Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2025   |   12 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:03
Shom
19:01
Xufton
20:18
Bismillah
10 Aprel, 2025, 12 Shavvol, 1446

Kopiya Ramazon oxirlab bormoqda...

25.05.2019   1451   4 min.
Kopiya Ramazon oxirlab bormoqda...

Ramazon oxirlab bormoqda. Biz rejalashtirgan qaysi ezgu amallarimizga ulgurdigu qaysilarini keyingi yilga olib qo‘ymoqchimiz. Biroq hali vaqtimiz bor, oylar sultonining har daqiqasi bebaho va mazmunli, ulguramiz ko‘p ezguliklarga inshoolloh.

Qur’oni karimning Niso surasi, 80-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo‘riqlovchi qilib yuborganimiz yo‘q”. Chindan ham, Nabiy (a.s.)ning hayot yo‘llari biz o‘rganishimiz, namuna olishimiz uchun eng munosib hidoyat manbaidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ramazon oyi davomida har doimgidan ko‘proq ibodat va ezguliklar qilishga shoshilar edilar. Biz ham ularning bu qutlug‘ yo‘llaridan yurishga muyassar bo‘lishni dilimizga tugganmiz. Zero, bu bizning oliy maqsadimiz bo‘lishi kerak.

Qur’oni karimni ko‘proq tilovat qilishning ayni pallasi – Ramazon oyidir. U Qur’on oyi, ma’rifat oyi deb bejiz ta’kidlanmagan. Bu muborak shahr – Qur’on nozil bo‘lgan oydir. Hadislarda keltirilishicha: “Jabroil (a.s.) Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga Ramazonda har tunda kelar, bu hol Ramazon tugaguncha davom etar edi. Rasululloh Jabroil (a.s.)dan Qur’onni o‘tkazib olar edilar”. Ushbu hadisdan ma’lumki, Ramazon oyida qancha ko‘p Qur’on o‘qilsa shuncha yaxshi, uning yaxshiligi va barakasi ham ortib boraverar ekan. Qolaversa, oyatlarning mazmunini tushunishga harakat qilish, suralar mohiyatini tafakkur qilish alohida ahamiyatga egadir. Bugungi kunda tobora chiroy ochib borayotgan masjidlarda ado etilayotgan xatmi Qur’onlar ana shu go‘zal an’ananing davomidir.

Ramazonda har qachongidan ham saxovatli bo‘lmoq joiz. Binobarin, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham saxiylik bobida peshqadam edilar. Ayniqsa qutlug‘ oyning sharofati bilan ularning karamlari yanada ortgandan ortib boraverar edi. Hadislarda ta’kidlanishicha, “Rasululloh (s.a.v.) insonlarning eng saxiysi edilar. ayniqsa Ramazonda Jabroil (a.s.) bilan uchrashganlarida saxiyliklari yanada ortar edi”. Demak, hali vaqtimiz bor. Atrofimizga bir nazar tashlaylik, qiynalgan qarindoshlarimiz yoki nochor qo‘ni-qo‘shniyu beva-bechoralarning holidan bir bor xabar olib, keksalarni yo‘qlashni unutmaylik. 

Bu oyda duolarimizni yanada ko‘paytirishimiz fazilatli. Ayniqsa, iftor paytida qilingan duoning xosiyati bemisl. Rasululloh (s.a.v.) og‘iz ochganlarida shunday der edilar: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi va ajr savob sobit bo‘ldi”. Iftor payti duolar qabul bo‘ladigan vaqtlar qatoridadir. Bu esa naqadar buyuk imkoniyat. Ramazonning qadrli lahzalarida, iftorlik pallasida chin dildan, yurak-yurakdan Yaratganga iltijo qilishning fazli tengsiz. Bu g‘animat onlardan foydalanib qolaylik.

Ramazon mehr-oqibat, muruvvat faslidir. Ayniqsa, kishi o‘z oila a’zolari bilan yanada xushmuomala bo‘lishi, ezguligu saxovatlarini avvalo oilasi uchun ado etmog‘i muhim hisoblanadi. Hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz oilasiga yaxshilaridir”, deya marhamat qilinadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham Ramazon oyida ahli oilasiga go‘zal muomala qilganlar, ayollariga ibodat va boshqa masalalarda ta’lim berganlar.

Ramazon oxirlab borayotgan kunlarda har bir musulmon fitr sadaqasi haqida unutmasligi lozim. Binobarin, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) fitr sadaqasini ro‘zadorning so‘kish va lag‘v ishlarini poklash hamda miskinlar uchun taom ma’nosida farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, maqbul zakot, kim namozdan so‘ng ado qilsa, sadaqaning bir turi hisoblanadi”. Demak, ushbu muborak kunlarda faqirlarning xonadoniga xursandchilik ulashish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bir tomondan zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa bo‘lsa, ikkinchidan, oilalarga shodlik va baraka olib keluvchi sharafli va savobli amallardan ekan.

Biz Ramazonning g‘animat imkoniyatlarining dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq, uning yaxshiliklarini sanab oxirlash mumkin emas. Ramazon oxirlab bormoqda. Uning imkoniyatlarga boy lahzalarini isrof qilmaylik. Qolaversa, Ramazon oyidan ta’lim olganlarimizni yil davomida o‘zimizga odat bilaylik: Hamisha ezguliklarga shoshilaylik, Qur’oni karim tilovati va ma’rifat egallashdan to‘xtamaylik, duolarimizda Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik so‘raylik, muhtoj va kasallar holidan hamisha xabardor bo‘laylik. Ana shunda Ramazon shukuhi qalblarimizni  yil davomida tark etmaydi.

Sharifa G‘ANIYEVA,

“Ziyo” studiyasi bosh muharriri

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar

O‘t o‘chiruvchilar o‘tni o‘t bilan o‘chirmaydilar

10.04.2025   741   3 min.
O‘t o‘chiruvchilar o‘tni o‘t bilan o‘chirmaydilar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

“G‘azablanma!” bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mashhur hadislaridandir. Biz, avvalo, nima uchun g‘azablanayotganimizni anglab yetishimiz lozim.

Asabimizni qo‘zg‘aydigan birorta so‘z yoki qandaydir ish tufayli g‘azablanamiz. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har qanday vaziyatda g‘azabni yutishga chaqirganlar. Jumladan bir hadisda: “Kim g‘azablanishga qodir bo‘la turib, g‘azabini ichiga yutsa, Alloh taolo uning qalbini xotirjamlik va iymonga to‘ldirib qo‘yadi”[1], deganlar.

Agarda sizga xush kelmaydigan har narsaga achchiq qilaversangiz, ichingizda g‘azabning cho‘g‘i hech qachon so‘nmaydi. G‘azablanmaslik borasida quyidagilarni tavsiya qilamiz:

Yo‘llar tirband bo‘lib, mashinalar tinmay signal chalayotgan bo‘lsa g‘azablanmang. Sababi, sizning bu achchiqlanishingiz qizil chiroqni yashilga o‘tkazib qo‘ymaydi. Lekin asab tomirlaringiz yemiriladi, yurak urishingiz tezlashadi, bu esa  qon bosimingiz oshishiga sabab bo‘ladi.

Yo‘llardagi tirbandlik sabab kelishilgan joyga o‘z vaqtida yetib borolmasangiz ham g‘azablanmang. Uning o‘rniga shunday deng: “Allohning qadari. O‘zi xohlagani bo‘ldi”. Keyingi safar yo‘lga sal ertaroq chiqing va albatta, vaqtning hisobini oling.

Birorta odam sizni tanqid qilib sizga tanbeh bergani yoki siz bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgani uchun achchig‘ingiz keladi. Shunday paytlarda yaxshi gumonda bo‘ling. “U  aslida nasihat qilmoqchi bo‘ldi. Ammo buni aytish uchun yo‘l topolmadi, uning gapirish odati shunday bo‘lsa kerak”, deb qo‘ya qoling.

Tomas Karleyl[2] aytadi: “Biror-bir munozarada asabiylashsak, o‘sha paytda haqiqatni izlashdan to‘xtaymiz va shaxsiyatga tarafkashlik uchun harakat qilishga o‘tamiz”.

Agar siz tortishuvlar ichida bo‘lsangiz, nima bo‘lishidan qat’i nazar, mo‘ljalingizni haqni izlashga yo‘naltiring. Imom Shofe’iy shunday deganlar: “Men kim bilan tortishgan bo‘lsam, haq mendan ko‘ra qarshimdagi kishining tilida ayon bo‘lishiga orzumand bo‘lganman”.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni Maymun ibn Mehronning joriyasi qaynoq sho‘rva solingan idish keltirdi va qoqilib ketib sho‘rvani Maymunning ustiga to‘kib yubordi. Maymun uni urmoqchi bo‘lib shaylanganida, joriya: “Xojam, Alloh taoloning «...G‘azabini yutadiganlar...» (Oli Imron surasi, 134-oyat) degan so‘ziga amal qiling”, dedi. Maymun unga javoban: “Mayli, shunday qilganim bo‘lsin”, dedi. “Joriya yana Allohning «...Odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlar...» (Oli Imron surasi, 134-oyat) degan so‘ziga ham amal qiling”, dedi. Shunda Maymun unga qarata: “Mayli, seni kechirdim”, dedi. Joriya gapida davom etib: «...Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron surasi, 134-oyat), dedi. Maymun esa “Men senga yaxshilik qildim va sen hoziroq Alloh uchun ozod bo‘lding”, dedi.

 Bir hakim zot aytadi: “Bora-bora hayot darslaridan ko‘p narsalarni o‘rganib olar ekansan: o‘t o‘chiruvchilar o‘tni o‘t bilan o‘chirmasliklarini bir mulohaza qilib ko‘rgin...”.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Abu Dovud rivoyati.
[2]  Tomos Karleyl (1795–1881) – asli shotland bo‘lgan britan yozuvchisi. Falsafa, tarix, tarjima bilan ham shug‘ullangan. (Tarj.)