frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Kimki Laylatul Qadrni bedor o‘tkazsa...

25.05.2019   42685   4 min.
Kimki Laylatul Qadrni bedor o‘tkazsa...

Ramazonning oxirgi o‘n kunligi boshlandi. Ayniqsa, ana shu o‘n kunlikda ibodatlarga, saxovatlarga qattiq berilgan kishi  katta foydalar olib qoladi. Shu tunlarda uyquni harom qilsak, jahannam otashidan najot topamiz, inshoalloh.  Jumhur ulamolar ming oyda qilinadigan ibodatga olinadigan savobga teng savob olish mumkin bo‘lgan – Laylatul Qadr kechasi ana shu o‘n kunlikda ekaniga ittifoq qilganlar.

Bu kechaning ulug‘ martabasi Qur’oni karimda ham tavsiflangan. Ammo uning aynan qaysi tunda ekani aniq aytilmagan. Shu boisdan ushbu o‘n kunlikning har bir kechasini Qadr bilib ibodatda qoim bo‘lsak, uni topamiz, inshoalloh.

Xo‘p, bu oyning mukofoti nima o‘zi? Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan sahih hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Laylatul Qadr kechasini bedor o‘tkazsa, Alloh taologa chin ixlosu e’tiqod ila ibodat qilib chiqsa, Rabbimiz uning barcha gunohlarini kechirib yuboradi”, deb marhamat qilganlari aytilgan.  

Aynan shu kechada Alloh taolo bandalarining duolarini qaytarmaydi. Har birimizning orzu-havaslarimiz, muammolarimiz, istiqboldagi rejalarimiz, oramizda shifo topish istagida bo‘lgan dardmandlarimiz bor. Laylatul Qadr – ana o‘sha ehtiyojlarimizni Parvardigorimizdan so‘raydigan kechadir.

Bu – orzularga yetish, rejalarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyat. Uni qo‘ldan chiqarib qo‘ysak, keyin afsuslanib qolamiz. Har tunda ibodatlar, zikrlar qilib, Alloh taologa gunohlarimizni kechirishini so‘rab yolvoraylik.

Alloh taolo Laylatul Qadrning qanday ulug‘ kecha ekanini Qur’oni karimning Qadr surasida quyidagicha ta’riflagan:

بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَـٰنِ ٱلرَّحِيمِ

إِنَّآ أَنزَلْنَـٰهُ فِى لَيْلَةِ ٱلْقَدْرِ ﴿١﴾وَمَآ أَدْرَىٰكَ مَا لَيْلَةُ ٱلْقَدْرِ ﴿٢﴾لَيْلَةُ ٱلْقَدْرِ خَيْرٌۭ مِّنْ أَلْفِ شَهْرٍۢ ﴿٣﴾تَنَزَّلُ ٱلْمَلَـٰٓئِكَةُ وَٱلرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِم مِّن كُلِّ أَمْرٍۢ ﴿٤﴾سَلَـٰمٌ هِىَ حَتَّىٰ مَطْلَعِ ٱلْفَجْرِ ﴿٥﴾

1 . Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadr da tushirdik.

2 . Laylatul Qadr qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi?

3 . Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir.

4 . Unda farishtalar va Ruh Rabbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir.

5 . U to tong otguncha salom bo‘lib turadir.

Kunlarimizning har lahzasida ramazonning bizdan uzoqlashib borayotganini his qilib turamiz va tez orada u nihoyasiga yetadi. Shunday ekan, ibodatlarga va ezgu ishlarga g‘ayratli bo‘laylik. Ushbu g‘animat kunlarni tilimiz va qalbimiz har doim zikrda bo‘lib, ibodatlarimizni vaqtida ado etib, tunlari Allohning marhamatini, fazlini so‘rab duolar qilaylik. Zotan, bu oyda qilingan har bir amal uchun savoblar bir necha bor ko‘paytirib yoziladi.  

Imom  Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho: “Ramazonning oxirgi o‘n kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rpa-to‘shaklarini xonaning bir chetiga taxlab qo‘yardilar-da, masjidga chiqib tunni ibodatda o‘tkazar edilar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boqiy dunyoga ko‘chganlaridan so‘ng u zotning zavjalari shunday qilardilar”, deganlar.  Yana Oisha onamiz: “Payg‘ambar alayhissalom ramazonning oxirgi tunlarida o‘zlari ham uxlamas edilar hamda yaqinlarini ham uyg‘otib chiqib birgalikda tunni ibodatda o‘tkazar edilar”, deganlar.   

Allohning Rasuli yer yuzida o‘zidan oldin o‘tgan, o‘zining zamonida yashagan va keyin qiyomatgacha keladigan insonlarning eng saxovatlisi edilar. Ayniqsa, ramazon oyida shu xislati jo‘sh urib ketar va yordamga muhtoj kimsalarning qoshiga eng uchqur shamoldan ham tez yetib borib ko‘makchi bo‘lar edilar.

Payg‘ambarimizning ushbu sunnatlariga amal qilib biz ham saxovatli bo‘lib, kechayotgan fazilatli kunlarimizda moddiy jihatdan qiynalib qolgan yurtdoshlarimiz bo‘lsa, ularga yordamchi bo‘lsak;, kunlarimizu tunlarimizni zikrullohda va ibodatda o‘tkazsak, shoyadki, mehribon Parvardigorimiz gunohlarimizni kechirib, O‘zining sevimli bandalari qatoriga qo‘ysa.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy majmuasiga oxirgi uch oy davomida 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi

07.08.2026   23429   1 min.
Imom Buxoriy majmuasiga oxirgi uch oy davomida 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi

Bugun viloyatimizda turizm sohasidagi asosiy maqsadlardan biri sayyohlar sonini ko‘paytirish bilan birga, ularning hududda qolish muddatini uzaytirish va sifatli xizmatlar bilan ta’minlashdan iborat, deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov.

Uning aytishicha, yilning birinchi yarim yilligida Samarqandga 3,4 million nafardan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh keldi.

“Turistlarning tashrif davomiyligi o‘rtacha 3 kunga yetdi. Bu avvalgi davrga nisbatan 0,5 kunga ko‘pdir. Shuningdek, bir nafar sayyohning o‘rtacha xarajati 400 dollarni tashkil etib, 70 foizga oshdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti hajmi 578,1 million dollarga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 144 foiz o‘sish ta’minlandi”, - Bo‘ronov so‘zidan iqtibos keltiradi “Zarafshon” nashri.

Uning fikriga ko‘ra, Samarqandning turistik salohiyatida ziyorat turizmi alohida o‘rin tutadi. “Zero, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar yillar davomida dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi mehmonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining to‘liq foydalanishga topshirilishi mazkur yo‘nalishda yangi imkoniyatlar yaratdi. Majmua kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Oxirgi uch oy davomida ziyoratgohga 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi”, - o‘z so‘zini  yakunladi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari