‘zal holat, nafs va fikrning rohatini tilab duo qilishi kerak.
  • Sajda qilgan holatingizda ko‘p duo qiling. Chunki bandaning Robbisiga eng yaqin bo‘lgan holati sajda qilgan holatidir.
  • Sajdada uzoq vaqt duo qilib turing. Chunki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deganlar: “Bellaringiz gunohlaringizdan og‘irlashib ketgan. Ularni sajdada uzoq turish bilan yengillatinglar”.
  • Bir soniyani ham zoye ketkazmang, vaqtni g‘animat biling. Chunki, ilohiy rahmat va shabbodalar bu tunda ochik bo‘ladi.
  • Qodir bo‘lganingizcha Qur’on o‘qing.
  • Qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazish tong otgunicha davom etadi, o‘sha vaqtda farishtalar osmondan tushib, chiqib turishadi.
  • Alloh taolo sizni bu kechani ibodat bilan o‘tkazishga muvaffaq qilganiga shukrlar ayting, sizdan boshqa qancha-qancha kishilar bu baxtdan bebahra qoldi.
  • Qadr kechasida imkon qadar sadaqa berishni unutmang. Chunki bu kechada qilingan har bir amalning ajri ulug‘.

 

 

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Muhammadyahyo NIZOMIDDIN

tayyorladi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   774   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari